Ahli sunna val-jamoa aqidasiga ko'ra, mutlaq komillik Alloh taologa xosdir, U Zotida ham, sifatlarida ham, fe'llarida ham maxluqotlariga hech bir jihatdan o'xshamaydi va barcha aybu nuqsonlardan pokdir. Mana shunday e'tiqod qilish har bir mukallaf (oqil va balog'atga etgan kishiga) farzi ayn hisoblanadi.
Alloma Abul Muzaffar Tohir ibn Muhammad al-Isfiroyiniy (vaf. 471-hijriy.) “At-Tabsir fid-din”nomli asarida aytadi:
“Yana bilishingiz lozimki, al-Qodim (mavjudligining boshlanishi yo'q bo'lgan Zot Alloh) subhanahu va taolo jism ham emas, javhar ham emas. Chunki jism eng kichik zarralarning biriktirilishi ila hosil bo'ladi, (bunda biriktiruvchiga muhtojlik bor). Javhar esa (o'zi eng kichik zarra bo'lib), uni bir-biriga biriktirish va yopishtirish joiz hisoblanadi. Har bir ana shunday xususiyatga ega bo'lgan narsaning chegarasi va nihoyasi bo'ladi. Darhaqiqat, (har bir chegarali va nihoyali narsa uni ana shu maxsus miqdor bilan belgilagan va xoslagan zotga muhtoj bo'lishi e'tiboridan) Alloh taolo uchun chegara va nihoya mumkin bo'lmagan muhol ishdir.
Alloh taolo jismning sifatini zikr qilgan oyatida u ziyodalikni qabul qilishini aytadi:
“Va (Alloh taolo) uni (ya'ni Tolutni) ilmda va jismda kenglik jihatidan ziyoda qildi” (Baqara, 247-oyat). Ushbu oyatdan nimayiki jism bo'lsa, unga ziyodalik va nuqson joiz bo'lishi ayon bo'ladi. (Bu esa har qanday jism uni maxsus miqdor bilan belgilovchi va xoslovchi zotga muhtoj bo'lishini keltirib chiqaradi). Alloh taolo uchun ziyodalik va nuqson joiz emas”. (159-b.) Zero, Uning O'zi maxluqotlarini ziyoda va nuqsonli qiluvchidir. Aks holda U ham maxluqotlarga o'xshash bo'lib qolar edi. Alloh taolo bundan pokdir.
Mir Arab oliy madrasasi o'qituvchisi
Asrorxon Mahmudov.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan