Shukrki, yurtimiz ko'rkiga ko'rk qo'shayotgan masjidlarimiz soni kun sayin ko'paymoqda. Ana shunday obod, uch asrlik tarixga ega maskanlardan biri “Moybuloq” jomesidir.
Kattaqo'rg'on tumanida joylashgan mazkur masjidda “Moybuloq” va “Qoqsoy” mahallalari aholisi toat-ibodat qilishadi.
XVIII asrga oid masjid dastlab xonaqoh bo'lgan. 1936 yilda hashar yo'li bilan qayta qurilgan. 1990–1992 yillarda eskirgan jome binosi qayta ta'mirlanib, 100–120 nafar namozxonga mo'ljallab kengaytirilgan. 2013 yilda qo'shimcha 120 o'rinli xonaqoh qurildi. Namozxonlar soni ko'payishi tufayli masjid binosini kengaytirishga 2019 yil bahorida kirishilgan bo'lsa, 2023 yil Ramazonda 3000 o'rinli jome qad rostladi.
1936 yili qishlog'imizga Buxoro amirligidan Husayn Eshon bobo imomlik qilish uchun jo'natilgan. Eshon boboning ettinchi avlodi bo'lgan Sherxon Ibodov 1957–1975 yillarda masjidimizda imomlik qilgan. 1976–2021 yillarda masjidga Qo'ldosh Badalov, Mardon Ochilov, Sulaymon To'rayev, Kamoliddin Jiyanov, Mansur Malikov kabi domlalar imomlik qilgan. 2021 yildan bu sharafli ishni Sunnatilla Hakimov bajarib kelmoqda.
Allohning uylari obodligiga hissa qo'shayotgan har bir mo'min-musulmonni Rabbimiz O'zi va'da qilgan mukofot bilan siylasin. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Kim Alloh uchun masjid bino qilsa, Alloh unga jannatda uy bino qiladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Hushmamat UMAROV,
Kattaqo'rg'on tumani
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH