Qadimda Arab xalqida qizil tuya (حُمُرِالنَّعَمَ) eng qimmatli narsalardan biri hisoblangan. Shu sabab ular bir narsa qiymati yuqoriligini qizil tuyaga qiyoslash bilan bildirgan.
Bir inson boshqa birovning hidoyat topishiga sabab bo'lishi u uchun qizil tuyaga ega bo'lishdan yaxshiroqdir.
Abu Abbos Sahl ibn Sa'd as-So'idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Aliy roziyallohu anhuga:«Allohga qasamki, Alloh taolo sen sababli bir kishini hidoyat qilmog'i qizil tuyadan ham yaxshiroqdir», dedilar (Muttafaqun alayh).
Darhaqiqat, bir insonga to'g'ri yo'l ko'rsatish, bu orqali uni hidoyat topishi juda katta savobli ishdir.
Alloh taolo barchamizni mana shunday savobli ishlarga muvaffaq qilsin!
Ruhiddin Akbarov,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi
Bir ayol Lays ibn Sa’ddan ozroq asal berishini iltimos qildi. Lays unga bir mesh asal olib kelishlarini buyurdi. Atrofidagilardan biri: “Nima uchun bu ayolga buncha asal beryapsiz? Axir u sizdan ozgina asal so‘radi, xolos”, dedi. Laysning javobi mana shunday bo‘ldi: “U bizdan o‘ziga keragini so‘radi, biz esa unga Alloh taolo bizga bergan ne’matlari miqdoricha beramiz”.
Lays ibn Sa’d har kuni uch yuz oltmish bechoraholga sadaqa ulashmasidan burun birov bilan gaplashmas ekan. Biz-chi, biz?! Har kuni yarimta xurmo bo‘lsa-da, sadaqa qilyapmizmi?! Agar mol-dunyoingiz yetarli bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Mol-dunyo sadaqa sababli kamaymaydi”[1] degan gaplarini esingizdan chiqarmang!
Aliy roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladilar. U kishidan: “Yig‘ingizning boisi ne?” – deb so‘rashganida, “Mening oldimga mana yetti kundirki mehmonning qadami yetmadi. Alloh meni xor qilyaptimikan deb xavfsirab qoldim”, degan ekanlar.
Birovga ehson berar ekansiz, chehrangiz ochiq bo‘lsin. Yaxshilik qilayotgan kishingizning qarshisida qovog‘ingizni uymang.
Shoir aytadi:
Faqir dargohiga har dam chehrang ochib bor,
O‘zingni past tutib, kibru havodan qochib bor.
Bergan narsalaringizni minnat qilishdan saqlaning, yo‘qsa amallaringiz chippakka chiqadi. Alloh taolo aytadi: «Yaxshi so‘z va kechirish ortidan ozor keladigan sadaqadan ko‘ra yaxshiroqdir. Alloh behojat va halimdir»[2]. Yana Alloh taolo minnatchilikdan ogohlantirib, shunday deydi: «Ey iymon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!..”[3].
Bir kishi do‘stining oldiga keldi. Do‘sti unga: “Nima gap, tinchlikmi? Biror ishing bo‘lsa ayt”, dedi. U: “Mening to‘rt yuz dirham qarzim bor, beray desam bir dirham ham pulim yo‘q”, dedi. Do‘sti unga to‘rt yuz dirham berdi-da, ko‘zlarida yosh ila uyiga kirdi. Ayoli: “Axir yig‘lar ekansiz, nimaga berdingiz?” – dedi. Shunda u: “Xudo haqqi, men bu uchun yig‘layotganim yo‘q. Meni yig‘latgan narsa, nahot yaqin do‘stimning bu holidan bexabar qoldim, axir do‘stim eshigimgacha kelibdi. Shuning xijolatidan yig‘layapman”, debdi.
Yaqinlarimiz, qarindosh-urug‘, do‘stlarimiz holidan xabar olayapmizmi?!
Ularga biror narsa bergudek bo‘lsak, ularning hojatlari miqdoricha berayapmizmi yoki bizga ato qilingan ne’matlar qadarmi?!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyat qilgan.
[2] Baqara surasi, 263-oyat.
[3] Baqara surasi, 264-oyat.