Horijiylik – islomda dastlab paydo bo'lgan yo'nalish xorijiylikdir. Horijiylar – ajralib chiqqanlar ya'ni “isyonchilar” degan ma'noni anglatadi. Halifa Ali ibn Abu Tolib va Muoviya tarafdorlari bilan halifalikda xukmronlik uchun kurash ketayotgan bir davrda vujudga keldi. Ular halifa diniy jamoa tomonidan saylanadi va unga bo'ysunadi. Har qanday taqvodor musulmon (hatto qul yoki xabash bo'lsa ham) halifa qilib saylanishi mumkin; agar halifa jamoa manfaatlarini ximoya qilmasa vazifasidan bo'shatiladi va hatto, qatl qilinadi; e'tiqod amaliy faoliyat bilan mustahkamlanishi lozim, deb hisoblaganlar. E'tiqodsiz va gunohkor kishilarni jazolashda Murji'ilar jazo muddatini kechiktirishni istovchilar tarafdorlariga qarshi turganlar. VIII-asr ikkinchi yarmiga kelib, yo'nalish o'z rahbarlari nomi bilan ataluvchi azraqiy ibodiy, sufriy kabi guruhlarga bo'linib ketdi. Olimlarning fikricha ichidan bo'linish hamda ummaviy va Abbossiy halifalarning VII-XI - asrlarda xorijiylarga qarshi keskin kurash olib borishi natijasida ularning katta qismi qirib tashlandi, qolganlari Shimoliy Afrikada o'z davlatini vujudga keltirdi. Hozirgi xorijiylarning ibodiy sektasi mag'rib mamlakatlarida (Jazoir, tunis va boshqalar), Ummon va tanzaniyada uchraydi.
Muhaddis ulamolarimiz o'z kitoblarida “Havorijlar dindan otilib chiquvchilar haqida” degan sarloha ostida yuqorida zikri kelgan hadisdan boshqa bir qancha rivoyatlarni keltiradilar. Bu hadislarni Muhammad (s.a.v) ummatlari ichidan kelajakda chiqadigan ba'zi bir noqulay shahs va jamoalar haqida so'z yuritadilar va ogohlantirish uchun ularning sifatlarini ham eslatadilar. Bu o'zining bilgan mo''min-musulmonlar ehtiyot bo'lishlari uchun chaqiriqlar va o'sha sifatlardan o'zini olib qolishga da'vat hamdir.
Shu erda rivoyatlarda ba'zi sifatlar takrorlanishi mumkinligini, bu esa, uslubdagi xato emas, balki hadislarni turli vaziyat, zamon va mokonda aytilganidan ekanini eslatib qo'ymoqchimiz. Biz ularni jamlab o'rganyotganimiz tufayli avval eslanmagan bir sifat zikr qilingani uchun boshqa sifatlar takror kelsa ham, rivoyatni butunligicha keltirishga majburmiz.
Ikkinchidan, dalil hujjat surishtirish chog'ida ularning kuchlik ekanini isbotlash uchun bir hadisni roviylari yoki uni keltirayotgan muhaddis boshqa bo'lsa ham takror keltiriladi. Misol uchun, imom Buhoriy yolg'o'z o'zlari rivoyat qilgan hadisdan ko'ra, u kishi bilan birga, yana bir muhaddis ham rivoyat qilgan hadis kuchli bo'ladi va hokazo.
Rasululloh (s.a.v) rivoyat qilgan hadislaridan birida: “Oxirzamonda bir qavm chiqadi. Ularning yoshlari kichik, aqllari past, qur'onni qiroat qilurlar. U alarning bo'g'zidan nariga o'tmas. Ular odamlarning eng yaxshi so'zlarini so'zlaydilar. Dindan huddi kamondan o'q chiqqandek chiqarlar. ”, dedilar.
Bataxqiq, Nabiy (s.a.v)dan bu hadisdan boshqada rivoyat qilinishicha: “Qur'onni qiroat qiladigan va u alarning bo'g'zidan nariga o'tmaydigan, dindan huddi kamondan o'q chiqqanidek chiqadigan qavm vasfi xaruriy xavorijlar va ulardan boshqa xavorijlar”, ekani aytilgan.
Ushbu rivoyatdan xavorijlar faqat Hazrati Ali (k.v)ning vaqtlarida Haruro qishlog'ida yig'ilgan kishilirdan kishilardan iborat emasligi balki, ulardan boshqalari ham chiqib turishi anglanadi. Ayni shu e'tibordan xozirgi ba'zi bir toifalarda yuqorida zikr qilingan sifatlardan borligini e'tiborga olib, ulamolarimiz ularni “Zamonamiz xavorijlari”, deb aytadilar.
Muhaddis ulamolarimiz yuqorida keltirilgan rivoyatlarni fitnalar bobida keltiradilar. Qadimdan musulmonlar ushbu rivoyatlarda vasfi kelgan shahslarga o'xshab qolmaslik haqida chin dildan qayg'urganlar. Mabodo mazkur sifatlardan birortasi o'zida borligini bilib qolsalar uni darhol o'zgartirishga harakat qilganlar.
Kezikelganda eslab o'tilgan rivoyatlarda zikr qilingan salbiy sifatlardan ba'zilarining ro'yhatiga ko'z tashlab chiqaylik.
Ularning dini diyonat va unga fidokorlik haqidagi gaplarini boshqalar gapira olmaydilar. Ammo fitnachilarda gap bor-u, amal yo'q. Ular gaplariga amal qilmasliklari bilan ajralib turadilar.
Ular Qur'onni yaxshi bilmaydilar, o'zlarini ko'rsatish uchun Qur'oni karimga amal qilish haqida da'vat qilganlari qilgan. Ammo o'zlari unga amal qilishni o'ylamaydilar.
“Hukm faqat Allohgadir!” dedilar.
Shunda Ali (r.a):
“Haq kalima ila botil iroda qiroda qilindi. Ular xaqni Tillari bilan ayturlar ammo xalqumlaridan nariga o'tmas”, dedilar.
Shu bilan ko'pchilikning e'tiborini o'zlariga tortadilar.
Ya'ni, keyingi paytda chiqib musulmonlar ommasini tashvishga solib soladigan jamoalarning ko'pchilik a'zolari yoshlardan iborat bo'ladilar.
Ilmlari va tajribalari oz bo'lgani uchun oqillik darajasiga etmagan bo'ladilar.
Yuqoridagi sifatlardan dindan otilib chiquvchi shaxsning siymosini qismon bo'lsa ham tasavvur qilish imkoniga ega bo'lamiz. Agar e'tibor ila nazar soladigan bo'lmak, darxaqiqat, keyingi paytda chiqayotgan xizb, jamoa, tashkilot va boshqa to'plarda yuqorida zikr qilingan sifatlardan u yoki, bunisi topilib turganini ko'ramiz.
Ajdodlarimiz mazkur salbiy sifatlarni yaxshi bilib olib, ulardan yiroq bo'lish uchun imkonlari etgan barcha omillarni ishga solganlar va o'sha sifatlarga yoki ularning ba'zilariga sohib bo'lgan kishilardan o'zoqda bo'lishga harakat etganlar.
Muhammadali KATTABAYeV
Bilim yurti ARM mudiri
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.