Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

Ustozsiz ilm o'rganib, olim bo'lganlar bormi?

26.04.2024   435   10 min.
Ustozsiz ilm o'rganib, olim bo'lganlar bormi?

“Sunani Termiziy”ning ikkinchi bobida tahoratning fazli haqida kelgan hadislar o'rganiladi. Buning zamirida esa ilm yotipti. Shuning uchun ham mazkur maqola orqali ilm olinadigan manbalar haqida to'xtalib o'tishni maqsad qildik. Boisi ayni davr ilm taraqqiy etgan, ta'lim olish vositalari rivojlangan, kitoblar «dehqonchilik» darajasiga etib borgan asr ekaniga barchamiz birdek guvoh bo'lib turibmiz. Shularni inobatga olib, siz o'quvchiga bir savol bilan yuzlansam: «Ilm olish asli shumi yoki yo'q?» Bu savolga javob o'laroq kamina ustozlarimdan eshitgan hamda kitoblarda o'qigan eng go'zal holatlardan birini e'tiboringizga taqdim qila qolay.

Andalus hofizi G'ornatalik [1] Abu Ishoq Shotibiy rohimahullohning «الموافقات»  nomli kitobi bor. Bu kitob orqali musannif shariatning asl maqsadlari va shar'iy hukmlarning hikmatlarini batafsil bayon qilgan. Shu kitobdan kamina xodimingiz ko'zi tushgan o'rinlarni so'zma-so'z emas, xotiramdan ma'nosini siz bilan bo'lishish niyatidaman. Imom Shotibiy ustozsiz ilm olishni voqelikda bo'lmagan safsata, deya baholaydi. E'tibor bilan qarab, aql mezoni orqali tortilsa, hozirgi kunda turli vositalarning biriga tayanib mustaqil holda ilm olish mumkinday ko'rinadi, go'yo. Lekin: «mustaqil holda ilm o'rganib ilmda ishonchli olim bo'lib etishganlar voqelikda bo'lganmi?», degan savol o'rtaga tashlansa, imom Shotibiy na salafi solihlar va na keyingi avlod vakillari orasida bunday kishi bo'lmaganiga tarix guvohlik berishini aytmoqda. Ayniqsa, shar'iy ilmlar bobida bunday holatni tasavvurga ham sig'dirib bo'lmaydi. Yashab o'tgan va hamzamon olimlarning hayot tarzi, ilmiy yo'lini o'rganib chiqsangiz ham barchalari muallim vositasida olim bo'lib etishganini ko'rishingiz aniq.

Imom Shotibiy salafi solihlarning davrlariga e'tibor qaratarkan, u paytlari ilm ustozlarning qalblarida bo'lgani va kitoblarga ko'chirilmaganini  ta'kidlaydi. Bir hadis eshitish uchun Hijozga safar qilishingiz kerak, undan keyin yana boshqa ustozdan ilm olish ilinjida Iroqqa safar qilasiz. Ilm shayxlarning qalblarida bo'lgan, hozirgiday OAV, ijtimoiy tarmoqlarda ko'rsatilib, ma'lumotlar tarqamagan. Biror ma'lumot kerak bo'lsa, «google»ga yozib, bir zumda topib bo'lmasdi ham. U davrlardagi ilmiy holatlarning bari Allohning ulkan fazli bo'lgan. Shayxlar ham, talabalar ham ilm safarlari davomida, ustoz-shogirdlik munosabatlari orqali odobning yuksak namunasini ko'rsatib bera olganlar. Bu boradagi eng oliy martaba sohiblari Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va U zotning sahobalari edi, tushundingizmi?! Bu go'zal holat ko'z oldingizda gavdalanishi uchun Jibril hadisi deya tanilgan hadisni yodingizga olishingiz kifoya. Unda inson suratida kelgan Jabroil alayhissalom talaba o'laroq shayxi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning oldilarida qanday odob bilan o'tirganlari go'zal namunadir.

Vaqt o'tib ilmiy taraqqiyot yuqoriladi, buning natijasida, hadis ilmini oladigan bo'lsak, kitoblar yozila boshladi. Imom Ibn Shihob Zuhriyning o'sha ilm ahliga ma'lum bo'lgan kitobi, Sufyonning ta'lifi, Hammod rohimahulloh tarafidan yozilgan kitob, imom Ahmad, Ishoq ibn Rohuvyah kabi muhaddislarning kitoblari va undan keyin usuli sitta bo'ladimi bari birin-ketin yozildi, kitoblar soni oshdi. Ommaviy tarzda islom diyorlarining barcha burchaklarida fanlarga oid kitoblar bitila boshladi va bu jarayon borgan sari jadallashdi. Buning hosilasi o'laroq ba'zilarda ilmni kitobdan olish kuzatilgan bo'lsa bordir. Lekin nima bo'lganda ham bu to'g'ri emas.

Muhtaram o'quvchi, kishi tolibi ilm sifatida bir qoidani doimo yodida saqlashi lozim: “Kitoblarning sir-sinoatini ochadigan, mag'zini chaqib beradigan kishilar muallimlardir”.

Hulosa qilib aytish mumkinki, kitoblarning soni, salmog'i qanchalar ortmasin salafi solihlar hech qachon ilmni to'g'ridan-to'g'ri kitoblardan olishmagan. Ilm hosil qilish bobida muallimlariga tayanishgan. Bu o'rinda ham sizning xayolingizga haqli bir savol kelishi mumkin. U ham bo'lsa: «Ilm tahsili ustozlar vositasida amalga oshishi kerak ekan, unda muallimlarga qanday shartlar qo'yiladi?». Bunga javob berib imom Shotibiy rohimahulloh: «muallimga qo'yiladigan asosiy shart – ilmiga amal qilish hisoblanadi», degan. Bundan chiqdi, muallim beamal bo'lsa, undan ilm olish yaramaydi. Imom Navaviy «Riyozus solihiyn» va Hujjatul islom, imom G'azzoliy rohimahulloh o'zining «Ihyo» kitobining muqaddimasida g'iybat joiz bo'lgan o'rinlarni sanab shunday deydi: «Insonni adashish yo'ldan, xatodan ogohlantirish maqsadida bo'lsa, g'iybat shar'an muboh bo'ladi». Bu o'rinda ushbu iborani keltirganimizning hikmati shundaki,  misol uchun bir talaba muallimda ilm olib boshlagan, uning oldiga boryapti. Siz esa uchinchi tomonsiz. Uning ustozi fosiqligi, beamal yoki bid'atchi elkanligini bilasiz, shu o'rinda talabani bu kishidan ogohlantirib qo'ysangiz bo'ladi.  Tashqaridan qaraganda siz g'iybat qilyapsiz, lekin bu holatda tutgan yo'lingiz shariat targ'ib qilgan amal. Demak, muallimning ilmiga amal qilishi shu darajada muhim.

Muallimda topilish kerak bo'lgan ikkinchi shart – ustoz va shayxlarining yo'lini lozim tutgan hamda ularning odoblarini o'zlashtirgan bo'lsin. Bu shartning topilishida biz uchun peshqadam kishilar Sahoba roziyallohu anhumlardir. Ular ustozlari, ummatning muallimi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning etaklaridan shu qadar tutishdiki, gap, yurish-turish, har bir harakatida u zotga ergashish harakatida bo'ldilar. Buning hosili o'laroq barchalari ummatning imomi bo'ldilar. Yo'lchi yulduzga aylandilar. Hadis ilmi e'tiboridan qaralsa, barchalari adolatli zotlar hisoblanishadi. Sahobalar haqida og'iz juftlashga hech kimning haqqi yo'q. Bu zotlar ushbu martabaga ustozlarining etagidan tutish, yo'lidan borish orqali etdilar. Hatto, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam og'izlaridan chiqqan savol, ma'lumot ularga tanish bo'lsa ham jim turadigan bo'lishgan. Bir so'z bilan aytganda, Alloh va Rosuliga taslim bo'ldilar. Ulardan tobe'inlar ta'lim olishdi. Undan keyin taba' tobeinlar. Shuning uchun bu uch davr o'zgacha, muborak. Abu Bakrning shaxsiyatini qarang, Umar roziyallohu anhu! Har birlari Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning nuri! U zotning gulxanidan mash'ala tutashtirgan zotlar sahobalarning bari. Salafi solihlarning misoli bunga o'rnak.

Muhtaram o'quvchi?! Hulosani ayting, kitoblardan ilm olish mutlaqo mumkin emasmi? degan savol ichingizni yondirib turgandir. Bir so'z bilan aytganda ilmni kitoblardan olsa bo'ladi. Imom Shotibiy buning ham ikkita sharti bor ekanini aytadi:

Birinchisi, kitoblardan mustaqil holda ilm oladigan darajaga etgunga qadar ilmni shayxlardan o'zlashtirish. Demak, ish baribir ustozga borib taqaladi. Ilmda bir darajaga etganingizdan keyin mustaqil holda kitoblarga murojaat qilishingiz va keyingi faoliyatingiz shu tariqa davom etishi, tabiiy jarayon. Chunki hamma kitoblarni ustozdan o'tkazib olishga imkoningiz etmaydi. Boshqa tarafdan vaqt ham cheklangan.  Buning misoli o'laroq salafi solihlarning hayoti biz uchun namuna. Kamolga etish uchun kitoblarni o'zingiz o'qishingiz kerak, lekin undan oldin ustoz tutishingiz va ma'lum darajagacha u kishining qo'lida ilm hosil qilishingiz talab etilar ekan. Aks holda suhufiy bo'lib qolasiz. O'zbilarmonlikning esa juda katta xatarlari bor. Demak, birinchi shart bo'yicha xulosa, avvalgi qadamlarni ustozning huzurida bosasiz va oyoqqa turib olguncha ustozning etagidan tutasiz. Keyin puxta bo'lib etishgach, ustozning ruxsati bilan kitoblarni mustaqil o'qiy boshlaysiz va muammoli, sizga notanish masalalar bo'yicha shayxingizga murojaat qilib turasiz.

Ikkinchi shart, ilm olishda mutaqaddimlarning kitoblariga tayanish. Chunki ularning xatolari kam, ilmda puxtaligi ancha yuqori. Bir ilmda poydevor hosil qilgach, mutaaxxirlar – keyingilarning kitoblariga ham murojaat qilish mumkin, taysir, muxtasar va sharh ma'nosida.

Muhtaram o'quvchi, yuqoridagi ma'lumotlar imom Shotibiyning yozganlaridan ko'chirma ma'no edi. Hulosa qilish har bir o'quvchining o'z ixtiyorida qolgani yaxshi. Har bir kishi o'z ufqidan kelib chiqib xulosa yasaydi va qaror qabul qiladi. Alloh ulug'larning yo'llariga muvofiq tarzda ishonchli ustozlardan ilm olib, boamal talaba bo'lish baxtini nasib etsin.

Halilulloh Yusuf,

TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi o'qituvchisi.

 

 

 

 

 

[1] Granada (arab. G'arnota) — Ispaniyaning janubidagi shahar bo'lib Andalus muxtor viloyatiga qarashli. Henil daryosi sohilida joylashgan, Granada provintsiyasining ma'muriy markazi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

05.06.2025   6641   4 min.
Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

Ramazon hayiti va Qurbon hayiti  Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
 

Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon  va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.


Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.


Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik  qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.


Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.


Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.


Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.


Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).


Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.


Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.


Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.


Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!


Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin! 

Ubaydulloh Abdullayev, 
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari