Habibim, o'z farzandini bag'riga bosgan har onani ko'rganingizda volidangizsiz o'tgan iztirobli kunlar xayolingizdan o'tsa kerak-a?
Ikki olam sarvari Makkani fath qilish uchun yo'lga otlandilar. Makkaga etmasdan mahzun holda yo'l ustidagi “Abvo”[1] qabristoniga kirdilar...
Albatta, Payg'ambarimiz alayhissalom bu joydan ilk marotaba o'tmayotgan edilar…
Ushbu qishloqning o'ziga tortadigan va o'z o'rnida ko'ngilni biroz cho'ktiradigan jihatlari ham bor… Negaki, bu tabarruk maskan ko'ngillar sultoni bo'lgan zotning onalari Omina binti Vahbning tanasini o'z bag'riga olgan edi…
Ona shunday buyuk zotki, u foniylik diyoridagi boqiylik jannatidir…
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko'rib, u zotni kuzatgan roviy aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabrlar tomon yurib bordilar. So'ng onalarining qabri oldida o'tirdilar”[2].
Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam qabrlar oralab asta-sekin va xotirjamlik bilan yurib kelib, qalblari mehrga limmo-lim to'lgan ko'yi cho'kkalab o'tirdilar. U zot ancha mahzun va o'ychan edilar...
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam go'yo (tirik) inson bilan gaplashayotgandek o'tirgan holda yig'lar edilar…”.
“Go'yo (tirik) inson bilan gaplashayotgandek”. Ha, ikki olam sarvari ushbu damda onalari bilan go'yo tirikdek, yuzma-yuz so'zlashdilar. U zot volidalariga ayriliqda o'tgan ellik besh yillik xotiralarini, dardu alamlarini aytib bergan bo'lsalar ajab emas!
Albatta, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'z xotiralarini onalariga faqat o'zlarigagina xos uslub va noyob ohang bilan aytib berganlariga shubha yo'q. Mazkur tarixiy voqea tafsilotlari bizga etib kelgan hadisda zikr qilinmagan. Ammo ayni shu hadisda Payg'ambarimiz alayhissalomning onalari qabri boshida uzoq o'tirganlari va qattiq ta'sirlanganlari hikoya qilingan.
“O'tirgan holda yig'lar edilar”.
Katta ehtimol bilan bu paytda Habibimizning onalariga aytgan dil so'zlari – har juma kuni, onasining ziyoratiga kelib, unga o'zi haqidagi so'nggi xabarlarni aytib beradigan etim bolaning so'zlariga o'xshab ketar...
Yo bo'lmasa Allohning Rasuli, o'sha damlarda: “Vallohi, sizdan ayrildim, onajon. Biz bir-birimizdan judo bo'lgan damdan boshlab olam menga torlik qilmoqda!”, degandirlar. Har ne bo'lganda ham Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam qalblarining to'rida saqlab kelayotgan dardlarini mehriboniga to'kib solganlari aniq.
“Go'yo (tirik) inson bilan gaplashayotgandek”.
Kim biladi deysiz, Habibimiz otalari vafot etgan vaqtda onalari u zotni juda ehtiyot qilganlarini eslagandirlar. Ayni vaqtda volidalarining boshqa onalar kabi dilbandini vafot etgan jufti haloliga o'rinbosar qilish orzusida bo'lganlarini yodga olgandirlar.
Ey Habibim, ota-onam sizga fido bo'lsin, siz ham onangizni yo'qotdingiz...
O'sha mash'um kun – go'daklik va bolalikning oxirgi kuni edi. Ana shu kundan boshlab birdaniga ulg'aydingiz... Hayotning barcha achchiq-chuchugini o'z elkangizga oldingiz...
“Go'yo (tirik) inson bilan gaplashayotgandek”.
Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam, ehtimol, o'sha onlarda, onajonlariga o'z hayotlaridan ba'zi lavhalarni so'zlab bergandirlar: “Siz boqiy dunyoga rixlat qilgach, menga bobom va amakim g'amxo'rlik qilishdi... Shom diyoriga safar qildim... Kamon o'qlarini tayyorlashda amakilarimga qarashdim... O'zim sevgan va ardoqlagan, Asad ibn Abduluzzo urug'idan bo'lgan Hadichaga uylandim... U sizga bir nechta nevaralarni tug'ib berdi... Keyin men Payg'ambar qilib yuborildim...
To'g'risi, onajon, sizdan keyin hayotim og'ir o'tdi... Barcha etim bolalar ko'rishi lozim bo'lgan iztiroblarni boshdan kechirdim...
Qolaversa, bir kuni Ibn Abu Mu'ayt yuzimga tufladi... Hatto amakim haqorat qildi... Qavmimdagi qariyalar esa menga nohaqliq bilan “sehrgar” deb tuhmat qildilar...
Toif ahli esa meni toshbo'ron qildi. Natijada uyga sizdan ayrilgan paytimdagi kabi darbadar va sargardon bo'lib qaytib bordim...
Oradan ko'p vaqt o'tmasdan, tarozi pallasi o'zgardi va Alloh taolo menga g'alaba nashidasini nasib qildi. Onajon... Endi men Makkani fath etgani ketmoqdaman... Meni duo qiling!
Tez orada men tug'ilib o'sgan uyimiz yonidan o'taman. Uning har qarich eri men uchun aziz, negaki, bu muqaddas makon doimo menga sizni eslatib turadi…
Eslaysizmi, uyimizda sizning issiq bag'ringizda uxlar edim. U erdan har gal o'tganimda siz pishirgan taomning xushbo'y hidi ufurib, dimog'imni qitiqlaydi. Aynan sizning sevimli taomingiz “qodiydning”[3] hidini tuyaman...
Kunlarning birida sahroyi odam meni ko'rib, qo'rqib ketdi va oyoqlari qaltiray boshladi. Men esa uni tinchlantirdim. Unga siz doimiy tarzda yaxshi ko'rib iste'mol qilgan taomingizni aytib berdim: “O'zingni bos… men qodiyd eydigan, Qurayshdan bo'lgan bir ayolning o'g'liman, xolos”[4], dedim.
Go'zal yuzingizga termulib boqishga, xina bilan bezalgan bilaklaringizdan tutishga, issiq bag'ringizda orom olishga hamda ko'chaga chiqishimdan oldin menga aytadigan nasihatlaringizga judayam muhtojman, onajon!..”
Yana bir sahoba esa ushbu manzarani quyidagicha hikoya qiladi: “Ilgari Nabiy sollallohu alayhi vasallamning bu darajada ko'p yig'laganlari ko'rilmagan edi”.
Abu Hurayra roziyallohu anhu o'z ko'zlari bilan ko'rganlarini bunday naql qiladilar: “U zot yig'ladilar va atrofdagilarni ham yig'latdilar”.
“… Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: “Alloh meni sizga fido qilsin, sizni nima yig'latdi? ...”, dedilar.
Umar roziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalomdan bu holning sababini qayta-qayta so'rayverdilar. Oxiri Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu Omina binti Vahbning qabri… Men Robbimdan onamni ziyorat qilishga izn so'radim. Robbim izn berdi… menga onamning ko'ngilchanliklari etdi va shu sababli yig'ladim…”[5], dedilar.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Menga onamning ko'ngilchanliklari etdi”, demoqdalar. Demak, bundan shunday xulosa chiqarish kerakki, ko'ngilchanlik, mehribonlik, halimlik kabi fazilatlar ikki olam sarvariga onalarining tabiatidan o'tgan ekan. Suyukligimiz onalaridan ko'ngilchanlikni meros qilib olganlarini e'tirof qilmoqdalar.
“shu sababli yig'ladim”.
Ko'ngillar sultoni ellik yildan ortiq vaqt davomida yig'ladilar… Onalarini, otalarini va o'tib ketgan qarindoshlarini eslab, sog'inib yig'ladilar...
Bir kuni hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Umar roziyallohu anhuga qarab: “Ey Umar, Allohni unutib, insoniyligini yo'qotgan odamlarga yana qaytadan hayot bag'ishlash vazifasi menga ellik yil davomida onamga bir so'z aytish imkonini bermadi!”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mana bugun, umrlarining oltmishinchi yiliga yaqinlashganlarida to'yib-to'yib, ichlaridagi bor dardu alamlarini aytib-aytib yig'ladilar...
Habibimiz, ehtimol, onalari vafot etgan kuni go'zal sabr qilish da'vosi bilan ko'p yig'lamagan bo'lishlari ham mumkin! Balki o'sha kuni u zot sollallohu alayhi vasallamni bobolari yoki amakilari shoshiltirgan bo'lishlari mumkin…
Balki ulardan biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning elkalaridan tutib: “Boshing omon bo'lsin! Hali hayoting oldinda”, deb taskin bergandirlar...
Ayni paytda, onalarining qabri boshida mahzun bo'lib turgan Payg'ambarimiz alayhissalom yig'lashga, o'tganlarni dildan xotirlashga qaror qildilar. Bu amalni bu dunyoda yaqin insonini yo'qotgan kimsalar uchun sunnat qilib ketdilar...
Ko'ngillar sultonining achchiq ko'z yoshlari muborak yuzlari va soqollarini yuvib erga to'kilsa-da, aslida bu jolalar u zotning qalblariga tommoqda edi!
Ummatlari ichida Nabiy alayhissalom kabi qalbiga jarohat etganlarga, firoqdan g'am chekayotganlarga Alloh taolo chiroyli engillik bersin!
Muhammad Ahmad Borahmaning "Chunki siz Muhammadsiz" kitobidan
(Arab tilidan tarjima va izohlar mualliflari:
Murod Shoshiy, Komronbek Islom, Sayyidmahmud Parpiyev)
[1] Makka va Madina orasidagi qishloq nomi. Bu joyga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning onalari Omina binti Vahb dafn qilinganlar.
[2] Imom Ahmad rivoyati: 23 038.
[3] Go'sht uzun qilib kesilib, tuzlab, quritib tayyorlanadigan taom.
[4] Imom Ibn Moja rivoyati: 3312.
[5] Imom Bayhaqiy rivoyati.
#Qur’on_va_tajvid_o‘quv_kursi
Toshkent islom instituti qoshidagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining navbatdagi 62-davra tinglovchilari o‘qishni boshlamoqda. Shu munosabat bilan “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursi bo‘limi boshlig‘i Ahmadxon qori Rashidov tinglovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda kursning ahamiyati va o‘quv jarayoni haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tinglovchilarning fikrlari tinglanib, ularga tavsiyalar berildi.
Ma’lumot uchun:
- Qabul: har shanba kuni, soat 09:00 – 14:00;
- To‘lov: 3 oylik kurs uchun 1 648 000 so‘m;
- Ro‘yxatdan o‘tgach, tinglovchilar navbat bilan o‘qishga chaqiriladi.
Manzil:
Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘cha, 47-uy. (https://goo.gl/maps/Ng8xP1yVfJwJvB3e7)
Bog‘lanish uchun:
71-227-23-47
Alloh taolo barchamizga Qur’onni to‘g‘ri va chiroyli o‘qishni, uning hikmatlaridan bahramand bo‘lishni nasib qilsin!
11 ta filiallar (https://t.me/oliymahad/21683)
t.me/oliymahad