Cavol: Tahorat qilayotganda a'zolarni uch martadan ortiq yuvish mumkin emas, deb eshitdim. Uch martadan ko'proq yuvish mumkin emasmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tahoratda yuviladigan a'zolarni uch marta yuvish sunnat hisoblanadi. Bu haqda hadisi sharifda shunday deyilgan: Amr ibn Shuayb otasidan, u kishi ham otasidan rivoyat qiladi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yoniga kelib: “Yo, Allohning Rasuli! Tahorat qanday qilinadi?” deb so'radi.
Bir idishda tahorat suvi olib kelishni buyurdilar, keyin kaftlarini, yuzlarini, bilaklarini uch marta yuvdilar. Boshlarini mash qildilar, ko'rsatgich barmoqlarini quloq ichiga tiqib, bosh barmoqlari bilan quloq orqasi, ko'rsatgich barmoqlari bilan quloq ichini mash qildilar. So'ngra oyoqlarini uch martadan yuvdilar. Keyin: “Tahorat shunday bo'ladi, kim bunga ziyoda qilsa yoki kamaytirsa, yomon ish va o'ziga zulm qilibdi” yoki “zulm va yomon ish qilibdi”, dedilar”.
Ulamolar mazkur ma'nodagi hadislarni dalil qilib, tahoratda yuviladigan a'zolarni uch martadan yuvishni sunnat deyishgan.
Savolda aytilgandek a'zolarni uch martadan ko'p yuvish ikki xil maqsadda bo'lishi mumkin. Birinchisi, uch marta yuvish sunnat, deb e'tiqod qilmaydi. Shuning uchun uch martadan ko'p yuvadi. Bu xato hisoblanadi va hadisdagi zulm qilibdi, deyilgan va'idga tushib qoladi.
Ikkinchisi, uch marta yuvish sunnat ekanini biladi va shunga e'tiqod qiladi. Ammo biror sabab tufayli kam yoki ko'p yuvsa, hadisdagi va'idga tushmaydi. Bu haqida Alloma Ibn Obidiyn rahimahulloh bunday degan:
“(Tahoratdagi sunnatlardan biri) yuviladigan a'zolarni uch martadan yuvishdir. Agar doim bir martadan yuvishni odat qilib olsa, gunohkor bo'ladi. Agar odat qilmay, ba'zida shunday qilsa, gunoh bo'lmaydi. Agar qalb xotirjamligi uchun yoki tahorat ustiga tahorat olish maqsadida ziyoda qilsa, zarari yo'q. Qalbni xotirjam qilish kabi sabablar tufayli uchtadan ko'p qilish vasvasaga uchramagan kishi uchundir. Vasvasaga uchragan kishi uchtadan ko'p yuvmaydi. U shayton vasvasasini uzish uchun uchta bilan kifoyalanadi. Qalbidagi shubhaga ahamiyat bermaydi” (“Raddul muhtor” kitobi). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Shu kunlarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Diniy idoralari huzuridagi Fatvo kengashining navbatdagi seminari Turkiya poytaxti Anqara shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlaridan kelgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati tashabbusi va Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan yig‘ilish olti kunlik maxsus seminar shaklida o‘tkazilmoqda.
Mazkur yig‘ilishda yangi oyni kuzatish, namoz vaqtlari, taqvim tuzish, ozuqa mahsulotlariga qo‘shiladigan jelatin moddasining hukmi, safar masofasi, zakot nisobini aniqlashga oid masalalar bo‘yicha har bir yurt vakili o‘z tajribalarini bayon qilib, fikr-mulohaza almashmoqda. Shuningdek, tadbir qatnashchilari Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishmoqda.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad Turkiy davlatlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash, fatvolar chiqarishda o‘zaro yakdillik va birxillikni ta’minlashdir.
Ushbu xalqaro seminarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolari G‘ulomiddin domla Xolboyev, Hikmatulloh domla Toshtemirov, Abdulatif domla Tursunov qatnashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati