frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Iymonimiz salomat bo'lishi uchun...

15.05.2024   2841   7 min.
Iymonimiz salomat bo'lishi uchun...

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kimning oxirgi so'zi “Lã ilãha illalloh” (Allohdan o'zga iloh yo'q) bo'lsa, jannatga kiradi» dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati)

Boshqa bir hadisda: Kim har farz namoz ortidan Oyatul Kursiyni o'qib yursa, jannatga kirishdan uni faqat o'lim to'sib turadi”dedilar (Imom Nasoiy va Imom Tabaroniy rivoyati).

Bir kishi hikoya qiladi: «Bu voqeaga qirq yilcha bo'ldi. Sentyabr oyining oxirgi kunlari, ertalab mashinamda ishga ket­yapman. Hosildor paxtazorlar yonimdan lip-lip o'tadi. Oldimda elib ketayotgan “Kolxida” rusumli tirkamali ulov yo'lning o'ng tarafiga o'tdi. Meni ko'rib yo'l berdi deb o'ylab, yonidan quvib o'tish uchun gazni bosdim. Afsuski, haydovchi meni ko'rmagan ekan. “Kolxida”ning kabinasi ilonning boshi singari bir zumda men tomonga burildi. Mashinamning tormozini bosishga ham ulgurmadim. Qarsillab urilgan ovozga qo'shilib tilimdan beixtiyor “Lã ilãha illalloh” kalimasi otilib chiqdi. “Kolxida”ga urilgan mashinam osmonga sapchib, pachaqlanib, yo'l chetidagi kanal ichiga ko'ndalang bo'lib tushdi.

Men “Lã ilãha illalloh” kalimasi tilimga qanday kelganini bilmadim, ammo ko'ksim havoga to'lib tarang to'p misoli yumaloq holda rul chambaragini egib yuborgan edi. Ko'ksim ezilgan, ammo tirik qolgan edim. Bu xulosani shifokorlardan eshitdim. Dunyoviy (moddiy) aziyatdan Allohning zikri himoya etishini amalda his qildim».

Oyatul Kursiyni besh vaqt namozdan so'ng, sahar uyg'onganda hamda kechki uyqudan oldin o'qishga odatlanish aynan sunnatga muvofiqdir. Oyatul Kursiydagi zohiriy va botiniy hikmatlarni Allohning O'zigina biluvchidir.

Allohning Kalomidan ushbu oyat tafsirini hadisi sharif bilan mushtarak holda tushunishga harakat qilamiz.

“Alloh – hamisha barhayot va abadiy turuvchi Allohdir va Undan o'zga iloh yo'q. Mudroq ham, uyqu ham tutmaydigan (Allohdan o'zga iloh yo'q)Yeru osmonlardagi barcha maxluqotlar o'ziniki bo'lgan (Allohdan o'zga iloh yo'q). Qiyomat kunida Uning iznisiz hech bir kimsa gu­nohkorlarni shafoat qila olmaydigan (Allohdan o'zga iloh yo'q). Odamlardan oldin va keyingi sodir bo'lgan va bo'­ladigan narsalarni biluvchi (Allohdan o'zga iloh yo'q). Uning ilmidan U bildirgan miqdoricha odamlar anglaydigan (Allohdan o'zga iloh yo'q). Kursisi osmonlaru Yerni ham qamrab olgan (Allohdan o'zga iloh yo'q). Ularni saqlab turish charchatmaydigan (Allohdan o'zga iloh yo'q). Oliy va Buyuk bo'lgan (Allohdan o'zga iloh yo'q)”. 

Ushbu oyati karima va yuqoridagi hadisi sharifdagi muborak mujda shuki, har bir mo'min kishi o'ziga va yaqinlariga ravo ko'radigan jannatga kirish ne'matidir.

Biron kishining uyiga kirmoqchi bo'lsak, oyati karimaga muvofiq, avvalo, xonadon egasidan izn so'rashga buyurilganmiz (Nur surasi, 27–29-oyatlar). Oxirat diyori va jannatning mutlaq Sohibi, shubhasiz, Alloh taolodir. U Zotning “uyi”ga kirishning kaliti “Lã ilãha illalloh” kalimasidir.

Ko'zimizdan nur, belimizdan quvvat ketib, o'lim farishtasi eshik qoqib turganda, oxirat diyori Sohibining yakkayu yagona ekanini tilga olish, uni ayta olish chinakam mo'min-musulmon kishigagina nasib etadi.

Shahodat kalimasini aytib omonatni topshirish saodatdir. Bu saodatga umr bo'yi toat-ibodatda yashagan, ezgu ishlarni kundalik a'moliga aylantirgan kishi musharraf bo'ladi. Fazilat jihatidan esa, barcha namozlardan so'ng Oyatul Kursiyni o'qib yurish ham iymon salomatligiga kafolatdir. 

Abdumutalib OTABOYeV,

Jizzax viloyati

“Holid ibn Valid” jome masjidi

imom-xatibi 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

14.08.2026   36095   1 min.
YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.

YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.

YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.

Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari