Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

Tahoratda a'zolarni uch martadan ortiq yuvish

07.05.2024   477   3 min.
Tahoratda a'zolarni uch martadan ortiq yuvish

Cavol: Tahorat qilayotganda a'zolarni uch martadan ortiq yuvish mumkin emas, deb eshitdim. Uch martadan ko'proq yuvish mumkin emasmi?

 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tahoratda yuviladigan a'zolarni uch marta yuvish sunnat hisoblanadi. Bu haqda hadisi sharifda shunday deyilgan: Amr ibn Shuayb otasidan, u kishi ham otasidan rivoyat qiladi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yoniga kelib: “Yo, Allohning Rasuli! Tahorat qanday qilinadi?” deb so'radi.

Bir idishda tahorat suvi olib kelishni buyurdilar, keyin kaftlarini, yuzlarini, bilaklarini uch marta yuvdilar. Boshlarini mash qildilar, ko'rsatgich barmoqlarini quloq ichiga tiqib, bosh barmoqlari bilan quloq orqasi, ko'rsatgich barmoqlari bilan quloq ichini mash qildilar. So'ngra oyoqlarini uch martadan yuvdilar. Keyin: “Tahorat shunday bo'ladi, kim bunga ziyoda qilsa yoki kamaytirsa, yomon ish va o'ziga zulm qilibdi” yoki “zulm va yomon ish qilibdi”, dedilar”.

Ulamolar mazkur ma'nodagi hadislarni dalil qilib, tahoratda yuviladigan a'zolarni uch martadan yuvishni sunnat deyishgan.

Savolda aytilgandek a'zolarni uch martadan ko'p yuvish ikki xil maqsadda bo'lishi mumkin. Birinchisi, uch marta yuvish sunnat, deb e'tiqod qilmaydi. Shuning uchun uch martadan ko'p yuvadi. Bu xato hisoblanadi va hadisdagi zulm qilibdi, deyilgan va'idga tushib qoladi.

Ikkinchisi, uch marta yuvish sunnat ekanini biladi va shunga e'tiqod qiladi. Ammo biror sabab tufayli kam yoki ko'p yuvsa, hadisdagi va'idga tushmaydi. Bu haqida Alloma Ibn Obidiyn rahimahulloh bunday degan:

(Tahoratdagi sunnatlardan biri) yuviladigan a'zolarni uch martadan yuvishdir. Agar doim bir martadan yuvishni odat qilib olsa, gunohkor bo'ladi. Agar odat qilmay, ba'zida shunday qilsa, gunoh bo'lmaydi. Agar qalb xotirjamligi uchun yoki tahorat ustiga tahorat olish maqsadida ziyoda qilsa, zarari yo'q. Qalbni xotirjam qilish kabi sabablar tufayli uchtadan ko'p qilish vasvasaga uchramagan kishi uchundir. Vasvasaga uchragan kishi uchtadan ko'p yuvmaydi. U shayton vasvasasini uzish uchun uchta bilan kifoyalanadi. Qalbidagi shubhaga ahamiyat bermaydi” (“Raddul muhtor” kitobi). Vallohu a'lam.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fursat g‘animatdir

22.07.2025   3520   2 min.
Fursat g‘animatdir

Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.


Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.


Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.


Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.

Abdulvohid ISAQOV,

Namangan shahridagi

“Miryoqubboy Mirhakimboy”

jome masjidi imom xatibi

Maqolalar