Tabiat pokizaligi shu davrlarga qadar ham e'tiborga olingan. Ayniqsa tabobatda toza havo, pokiza muhit ko'plab xastaliklarga davo ekani alohida ta'kidlangan. Tabiatning bulg'anishi esa, sog'likka ham zarar, taraqqiyotga ham ziyon keltiradi.
Bugungi kunda butun Yer yuzasidagi aholini tashvishga solayotgan muammo – ekologiya muammosi ham dinimiz ta'limotlariga amal qilish orqaligina ijobiy hal bo'lishi mumkin. Chunki Islom ta'limotlarida bu sohaga anchagina e'tibor qaratilgan.
Darhaqiqat, Nabiy sollallohu alayihi vasallam bizga yo'llarni, ko'chalarni ozoda tutish, yo'ldan aziyat beruvchi narsalarni olib tashlashga buyurib, bu ish sadaqaning bir turi ekanini ta'kidlaganlar.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Yo'ldan aziyat beruvchi narsaning olib tashlashingiz ham – sadaqadir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yo'llarni iflos qilmaslik, unga chiqindilar, po'choqlar, ichimlik suvi idishlari va shularga o'xshash narsalarni tashlamaslik – dinimizning talabidir. Zotan, bizning dinimiz ta'limotida poklik iymondan ekani qat'iy ta'kidlangan.
Inson uz uyiga qanday etibor bersa, atrofga xam shunday munosabatda bo'lishi shart. Chunki butun er yuzi insonlar uchun maskandir. Hayotimizda shu er ustida yashayotgan bulsak, vafot etganimizdan keyin shu er bag'rida yotamiz. O'zimizning uzoq muddat maskanimiz bo'lgan bu erni obod qilish, o'zimiz uchun foydadir.
Atrofimizni turli zararli narsalardan va ifloslanishdan saqlasak, o'zimiz va ahlimizning hayotini saqlagan bo'lamiz. Misol uchun, inson vujudidagi qon toza bo'lsa, odam sog'lom bo'ladi. Agar qonga biror zararli modda aralashsa, inson hayoti xavf ostida qoladi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir muborak hadisi shariflaridan birida: “Men uchun erning hammasi sajda qiladigan joy va poklovchi qilib berildi”, deganlar (Imom Bazzor rivoyati).
Bunga qaraganda kimki erni noo'rin holatda bulg'asa, sajda o'rinlarini bulg'adi demakdir. Mo'min inson esa, unday illatdan uzoq bo'ladi.
Shahobiddin PARPIYeV,
Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” jome masjidi imom-xatibi.
Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.
Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.
Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.
Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.
Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.
“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.
Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati