Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyul, 2025   |   24 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:06
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:56
Xufton
21:27
Bismillah
19 Iyul, 2025, 24 Muharram, 1447

Qur'onni yoqish “so'z erkinligi” emas!

29.04.2024   584   5 min.
Qur'onni yoqish “so'z erkinligi” emas!

Bugun islomga yot toifalarning va din dushmanlarining xunrezliklari sabab “islomofobiya” iborasi keng yoyilmoqda. Garchi bu atamani ilk bor HH asr boshlarida sharqshunos olim Et'en Dine “Sharq G'arbning nigohida” nomli asarida qo'llagan bo'lsa-da, Islomdan cho'chitish harakati tarixi uzoq o'tmishga borib taqaladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg'ambarlik kelgan ilk yillarda ham mushriklar Islom dinini yomonotliq qilish, ya'ni islomofobiya urug'larini sochish uchun turli qing'irliklar sodir etishgan. Jumladan, Qur'oni karim va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sha'nlariga nomunosib gaplarni aytishgan. Vaholanki, din dushmanlari islomni qanchalik yomon ko'rsatishga urinishmasin, Alloh o'z dini va musulmonlarni aziz qilib qo'yaverishi Qur'oni karimda bunday talqin etiladi: “Ular Allohning nurini (islomni) og'izlari (behuda gaplari) bilan o'chirmoqchi bo'lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa-da, O'znurini (dinini) kamolga etkazuvchidir. U o'z payg'ambarini hidoyat va haq din bilan – garchi mushriklar yoqtirmasa-da, barcha dinlar uzra g'olib qilish uchun yuborgan zotdir”, deb ta'kidlagan (Saf surasi, 8-9-oyatlar).

Alloma bobolarimizdan So'fi Allohyorning ham shu ma'nodagi mashhur baytlari bor:

“Chirog'iniki, Haq yondirdi qo'ydi,

Ani kim, “puf” dedi, soqoli kuydi!”.

G'arazli maqsadlarni ko'zlagan guruhlar bu haqiqatni tan olmay, islom dinini obro'sizlantirish, tinch ag'oli orasida fitna qo'zg'atish harakatlarini davom ettirmoqdalar. Lekin ular maqsadlariga etolmasliklari, Alloh taolo bunga yo'l qo'ymasligi, yuqoridagi baytda she'riy tarzda ifodalangan.

Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, odamlarni islom dinidan qo'rqitish bilan shug'ullanuvchilar – Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan yovuz kimsalardir. Modomiki, ular har qanday qabih ishdan qaytmaydi. Musulmonlarni yomonotliq qilish, bo'hton yog'dirish, ko'plab xunrezliklar sodir etishdan ham tap tortmaydi. Buzg'unchilik va qing'irliklarni qandaydir ko'rinmas kuchlar qo'lida qo'g'irchoq bo'layotgan turli to'dalar zimmasiga qo'yib, muborak islom dini bilan bog'lashga harakat qilinadi. Bu kabi xiylalarni kimlar qilishi Qur'oni karimda ochiq bayon etgan: Yolg'on so'zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to'qiydilar. Aynan o'shalarning o'zlari yolg'onchilardir, deyiladi (Nahl surasi, 105).

Islom dini va terror bir-biriga butunlay qarama-qarshidir. Islom bir insonni o'ldirish u yoqda tursin, unga ozgina ozor berishdan ham qaytaradi. Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: Haqiqiy musulmon uning qo'lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor etmaydigan kishidir, deb ta'kidlaganlar.

Yovuz kuchlar o'z maqsadi yo'lida har qanday yomonlikni qilishga tayyordir. Masalan, Yevropa davlatlarida yashayotgan musulmonlarni kamsitish va ularga nisbatan ommada nafrat uyg'otish uchun ayrim qora niyatli kuchlar din nomidan qo'poruvchiliklar uyushtiradilar, Qur'oni karimni yoqib yuboradilar. Bu esa jamiyat tinchligi va barqarorligini ko'rolmayotgan ayrim kuchlar xohlagan jinoyatlardir. Chunki omma oldida islom va musulmonlarni yomonotliq qilib, jamiyatlarda tartibsizlik keltirib chiqaradilar. Bunga misol tariqasida shu kunlarda Turkiyaning Shvetsiya poytaxti Stokgol'mdagi elchixonasi oldida Qur'oni karimni yoqib yuborilganini keltirish mumkin. Musulmonlarga nisbatan bunday hurmatsizlikni ko'pincha “so'z erkinligi” deb atashadi.

Muqaddas dinimizning ma'rifatparvar g'oyalari va hayotbaxsh o'gitlari Qur'onda mujassam bo'lib, musulmonlarning qalblari va hayotilaridagi eng muqaddas kitobdir. Bu mezonni musulmonlardan tashqari butun dunyodagi ongli, dunyoqarashi keng har qanday inson tan oladi va shu orqali barcha insonlarga hurmat bilan munosabatda bo'ladilar.

Habibulloh SAIDOV

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   7980   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi

Dunyo yangiliklari