frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ilm olish hammaga farz

06.05.2024   7916   4 min.
Ilm olish hammaga farz

Dinimiz doimo ilmu ma'rifatga targ'ib qiladi. Qur'oni karimda: «Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur» (Mujodala surasi, 11-oyat)deyilgan. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Farz Alloh taoloning qat'iy amri bo'lib, uni bajarish har bir mo'min-mu­sulmon uchun majburiydir. Farzni bajarmaslik esa, ulkan gunohdir. U ikki qismga – farzi ayn va farzi kifoyaga bo'linadi.

Farzi ayn – har bir musulmon shaxsan bajarishi shart bo'lgan amal. Uni birov uchun boshqa odam ado eta olmaydi. Bunga namozni misol qilish mumkin. Balog'atga etgan har bir mo'min inson besh vaqt namozni o'qishi farzi ayn. O'qimagan odam qattiq gunohkor bo'ladi.

Farzi kifoya esa, ba'zi bir musulmonlar ado etsa, boshqalar uchun ham kifoya qiladigan amal. Bunga janoza namozini misol qilish mumkin. Bir musulmon vafot etsa, uning janozasini o'qib, dafn etish hamma musulmonlar uchun farz bo'ladi. Ammo farzi kifoya bo'lgani uchun bir insonning janozasini ba'zi musulmonlar o'qisa, boshqalardan farz soqit bo'ladi.

Ilm talab qilish borasida farzning ikkalasi ham ishtirok etadi.

Har bir musulmon o'zi uchun zarur ilmni, dinu diyonatni, halol-haromni bilib olishi farzi ayndir.

Musulmonlar jamoasi uchun zarur bo'l­gan hunar va ilmlarni talab qilish esa farzi kifoyadir. Har bir sohada odamlar manfaatiga xizmat qiladigan mutaxassislarni etishtirish Islom jamiyatining barcha a'zolariga farzi kifoya bo'ladi. Ehtiyojlarni qondiradigan darajada mutaxassis tayyorlagan jamiyat a'zolaridan mazkur umumiy mas'uliyat soqit bo'ladi.

Bu farz o'sha mutaxassislar zimmasiga o'tadi. Agar jamiyatda ularning sohasi bo'yicha kamchilik yuzaga kelsa, o'sha mutaxassislar javobgardir. Farzandlariga ta'lim-tarbiya berishi, biror kasbning boshini tuttirishi har bir ota-onaning zimmasidagi majburiyatdir.

Demak, bugun jamiyatimiz uchun zarur bo'lgan turli soha mutaxassislarini tayyorlash barchamizning zimmamizdagi farzi kifoyadir. Buning uchun farzandlarimizni yoshligi­dan o'zi qiziqqan sohaga yo'nalti­rib, Vatanga, xalqqa, dinga xizmat qiladigan etuk mutaxassis bo'lishi uchun barcha sharoitlarni hozirla­shimiz lozim. Shundagina bu farz bizdan soqit bo'ladi.

Muhammad Quddus ABDULMANNON,

Ho'jaobod tumani

“Yetti chinor” jome

masjidi imom noibi

Boshqa maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   23320   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV