Sohibqiron bobomizning “Temur tuzuklar”ida bunday deyiladi: “... Duogo'y kishilarni qadrlardim. Ular bilan xilvatda suhbat qurib, ko'nglimdagi maqsadimni aytib, duo tilardim. Majlislarda, bazmlarda, jang maydonlarida ulardan ko'p barakotlar topdim.
To'xtamishxon bilan bo'lgan jangda g'anim lashkari ko'pligidan va mening lashkarim esa ozligidan ko'p aziyat tortgan edim. Shu payt sohibi duo bo'lmish Mir Ziyovuddin Sabzavoriy boshidan sallasini oldi, qo'llarini duoga ochib (men uchun) Tangridan zafar tiladi. Hali duosini tugatmay turib, duo ta'siri ko'rinib, (lashkarim yog'iyni qochirdilar)”.
Kitobda yana bir o'rinda bunday deyiladi: “Saroyim haramidagilardan biri qattiq og'rib, o'limi yaqinlashdi. Duogo'y sayyidlardan o'n ikki kishi yig'ilishib keldilar. Har birlari duo qildi va u sog'ayib yana o'n ikki yil yashadi”, deb yozganlar.
O'z davrining etuk ilm sohiblaridan biri Mir Sayyid Baraka ham Sohibqironning ruhiy rahnamosi – piri bo'lgan. Ibn Arabshohning “Ajoyibul maqdur...” acaridan olingan iqtibosga ko'ra: “...Temur doimo: saltanatda erishgan jamiki narsam va mustahkam makonlarni fath qilishim – bular hammasi Shayx Shamsuddin al-Foxuriy (Shamsiddin Kulol)ning duosi; shayx Zayniddin al-Havofiy (Zayniddin Abu Bakr Toybodiy)ning himmati va barcha barakotlarim esa faqat Sayyid Baraka yordamida bo'lgan”, degan (K. Kattayev. “Go'ri Amir maqbarasi va qabrtoshlari tarixi”, 88-bet).
Sohibqiron vasiyatiga ko'ra, pirlari Sayyid Barakaning oyoq tomoniga ko'milganida ham hikmat bor. Zero, Amir Temurning: “Aziz avliyolar, sahobalar maqbaralarini, qutlug' qadamjolarni ziyorat etmoqni ham farz, ham qarz deb bilur edim”, deya ta'kidlari yuqoridagi bayonlarning mantiqiy davomidir. Binobarin, bu ezguliklarning barchasidan murod duo ekani ham sir emas.
Shoh va shoir Bobur Mirzo hayotida ham duoning naqadar muhim bo'lganini ko'ramiz. U o'g'li Humoyun og'ir xastalikka chalinganida uning dardini o'ziga olish uchun atrofini aylanib duo qiladi. Duosi ijobat bo'lib, o'g'li sog'ayadi...
Suyundik Mustafo NUROTOIY
"Hidoyat" jurnalining 2024 yil 2-sonidan olindi
Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.
Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi