Azon va iqomatni eshitgan kishi muazzin nima desa, o'shani takrorlaydi. Faqat «Hayya 'alal solah, Hayya 'alal falah», deganda:
لاَ حَوْلَ وَلاَ قُوَّةَ إِلاَّ بِاللهِ
«La havla va la quvvata illa billah», deb aytadi.
«Assolatu xoyrum minan navm», desa:
صَدَقْتَ وَبَرَرْتَ
«sodaqta va barorta» yoki
صَدَقَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، الصَّلاَةُ خَيْرٌ مِنَ النَّوْمِ
«sodaqa rosululloh assolatu xoyrum minan navm», deydi. Agar «qod qomatis solah», desa:
أَقَامَهَا اللهُ وَأَدَامَهَا
«aqomahallohu va adamaha», deydi. Agar «ashhadu anna Muhammadar rosululloh», desa, «va ana ashhadu anna Muhammadar rosululloh», deb, ortidan:
رَضِيتُ بِاللهِ رَبًّا وَبِمُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَسُولاً وَبِالإِسْلاَمِ دِينًا
«roziytu billahi robban va biMuhammadin sollallohu alayhi vasallama rosulan va bilIslami diyna», deydi. Azonning hammasini eshitib bo'lganidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovot aytib, ortidan mana bu duoni o'qiydi:
اللهُمَّ رَبَّ هَذِهِ الدَّعْوَةِ التَّامَّةِ وَالصَّلاَةِ القَائِمَةِ آتِ مُحَمَّدًا الوَسِيلَةَ وَالفَضِيلَةَ وَابْعَثْهُ مَقَامًا مُحْمُودًا الَّذِي وَعَدْتَهُ
«Allohumma robba hazihid da'vatit tammah vassolatil qoimah, ati Muhammadanil vasiylata val faziylah vab'ashu maqomam mahmudanillaziy va'adtah» (Ey bu komil duoning va qoim bo'lgan namozning egasi Allohim, Muhammadga vasila va fazilat ber, u zotni va'da qilganing maqtovli maqomda tiriltir). So'ngra xohlaganicha dunyoviy va uxroviy duolarni qilaveradi.
Abu Said Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon azonni eshitsanglar muazzin nima desa, o'shani aytinglar», dedilar.
Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan
Mol-dunyo masalasida o‘zingizdan pastroqdagilarga qarang, dedik. Lekin dinu diyonat masalasida doim o‘zingizdan oldindagilarga qarang, ulardan ibrat oling, ularga yetib olishga intiling. Dunyo, boylik, sog‘lik va go‘zallik borasida o‘zingizdan quyidagilarga qarab, cheksiz marhamati uchun Allohga shukr qilsangiz, hayotingiz baxt-saodatga to‘ladi, Alloh taolo sizni shukr va sabr qiluvchilar safiga yozib, fazlu marhamati bilan ularga beriladigan mukofotlaridan sizga ham beradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
«Kimda ikki xislat bor bo‘lsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kimda bu ikki xislat bo‘lmasa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi. Dinu diyonatda o‘zidan yuqoridagilarga qarab, ularga ergashsa; mol-dunyoda esa o‘zidan pastdagilarga qarab, o‘zini ulardan afzal qilgan Allohga hamd aytsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kim din borasida o‘zidan pastdagilarga, dunyo borasida esa o‘zidan yuqoridagilarga qarab, o‘zi yetisha olmagan narsaga afsuslansa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi» (Imom Termiziy rivoyati).
Uch xil qarash qalbingizdagi mahzunlikni ketkazadi:
- birovlardagi narsalarga rozilik ko‘zi bilan qarash;
- musibatga uchraganlarga ibrat ko‘zi bilan qarash;
- ahvoli sizdan yomonroq, holi xarobroq odamlarga qarash.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.