“Batahqiq, mo'minlar najot topdilar. Ular namozlarida xushu' qiluvchilardir. Ular behuda narsalardan yuz o'giruvchilardir”(Muminun surasi, 1-3-oyatlar).
Ushbu oyati karimani Alloh taolo aniqlikni bildiruvchi “qod” harfi bilan boshladi. Bu erdagi najotdan oxiratdagi najot tushuniladi. Ushbu oyatlar nozil bo'lgan vaqtda mo'minlar hali najot topgan emasdilar. Lekin ularning najot topishi shu qadar aniq bo'lganidan o'tgan zamon shaklida keltirilgan. Keyingi oyatlarda Alloh taolo o'sha shak- shubhasiz najot topuvchi mo'minlar kimlar ekanini bayon etadi.
“Ular namozlarida xushu' qiluvchilardir”. Hushu' – qo'rquv va sokinlikning jamlanmasidir. U namozdagi eng mahbub ko'rinish bo'lib, unda qalb qo'rquvda, tana esa sokinlikda bo'ladi. Bunday sifatga ega bo'lgan mo'min najotdan umid qilishning bitta sababini o'zida mujassam etgan bo'ladi.
“Ular behuda narsalardan yuz o'giruvchilardir”. “Behuda narsalar” bu – arab tilidagi “lag'v” so'zining o'zbek tilidagi tarjimasidir. U har qanday manfaatsiz ishni o'z ichiga oladi. Lag'vdan yuz o'girish mo'minlarning ikkinchi belgisi sifatida keltirilishi uning naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini bildiradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “O'ziga aloqasi bo'lmagan narsalarni tark qilishi kishi islomining go'zalligidandir”(Imom Termiziy rivoyati).
Endi esa bu borada ulug' ulamolarimizdan naql qilingan rivoyatlarga to'xtalsak:
O'zining adolatparvarligi bilan dunyoga dong taratgan mashhur tobe'in Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh bunday deydilar: “Kimki gapini amalidan deb bilsa, o'ziga foyda bermaydigan narsalar (mavzular)da gapini kamaytiradi”. Chunk, inson odatda o'ziga naf keltirmaydigan amallarni qilishdan chekinadi.
Yana bir ulug' tobe'iyn Hasan Basriy rahimahullohdan bunday deganlari naql qilinadi: “Alloh taoloning bandadan yuz o'girishining alomati – unibe'mani va unga aloqasi bo'lmagan ishlar bilan mashg'ul qilib qo'yishidir”.
Demak, yuqoridagi hadisi sharifning aksi o'laroq mo'min- musulmon insonning o'ziga aloqasi bo'lmagan narsalar bilan mashg'ul bo'lishi islomining go'zalligiga putur etkazar ekan.
Hazrati Luqmondan “Biz ko'rib turgan bunday ulug' maqomga qanday erishdingiz?” deb so'rashganda u zot “Rostgo'ylik, omonatdorlik va o'zimga aloqasi bo'lmagan narsalarni tark qilish bilan”, deya javob bergan ekanlar.
Imom Shofe'iy rahimahulloh aytadilar: “Uch narsa aqlni ziyoda qiladi: ulamolarning etagidan mahkam tutish, solihlar bilan birga bo'lish va o'ziga aloqasi bo'lmagan mavzuda gapirmaslik”.
Ulug'larimiz bema'ni gaplardan, bemazmun suhbatlardan shunchalik tiyilishganki, hatto to'rt mavzudan boshqa gaplarni gap deb hisoblashmagan. Ular: Alloh taoloni zikr qilish, Qur'on o'qish, ilmiy mavzuda biror savol so'ralsa unga javob berish va kasbi-kor uchun dunyoviy mavzularda gaplashish.
Oyat va hadisdan olinadigan foydalar:
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.