Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Vizantiya imperatoriga yo'llagan maktubi Iordaniyadagi masjidda eknini bilarmidingiz?! U zot alayhissalomning Sharqiy Rim imperatori Hiraqlni Islomga da'vat etib yozgan maktubi Iordaniyadagi Qirol Husayn masjidi muzeyida saqlanadi.
“Qirol Husayn masjidi” nomi bilan mashhur bo'lgan “Qirol Husayn ibn Talal” masjidi davlatni 47 yil boshqargan otasi Husayn xotirasiga qirol Abdulloh II tomonidan 2006 yili poytaxt Amman shahrida qurilgan.
Hiraqlga maktub hijriy 7 yili, Muharram oyida, milodiy 628 yilda yozilgan.
Huddi shunday da'vat maktublarini Rum qaysari bilan bir vaqtda Eron kisrosiga, Habashiston Najoshiysiga, Misr aziziga, G'asson amiriga va Yamoma malikiga ham sahoba elchilar orqali yuborilgan.
Dihyatul Kalbiy maktubni olib yo'lga tushganda Vizantiya, ya'ni Sharqiy Rumda 610-717 yillarda hukmronlik qilgan Herakliyus sulolasi vakili imperator Hiraql poytaxt Qustantiniya, ya'ni Istanbulda emas, Quddusda edi.
Ayni shu vaqt Makka mushriklari karvoni G'azzada bo'lib, Dihyatul Kalbiy olib kelgan maktubdagi gaplarga aniqlik kiritish uchun Hiraql o'sha karvon savdogarlarini huzuriga chorladi.
Imperator Rasul alayhissalom haqlarida ma'lumot olishni istab, ichingizda payg'ambarlik da'vosi bilan chiqqan insonga nasl-nasab jihatidan eng yaqini kim, deganda Abu Sufyon: “Uning eng yaqini menman”, deya o'rtaga chiqadi va ikkisi o'rtasida savol-javob bo'lib o'tadi.
Abu Sufyonning javoblaridan so'ng Hiraqlning qalbida Islomga nisbatan moyillik paydo bo'ldi. Ammo Imperator mamlakatning yirik ayonlari va din peshvolari o'ziga qarshi harakat qilishlarini sezdi, mansabidan qo'rqib, tuyg'ularini ochiq ayta olmadi. Biroq Nabiy alayhissalomning elchilarini katta ehtirom bilan kuzatib qo'ydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Vizantiya rahbari Hiraqlga yo'llagan da'vat maktubining to'liq matni:
"Bismillahir Rohmanir Rohiym. Allohning Rasuli Muhammaddan Rumning kattasi Hiraqlga:
"To'g'ri yo'lga ergashganlarga salomlar bo'lsin. Ammo ba'd, men seni Islom diniga da'vat etaman. Islomga kirsang, joning omonda bo'ladi. Musulmon bo'l, Alloh senga ikki hissa ajr beradi. Va agar Islom dinini qabul qilishdan bosh tortsang, ariysiylar, ya'ni xalqingning gunohi sening gardaningga tushadi.
“Ey ahli kitoblar! Bizga ham, sizga ham barobar so'zga keling: Allohdan o'zgaga ibodat qilmaylik, Unga hech narsani sherik qilmaylik va Allohni qo'yib, ba'zimiz ba'zimizni Robb qilib olmaylik", degin. Bas, agar yuz o'girsalar: "Guvoh bo'linglar, biz, albatta, musulmonlarmiz", deb aytinglar”»(Oli Imron, 64).
To'lqin AZIMOV,
Toshkent islom instituti
katta o'qituvchisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan samimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgani ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 15 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi.
Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, oilaviy masalalar, haj, ish, diniy ta’lim hamda moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati