Cavol: Tasbih namozi haqida o'qib qoldim. Uning o'qilish tartibini aytib bersangiz.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu namoz mashhur nafl namozlar sirasiga kiradi va nafl namoz o'qish mumkin bo'lmagan vaqtlarda o'qilmaydi.
To'rt rakat o'qiladi. Ikki rakatdan bo'lib-bo'lib, ikki marta ham o'qish mumkin. Chunki har rakatda 75 ta, to'rt rakatda 300 ta tasbih aytilishi kerak.
Zam surada istagan surani o'qish mumkin. Agar bilsa, birinchi rakatga “Takosur”, ikkinchiga “Asr”, uchinchiga “Kofirun”, to'rtinchiga “Ixlos” surasini o'qiydi.
Bu namozning o'qilish kayfiyatini Alloma Ibn Obidin rahimahulloh quyidagicha bayon qilgan:
“Tasbih namozi bir yoki ikki salom bilan o'qilib, unda uch yuz marta “Subhanallohi valhamdu lillahi valaa ilaha illallohu vallohu akbar” ni aytadi. Bir rakatda etmish besh marta aytadi.
Quloq qoqib sanoni o'qigandan keyin o'n besh marta aytadi. Keyin “A'uzu”, “Basmala”, “Fotiha” va zam surani o'qigandan keyin o'n marta, rukuda o'n marta, rukudan qaytganda o'n marta, birinchi sajdada o'n marta, sajdadan qaytib o'tirganda o'n marta, ikkinchi sajdada o'n marta aytiladi.
Mazkur tasbehni ruku va sajdada “Subhana Robbiyal a'la” va “Subhana Robbiyal a'ziym”ni aytgandan keyin o'n marta aytadi. Bu kayfiyatni Imom Termiziy Abdulloh ibn Muborakdan rivoyat qilganlar. “Qunya” kitobida ham shu kayfiyat aytilgan va ulamolar tomonidan ixtiyor qilingan so'z mana shu degan” (“Raddul muhtor” kitobi).
Mana shu tartibda to'rt rakat o'qiladi va jami uch yuz tasbih aytilgan bo'ladi.
Agar shu namozda sajdai sahv vojib bo'lib qolib, sajdai sahv qilsa, mazkur sajdada tasbihlarni aytmaydi, balki sajdaning o'zining tasbihlari bilan kifoyalanadi.
Agar qaysidir joydagi tasbihni tashlab ketgan bo'lsa, boshqa o'rinda bo'lsa ham o'shani o'qib qo'yiladi. Masalan, birinchi sajdadagi o'n tasbihni o'qimagan bo'lsa, oradagi jalsada emas, ikkinchi sajdadagi tasbihlarga qo'shib o'qib qo'yadi.
Bir qancha hadisi shariflarda tasbih namozi fazilatlari aytilib, uni o'qigan inson gunohlardan forig' bo'lishi, imkoni bo'lsa har kuni, bo'lmasa, haftada, oyda, yilda, buni ham qila olmasa, umrda bir marta bo'lsa ham qilishga targ'ib qilingan.
Tasbih namozida tasbihlar o'qish borasida boshqa ko'rinishlar ham bor. Ko'pchilik ulamolar ma'qullagan ko'rinishni keltirishni afzal deb bildik. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.