Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Iyun, 2025   |   4 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:53
Peshin
12:27
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:46
Bismillah
29 Iyun, 2025, 4 Muharram, 1447

Duoning kuchi

26.04.2024   533   3 min.
Duoning kuchi

Sohibqiron bobomizning “Temur tuzuk­lar”ida bun­day deyiladi: “... Duogo'y kishilarni qadrlar­dim. Ular bilan xilvatda suhbat qurib, ko'nglim­dagi maqsadimni aytib, duo tilardim. Majlislarda, bazmlarda, jang maydonla­rida ulardan ko'p barakotlar topdim. 

To'xta­mishxon bilan bo'lgan jangda g'anim lashkari ko'pligidan va mening lashkarim esa ozligidan ko'p aziyat tortgan edim. Shu payt sohibi duo bo'lmish Mir Ziyovuddin Sabzavoriy boshidan sallasini oldi, qo'llarini duoga ochib (men uchun) Tangridan zafar tiladi. Hali duosini tugatmay turib, duo ta'siri ko'rinib, (lashkarim yog'iyni qochirdilar)”.

Kitobda yana bir o'rinda bunday deyiladi: “Saroyim haramidagilardan biri qattiq og'rib, o'limi yaqinlashdi. Duogo'y sayyidlardan o'n ikki kishi yig'ilishib keldilar. Har birlari duo qildi va u sog'ayib yana o'n ikki yil yashadi”, deb yozganlar.

O'z davrining etuk ilm sohiblaridan biri Mir Sayyid Baraka ham Sohibqironning ruhiy rahnamosi – piri bo'lgan. Ibn Arabshohning “Ajoyibul maqdur...” acaridan olingan iqtibosga ko'ra: “...Temur doimo: saltanatda erishgan jamiki narsam va mustahkam makonlarni fath qilishim – bular hammasi Shayx Shamsuddin al-Foxuriy (Shamsiddin Kulol)ning duosi; shayx Zayniddin al-Havofiy (Zayniddin Abu Bakr Toybodiy)ning himmati va barcha barakotlarim esa faqat Sayyid Baraka yordamida bo'lgan”, degan (K. Kattayev. “Go'ri Amir maqbarasi va qabrtoshlari tarixi”, 88-bet).

Sohibqiron vasiyatiga ko'ra, pirlari Sayyid Barakaning oyoq tomoniga ko'milganida ham hikmat bor. Zero, Amir Temurning: “Aziz avliyolar, sahobalar maqbaralarini, qutlug' qadamjolarni ziyorat etmoqni ham farz, ham qarz deb bilur edim”, deya ta'kidlari yuqoridagi bayonlarning mantiqiy davomidir. Binobarin, bu ezguliklarning barchasidan murod duo ekani ham sir emas.

Shoh va shoir Bobur Mirzo hayotida ham duoning naqadar muhim bo'lganini ko'ramiz. U o'g'li Humoyun og'ir xastalikka chalinganida uning dardini o'ziga olish uchun atrofini aylanib duo qiladi. Duosi ijobat bo'lib, o'g'li sog'ayadi... 

Suyundik Mustafo NUROTOIY


"Hidoyat" jurnalining 2024 yil 2-sonidan olindi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Luqmoni Hakimning hikmatli so‘zlaridan

27.06.2025   3924   3 min.
Luqmoni Hakimning hikmatli so‘zlaridan

1. Allohga taqvo qilishni tijorat deb bil, shunda u senga molsiz foyda keltiradi.

2. O‘zingni senga muhtoj bo‘lmagan, lekin sen unga muhtoj bo‘lgan kishining o‘rniga qo‘y.

3. Xarsang toshlarni joyidan ko‘chirish, ongsiz odamga anglatishdan osonroqdir.

4. Jannatni talab qilishda oliy himmatli bo‘l.

5. Allohdan shunday umid qilki, u bilan Uning makridan omonda bo‘lma va Allohdan shunday qo‘rqki, u bilan Uning rahmatidan umidsiz bo‘lma.

6. Men hech qachon sukutdan afsuslanmadim. Agar gap kumush bo‘lsa, sukut — oltin.

7. Hikmat kambag‘allarni podsholarning majlislarida o‘tkazgan.

8. “Yo Robbim, meni mag‘firat qil” — deb ko‘p takrorla, zero Allohning bir soati borki, u vaqtda so‘rovchi rad etilmaydi.

9. Kim yolg‘on gapirsa, yuzining suvini (obro‘yi) ketadi, kimning xulqi yomon bo‘lsa, g‘am-tashvishi ko‘payadi.

10. Allohdan qo‘rq, lekin qalbing fojir bo‘laturib, odamlar seni hurmat qilishlari uchun o‘zingni ularga Allohdan qo‘rqadigan qilib ko‘rsatma.

11. Amal faqat yaqiniy ishonch (e’tiqod) bilangina mukammal bo‘ladi, kimning e’tiqodi zaif bo‘lsa, amali ham zaif bo‘ladi.

12. Yolg‘on gapirishdan ehtiyot bo‘l, zero u pishirilgan chumchuq go‘shti kabi ishtahalidir, lekin ko‘p o‘tmay  egasini ichini yondiradi.

13. Majlisni ko‘zing bilan ko‘rib tanla, agar Alloh zikr qilinadigan majlis bo‘lsa, u yerda o‘tir. Agar olim bo‘lsang, ilming naf beradi, agar johil bo‘lsang, senga o‘rgatishadi, agar Alloh u majlisga rahmatini nozil qilsa, sen ham shu rahmatdan bahramand bo‘lasan.

14. Qarzdorlikdan ehtiyot bo‘l, chunki u kunduzi xorlik va tunda g‘amdir.

15. To‘qlik ustiga ovqat yemagin —  chunki unday taomni yegandan ko‘ra itga tashlagan yaxshiroq.

16. Agar shayton senga shubha va gumon orqali kelsa, uni yaqiniy ishonch va nasihat bilan yeng, agar u tanballik va zerikish tomonidan kelsa, qabr va qiyomatni eslab yeng, agar u xohish va qo‘rquv tomonidan kelsa, unga dunyo tark etiladigan va qoldiriladigan narsadir, deb ayt.

17. Tilingdan chiqqan gaplarga ehtiyot bo‘l, sukut qilgan kishi omonda bo‘ladi, faqat foydasi bor gaplarni gapir.

18. Yuzingni niqoblashdan (ya’ni shubhali qiyofadan) saqlan — chunki, u kechasi odamlarni qo‘rqitadi, kunduzi esa xo‘rlik keltiradi.

19. Men tosh, temir va og‘ir yuklarni ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsani ko‘rmadim.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV