Cavol: Farz namozda zam sura o'rniga Fotiha surasini o'zini takror o'qisa bo'ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Yo'q, bunday qilib bo'lmaydi. Chunki Fotiha surasini bir rakatning o'zida takror o'qish shariatda joriy bo'lmagan. Bu haqda Alloma Zaylaiy bunday deganlar: “Agar Fotihani takror o'qisa, shar'iy amalning xilofini qilgan bo'ladi. Chunki bir qiyomning o'zida Fotihani takror o'qish mashru' emasdir”(“Tabyinul-haqoiq” kitobi).
Bundan tashqari namozda Fotihadan keyin alohida zam surani o'qishi vojib amal sanaladi. Bu haqida Alloma Shurunbuloliy aytadilar: “Ikkinchi vojib Fotihaga birorta qisqa surani yoki kamida qisqa uch oyatni qo'shib o'qishdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Alhamdu lillah va zam surani o'qimagan kishining namozi durust bo'lmaydi. Hoh, farz, xoh boshqa namoz bo'lsin”, dedilar”(“Maroqil-faloh” kitobi).
Agar namoz o'qiyotgan kishi adashib, Fotiha surasidan keyin zam suraning o'rniga yana Fotiha surasini o'zini o'qisa, uning namozi durust bo'lsada, oxirida sahv sajdasini ado etishi vojib bo'ladi. Bu haqida bunday zikr qilingan: “Hizona va boshqa kitoblarda zikr qilinishicha: Fotiha surasini avvalgi ikki rakatda takror o'qish sahv sajdasini vojib qiladi. Bu joyda vojibni takror qilish sahvni vojib qilmaydi, balki zam surani tark qilish vojib qiladi. Chunki zam sura Fotihadan keyinoq o'qilishi vojib bo'ladi, deb aytish mumkin” (“Majmaul-anhur” kitobi).
Shuni ham ta'kidlash joizki, mazkur hukm farz va vojib namozlarning o'ziga tegishli bo'lib, nafl namozlarda shunday qilsa, unga sahv sajdasi vojib bo'lmaydi.
“Mazkur hukm farzlargagina qaydlanishi lozim bo'ladi. Chunki Fotihani nafl namozlarida takror o'qish makruh sanalmaydi” (“Majmaul-anhur”).
Hulosa qilib aytganda, farz namozini o'qiyotgan kishi zam sura o'rniga Fotihani qaytadan o'qisa, so'ngidan darhol boshqa sura yoki kamida uch oyat zam qilishi hamda namoz oxirida sahv sajdasi qilishi vojib bo'ladi. Nafllarda Fotihani takror o'qish makruh bo'lmasada, undan keyin zam sura o'qish vojibdir. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi
Imom Abu Homid G‘azzoliy aytadilar: "Agar Alloh seni mol-dunyodan qisganini, ustingda balo va musibatlarni ko‘paytirganini ko‘rsang, bilginki, sen Uning huzurida azizsan. Uning huzurida darajang bor, seni avliyo va asfiyolari yo‘lida yurg‘izib qo‘ygandir. U seni ko‘rib turgan.
Alloh taoloning: "Robbingning hukmiga sabr qil, albatta sen ko‘z o‘ngimizdasan. Va qoyim bo‘lgan paytingda Robbingni hamdi bilan poklagin", deganini eshitmaganmisan?"