Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kimning oxirgi so'zi “Lã ilãha illalloh” (Allohdan o'zga iloh yo'q) bo'lsa, jannatga kiradi» dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Boshqa bir hadisda: “Kim har farz namoz ortidan Oyatul Kursiyni o'qib yursa, jannatga kirishdan uni faqat o'lim to'sib turadi”, dedilar (Imom Nasoiy va Imom Tabaroniy rivoyati).
Bir kishi hikoya qiladi: «Bu voqeaga qirq yilcha bo'ldi. Sentyabr oyining oxirgi kunlari, ertalab mashinamda ishga ketyapman. Hosildor paxtazorlar yonimdan lip-lip o'tadi. Oldimda elib ketayotgan “Kolxida” rusumli tirkamali ulov yo'lning o'ng tarafiga o'tdi. Meni ko'rib yo'l berdi deb o'ylab, yonidan quvib o'tish uchun gazni bosdim. Afsuski, haydovchi meni ko'rmagan ekan. “Kolxida”ning kabinasi ilonning boshi singari bir zumda men tomonga burildi. Mashinamning tormozini bosishga ham ulgurmadim. Qarsillab urilgan ovozga qo'shilib tilimdan beixtiyor “Lã ilãha illalloh” kalimasi otilib chiqdi. “Kolxida”ga urilgan mashinam osmonga sapchib, pachaqlanib, yo'l chetidagi kanal ichiga ko'ndalang bo'lib tushdi.
Men “Lã ilãha illalloh” kalimasi tilimga qanday kelganini bilmadim, ammo ko'ksim havoga to'lib tarang to'p misoli yumaloq holda rul chambaragini egib yuborgan edi. Ko'ksim ezilgan, ammo tirik qolgan edim. Bu xulosani shifokorlardan eshitdim. Dunyoviy (moddiy) aziyatdan Allohning zikri himoya etishini amalda his qildim».
Oyatul Kursiyni besh vaqt namozdan so'ng, sahar uyg'onganda hamda kechki uyqudan oldin o'qishga odatlanish aynan sunnatga muvofiqdir. Oyatul Kursiydagi zohiriy va botiniy hikmatlarni Allohning O'zigina biluvchidir.
Allohning Kalomidan ushbu oyat tafsirini hadisi sharif bilan mushtarak holda tushunishga harakat qilamiz.
“Alloh – hamisha barhayot va abadiy turuvchi Allohdir va Undan o'zga iloh yo'q. Mudroq ham, uyqu ham tutmaydigan (Allohdan o'zga iloh yo'q). Yeru osmonlardagi barcha maxluqotlar o'ziniki bo'lgan (Allohdan o'zga iloh yo'q). Qiyomat kunida Uning iznisiz hech bir kimsa gunohkorlarni shafoat qila olmaydigan (Allohdan o'zga iloh yo'q). Odamlardan oldin va keyingi sodir bo'lgan va bo'ladigan narsalarni biluvchi (Allohdan o'zga iloh yo'q). Uning ilmidan U bildirgan miqdoricha odamlar anglaydigan (Allohdan o'zga iloh yo'q). Kursisi osmonlaru Yerni ham qamrab olgan (Allohdan o'zga iloh yo'q). Ularni saqlab turish charchatmaydigan (Allohdan o'zga iloh yo'q). Oliy va Buyuk bo'lgan (Allohdan o'zga iloh yo'q)”.
Ushbu oyati karima va yuqoridagi hadisi sharifdagi muborak mujda shuki, har bir mo'min kishi o'ziga va yaqinlariga ravo ko'radigan jannatga kirish ne'matidir.
Biron kishining uyiga kirmoqchi bo'lsak, oyati karimaga muvofiq, avvalo, xonadon egasidan izn so'rashga buyurilganmiz (Nur surasi, 27–29-oyatlar). Oxirat diyori va jannatning mutlaq Sohibi, shubhasiz, Alloh taolodir. U Zotning “uyi”ga kirishning kaliti “Lã ilãha illalloh” kalimasidir.
Ko'zimizdan nur, belimizdan quvvat ketib, o'lim farishtasi eshik qoqib turganda, oxirat diyori Sohibining yakkayu yagona ekanini tilga olish, uni ayta olish chinakam mo'min-musulmon kishigagina nasib etadi.
Shahodat kalimasini aytib omonatni topshirish saodatdir. Bu saodatga umr bo'yi toat-ibodatda yashagan, ezgu ishlarni kundalik a'moliga aylantirgan kishi musharraf bo'ladi. Fazilat jihatidan esa, barcha namozlardan so'ng Oyatul Kursiyni o'qib yurish ham iymon salomatligiga kafolatdir.
Abdumutalib OTABOYeV,
Jizzax viloyati
“Holid ibn Valid” jome masjidi
imom-xatibi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati