frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

O'zbekiston – italiyalik sayyohlarda qiziqish uyg'otmoqda

26.04.2024   3072   1 min.
O'zbekiston – italiyalik sayyohlarda qiziqish uyg'otmoqda

Rimda mamlakatimiz elchixonasi, Tashqi ishlar vazirligining diplomatik xizmat byurosi va “Samo travel” sayyohlik kompaniyasi hamkorligida O'zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi. 

Tadbirda Italiyaning 30 dan ortiq etakchi sayyohlik agentliklari vakillari qatnashdi.

Uchrashuvda ishtirokchilarga O'zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berildi. Hususan, Italiyadan O'zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni ortib borayotgani ta'kidlandi.

Italiya pandemiyadan oldin O'zbekistonga kelgan sayyohlar soni bo'yicha Yevropada birinchi o'rinda edi. 2019 yilda ushbu mamlakatdan 20 450 kishi kelgan. 2022 yili Italiyadan O'zbekistonga 9516 nafar sayyoh kelgan bo'lsa, 2023 yilda bu ko'rsatkich 25 ming 592 nafarni tashkil qilgani qayd etildi.

Mamlakatimizning turizm imkoniyatlariga bag'ishlangan videofil'mlar taqdimoti va namoyishi bo'lib o'tdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga risolalar, flayerlar va O'zbekistonning turistik xaritalari taqdim etildi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Buni shukr deb bo‘ladimi?

27.06.2025   2108   3 min.
Buni shukr deb bo‘ladimi?

Behisob pul va boyliklarni chekish-ichish, kayfu safo uchun sarf qilish – Allohga shukr qilishmi?!

Yoshlik davrini zino va harom ishlar bilan o‘tkazish – Allohga shukr qilishmi?!

Telefon orqali o‘zgalarga zarar yetkazish, har xil bo‘lmag‘ur ishlarda foydalanish – Allohga shukr bo‘ladimi?!

Yeguliklarni chiqindi qutisiga tashlash, uvolni bilmaslik – Allohga shukr qilishmi?!

Zakotni o‘z vaqtida ado etmaslik, sadaqadan tiyilish – Allohga shukr qilish deganimi?!

Internetda foydasiz narsalar uchun vaqt ajratish, vaqtni bekorga zoye qilish – Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishmi?!

Axir Alloh taolo bizlarga shukr qilishni va U Zotning fazlini e’tirof qilishga buyurgan-ku: «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»[1].

Qolaversa, Alloh taolo shukr qiluvchilarni azoblamasligi xabarini ham bergan: «Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Alloh  shukrni qabul etguvchi va bilguvchi Zotdir»[2].

Shukr – Alloh taolo ato etgan ne’matlarning davomli bo‘lishining garovidir: «Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”»[3]. «...Agar shukr qilsangiz (va iymon keltirsangiz) U Zot sizlar uchun  rozi bo‘lur...»[4].

Bu dunyoda borligimizga shukr qilish – ota-onalarimizga yaxshilik qilishimizdadir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning roziligi – ota-onaning rizosidadir” [5], deganlar.

Qarindoshchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ular bilan bordi-keldi qilish, uzilgan rishtalarni tiklash ham Alloh bizga qarindosh, yaqinlar bergani ne’matining shukridir. Nabiy alayhissalom bu borada: Rizqida kengchilik bo‘lishi, ajali ortga surilishi kimni xursand qilsa, qarindoshchilik aloqalarini bog‘lasin”, deganlar[6].

Sadaqa berish – Alloh bizni mol-dunyo bilan siylagani uchun shukr qilish demakdir. Sadaqa Alloh taoloning g‘azabini o‘chiradi. Nabiy alayhissalom: “Maxfiy qilingan sadaqa Yaratganning g‘azabini o‘chiradi. Qarindoshchilik aloqalarini bog‘lash  umrni uzaytiradi. Yaxshilik qilish yomon o‘lim topishdan asraydi”, [7] deganlar.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Baqara surasi, 152-oyat.
[2]  Niso surasi, 147-oyat.
[3]  Ibrohim surasi, 7-oyat.
[4]  Zumar surasi, 7-oyat.
[5]  Ibn Hibbon rivoyati.
[6]  Imom Buxoriy rivoyati.
[7]  Imom Tabaroniy rivoyati.