Cavol: Farishtalar uxlaydimi? Dam olishadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Farishtalarda uxlash, charchash va dam olish singari insonlar va boshqa jonivorlarga xos sifatlar bo'lmaydi. Bunga quyidagi oyat dalolat qiladi: “Osmonlaru erdagi barcha jonzotlar Unikidir. Uning huzuridagilar ibodatidan takabburlik qilmaslar va malol olmaslar. Ular kechayu kunduz tasbih aytarlar. Charchamaslar”(Anbiyo surasi, 19-20-oyatlar).
Alloma Roziy rahimahulloh “Mafotihul g'ayb” nomli kitobida quyidagilarni aytgan: “Farishtalarning sifatlari: ettinchi masala: ulamolar ittifoq bo'lgan masala shuki, farishtalar emaydi, ichmaydi va nikohlanmaydilar. Ular kechayu kunduz tasbih ayturlar, charchamaydilar. Jin va shaytonlar esa eb-ichadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tezak va suyak haqida “U jin birodarlaringizning ozuqasidir”, deganlar”. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi