Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kimki mo'mindan dunyo g'amlaridan bir g'amni aritadigan bo'lsa, Alloh qiyomat kunidagi g'amlardan bir g'amni undan aritadi” (Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy va Ibn Moja rivoyati).
Ma'lum bo'ladiki, kimda-kim “Alloh taolo qiyomat kuni kulfat va g'amlarimni aritsin”, desa, u musulmonlarning g'amlarini aritishda jonbozlik qilishi darkor! Umuman, har bir musulmon ushbu hadisdan nasihat olib, odamlarga yordam berishga, ularning og'irini engil qirishga urinmog'i lozim!
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim bir musulmon(ning gunohi)ni yashirsa, Alloh u(ning gunohi)ni dunyoda ham, oxiratda ham yashiradi”.
Islom dini har bir musulmonni boshqalarning gunohini yopishga undaydi, zotan, biz insonmiz, hammamiz ham xato qilamiz, gohida bandachilik qilib gunohga qo'l urib qo'yamiz. Lekin, odamlar orasida gunoh ishning yoyilishiga, tarqalishiga sababchi bo'lib qolmasligimiz kerak. Buning yo'li – boshqalarning gunohini yopishimizdadir, shunda Alloh dunyo va oxiratda bizning ham gunohlarimizni yopgay!
Quyidagi satrlar, nasihatlar buyuk ulamolarimizdan bugunga qadar naql qilib kelinadi:
“Boshqaning g'amini aritishing g'aming arishiga sabab bo'ladi!
Gunohlaring yashirilishini istasang, boshqalarning gunohini yashir!
Boshqalarga yordam bersang, Alloh senga yordam beradi!”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Modomiki, banda birodarining yordamida bo'lar ekan, Alloh taolo uning yordamida bo'ladi”.
Bu nabaviy ko'rsatmadan o'rganadiganimiz – musulmon kishi barcha ishlarida Alloh taoloning yordamiga erishishining yo'li boshqalarga yordam berish bilan shug'ullanishida ekan. Alloh taoloning borliqda joriy qilgan odatlaridan biri – ko'rinishidan boshqa uchun qilgan amalingiz aslida o'zingiz uchun bo'ladi va bu orqali sizga Alloh taolo tomonidan tavfiq beriladi.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
#duo
Robbanag‘fir lanaa va li-ixvaaninallaziyna sabaquuna bil iymaan va laa taj’al fiy quluubinaa g‘illal-lillaziyna aamanu, Robbanaa innaka roufur rohiym.
"Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey Robbimiz, albatta, Sen mehribon va rahmli Zotsan" (Hashr surasi, 10-oyat).