Makkaning boshqaruv tuzilmasida ijtimoiy vazifalar Qurayshning turli oilalari o'rtasida teng taqsimlangan edi. 15 ta muhim vazifa mavjud bo'lib, ularning eng sharaflilari, Sidona – Ka'bada xizmat qilish, Siqoya – ziyoratchilarga suv berish va Rifoda – ularni oziq-ovqat bilan ta'minlash.
Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mansub Hoshim urug'i Makkaga kelgan hojilarni ovqat va suv bilan ta'minlagan bo'lsa, Usmon ibn Talhaning urug'i Abduddor qavmi Ka'baning qo'riqchisi bo'lgan. Bu sharafli maqom avloddan-avlodga o'tib, vazifasi Ka'bada xizmat qilish bo'lgan amal Usmon ibn Talhagacha etib bordi.
Ammo Usmon ham o'zining ko'pchilik qabiladoshlari singari Islomga dushman muhitda yashadi. Makkada o'sha yillardagi holat shunday edi.
Bir kuni Usmon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ka'ba eshigi oldida ko'rib, U zotga qo'pol munosabatda bo'ldi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam javob bermadilar, faqat: “Ey Usmon! Balki sen Ka'baning bu kalitlarni qachondir mening qo'limda ko'rarsan va men shunda ularni xohlagancha tasarruf qilaman”, dedilar.
Usmon: “Ehtimol, yaqin orada Quraysh halok bo'lib, xor bo'lar”, deb javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Aksincha, ular yuksak maqomga erishadilar”, dedilar.
O'sha vaqtda Usmonni bir-biriga qarama-qarshi tuyg'ular chulg'ab oldi. Bir tomondan, Makka mushriklarining qudratini ko'rib bunga ishonish qiyin bo'lsa, ikkinchi tomondan, Muhammadul Amin sollallohu alayhi vasallam doim rost so'zlagan. Keyinchalik Usmon: “uning so'zlari menga ta'sir qildi va men shunday bo'ladi, Ka'ba kalitlari uning qo'liga o'tadi, deb o'ylay boshladim”, degan edi.
Usmon musulmonlarga qarshi urushlarda qatnashdi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bashorati amalga oshishini ko'rishi uchun ham urushda halok bo'lish unga nasib qilmadi.
Ammo Usmon Islom haqida o'ylay boshlagan edi. Fikrini egallab olgan o'ylar haqida u shunday eslaydi: “Hijriy ettinchi yil Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umrani ado etish uchun Makkaga kelganlarida e'tiqodlarim o'zgara boshladi. Islom qalbimga kirib bordi. Eshitmaydigan, ko'rmaydigan, foyda keltirmaydigan va zararni daf etmaydigan toshga sig'inishimiz, iymonimiz haqida o'ylay boshladim. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga, sahobalariga qaradim va ularning dunyodan ajralganligini ko'rdim. Bu menga ta'sir qildi. Men o'zimga o'zim, bu odamlar oxirat savobiga intilishyapti, dedim”.
Usmon islom dinini qabul qilish arafasida edi. Va Madinaga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaharlariga borib, iymon sari qadam tashladi. Safarda yana ikki taniqli qurayshlik — Holid ibn Valid va Amr ibn Os hamroh bo'ldi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurida Usmon musulmon bo'ldi va uning hayotida yangi sahifa boshlandi. Faqat bitta savolni javobi topilmay turardi, Ka'baga yangi eshikbon, qo'riqchi qo'yiladimi yoki Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu oliy lavozimni Usmonning o'zida qoldiradimi!?
Makkani qo'lga kiritgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Ey Usmon! Menga kalitlarni olib kel”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kalitlarni olib, kiyimlariga o'rab, ularni abadiy o'zingda olib qol, deya Usmonga qaytardilar. So'ng, ey, Abu Talha o'g'illari, ularni sizdan faqat zolimgina tortib olishi mumkin. Alloh taolo O'z uyini sizlarga topshirdi, dedilar.
Usmon roziyallohu anhu so'zini davom ettirib, shunday dedi: “U zotning huzurlaridan ketdim, keyin meni yonlariga chaqirib: “Aytganim ro'y bermadimi?” dedilar. U zotning Makkada menga aytgan so'zlari esimga tushdi va: “Ha, siz Allohning Rasuli ekanligingizga guvohlik beraman”, deb bashorat amalga oshganini tasdiqladim.
14 asr oldin bo'lgani kabi bugungi kunda ham Abduddor oilasi Ka'baning qo'riqchisi, eshikboni hisoblanadi. Hozir Usmon ibn Talha roziyallohu anhuning avlodlari ham ota-bobolari qilgan ishni qilmoqdalar. Buni omonatning uzluksizligi, mas'uliyati va mustahkam saqlanishi deb atash mumkin.
Po'latxon KATTAYeV,
TII “Hadis va Islom tarixi fanlari” kafedrasi katta o'qituvchisi.
Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.
Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.
Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.
Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.
Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.
Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.
Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:
Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.
Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:
O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.
Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:
Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.
Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,
Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.
Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari