Misrda Qur'on radiosining 60 yilligiga bag'ishlangan marosimda radiostantsiya Allohning kitobi va Islom ta'limotlarini targ'ib etishga qo'shgan hissasi keng nishonlandi.
“IQNA” saytining “al-Ahram” matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, Misr Islom universitetlari uyushmasi tomonidan Qohira universitetining Media fakul'teti bilan birga “Qur'on radiosi: Allohning kitobiga 60 yil xizmat” mavzusida tadbir o'tkazildi.
Ushbu radio Misrdagi islom ta'limotlari haqida aholining xabardorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi va mashhurligi tufayli butun dunyo bo'ylab millionlab musulmonlarni qamrab oldi.
Misrdagi “Qur'on” radioeshittirishi 1964 yil 25 martda ish boshlagan. 1960-yillarning boshida Misrda Qur'onning qimmat nashri chop etildi. Unda ko'plab xatoliklar bor edi. Shu bois “al-Azhar” ulamolari va Misr rasmiylari bu buzilishlarga qarshi kurashishga qaror qildi.
“Quroni karim” radioeshittirishi dastlab “Qur'on bekati” deb nomlandi va kuniga 14 soat ishladi. Dasturlar ertalab soat 06:00 da boshlanib, kunduzgi soat 11:00 ga qadar davom etdi. Keyin dasturlarning ikkinchi qismi 14:00 dan 23:00 soatgacha davom etdi.
Ushbu radioeshittirish ikkita to'lqinda uzatildi. Biri qisqa va ikkinchisi o'rta. O'sha paytda Qur'on radiosi Misrdagi eng katta “Qur'on hifzi” vositasiga aylandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.
O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.
Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.
O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.