Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2025   |   20 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:03
Quyosh
05:31
Peshin
12:33
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:49
Bismillah
14 Avgust, 2025, 20 Safar, 1447

Gunohi odam o'ldirishdan ham og'ir

16.05.2024   523   3 min.
Gunohi odam o'ldirishdan ham og'ir

Ma'lumki, fitna odam o'ldirishdan ham ko'ra yomonroqdur. Arab tilida “fitna” so'zi lug'atda “sinov”, “imtihon” ma'nosida keladi. Arablarda ma'danni o'tga solib sinab ko'rish “fitna” deyiladi.

Istilohda kishilarni dindan qaytarish, dinga qarshi harakatga chorlash fitna sanaladi. Fitna qotillikdan ham og'ir gunohdir. Ma'naviy sohada insonning imon-e'tiqodi, shariatga amal qilishi, uning insoniy fazilatlari ro'yobga chiqishiga to'g'anoq yoki sinov bo'ladigan barcha narsalar ham fitna hisoblanadi.

Islomning ilk davrlaridayoq Alloh taolo O'z Payg'ambari Muhammad alayhissalomni dinda bo'ladigan turli fitnalardan ogohlantirgan edi. Birgina Baqara surasining to'rtta oyatida musulmonlarni mushriklar va munofiqlarning fitnalaridan ogohlantirish haqida so'z boradi: “Ogoh bo'lingki, aynan ularning o'zlari buzg'unchilardir, lekin (buni o'zlari) sezmaydilar”.

Alloh taolo Qur'oni karimda “An'om” surasining 151-­153-­oyatlarida shariat ahkomlaridan o'ntasini bayon qiladi­ki, “Qur'onning tarjimoni” deb nom olgan ulug' mufassir, sahobiy, yuksak ilm sohibi Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha bu oyatlardagi hukmlar hech bir kitoblarda mansuh bo'lmagan, ya'ni na Tavrotda, na Injilda na Zaburda va na boshqa ilohiy sahifalarda bu hukmlar o'zgarmagan. Islom shariatida ham shu  ahkomlar joriy qilingan:

  1. Allohga shirk keltirmaslik.
  2. Ota onaga yaxshilik.
  3. Bolasini o'ldirmaslik.
  4. Buzuq­-fahsh ishlarga yaqinlashmaslik.
  5. Alloh o'ldirilishini harom qilib qo'ygan kimsani nohaq o'ldirmaslik.
  6. Yetimning moliga yaqinlashmaslik (xiyonat qilmaslik).
  7. O'lchov va tarozida vafo qilishlik.
  8. Adolat bilan so'zlashlik.
  9. Allohning ahdiga vafo qilishlik.
  10. Turli yo'llarga ergashib, Allohning yo'lidan bo'linib ketmaslik.

Alloh taboraka va taolo “Oli Imron” surasida bunday marhamat qiladi: “Allohning arqonini  jam bo'lgan holda tutinglar va bo'linib ketmanglar!”.

“Arqon”ni Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Quron” deb tafsir qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu ummatning etmish uch firqagacha bo'linib ketishini bashorat qilganlar. Shu etmish uch firqadan faqat bittasigina najot topib, qolganlari halokatga ketishini unutmaylik.

 Ulug'bek qori YO'LDOShYeV,

Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” jome masjidi xodimi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Agar do‘zaxga bu kiritmasa, nima kiritadi?!

11.08.2025   5512   3 min.
Agar do‘zaxga bu kiritmasa, nima kiritadi?!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yurish ham g‘animat edi. Bunaqangi imkoniyat bo‘lib qolsa, sahobalar darrov undan foydalanib qolishar, imkoniyatni qo‘ldan chiqarishmas edi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning saodatiga qarang!

Bir kuni u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga ketayotib so‘radi:

- Yo Rasulalloh! Shunday amalni aytingki, u meni jannatga kiritib, do‘zaxdan uzoqlashtirsin! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

- Juda ham katta ishni so‘rading. Bu ish Alloh oson qilgan kishiga osondir: Allohga ibodat qilib, Unga hech narsani sherik qilmaysan; namozni qoim qilasan; zakotni berasan; ramazon ro‘zasini tutasan, Baytullohni haj qilasan! So‘ng yana dedilar:

- Ey Muoz! Senga yaxshiliklar eshigini ko‘rsataymi? Ro‘za qalqondir, sadaqa suv olovni o‘chirgani kabi xatolarni o‘chiradi, kishining kecha qorong‘usida o‘qigan namozi... - deb ushbu oyatni o‘qidilar: «Ularning yonboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur. Ular Robblariga qo‘rquv va umidvorlik ila duo qilurlar va o‘zlariga rizq qilib berganimiz narsalardan infoq qilurlar» (Sajda surasi, 16- oyat).

So‘ngra yana dedilar:

- Ey Muoz! Senga barcha ishlarning boshi, ustuni va eng yuqori cho‘qqisi nimaligini aytaymi? Ishlarning boshi Islom. Uning ustuni namoz. Yuqori cho‘qqisi esa, Alloh yo‘lidagi jihoddir!

So‘ngra yana dedilar:

- Ey Muoz! Bularning barchasining asosini aytaymi?

- Ayting, ey Allohning Rasuli!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tillarini ushlab:

- Mana buni tiy! - dedilar.

Muoz roziyallohu anhu dedi:

- Ey Allohning Nabiysi! Biz aytayotgan gapimiz tufayli ham tutilamizmi?

Nabiy alayhissalom dedilar:

- Onang seni yo‘qotsin, Muoz!

Insonlarni yomon tillari do‘zaxga yuztuban qulatmasa, boshqa nima qulatadi?!

Tilning suyagi yo‘q, ammo har qanday suyakni sindirishi mumkin. Qancha-qancha kishilar kimningdir hazil tariqasida aytgan qo‘pol gapi uchun kechasi bilan uxlay olmasdan, to‘lg‘anib chiqadi. Majlis tarqalib ketishi mumkin, ammo aytilgan gap pichoq singari uning qalbida sanchilgan holatda qoladi!

Qancha-qancha qizlarga kelgan sovchilar qo‘shnilar aytgan birgina yomon ta’rifni eshitib, jim qaytib ketadi. Aslida, u qizlar hasadgo‘y qo‘shnilarning bo‘htonidan pokiza edi!

Chaqimchilarning, «bo‘lsa, ko‘rolmaydigan, bo‘lmasa, berolmaydigan» kishilarning dastidan qancha-qancha insonlar ishidan, bola-chaqasining rizqidan ajraladi!

Yolg‘on guvohlik beruvchi birgina so‘z bilan qancha-qancha meroslar tortib olinadi, odamlar haqqidan mahrum qilinadi. Haqlar nohaq o‘zlashtiriladi!

Hasad, kin-adovat tufayli aytilib olov yoqilgan birgina chaqimchilik bilan qancha-qancha do‘stlar ajralib ketishadi. Do‘stlik dushmanlikka aylanadi. Muhabbatga to‘la qalblar oqibatda adovatga to‘ladi!

Gapimizga, qalamimizga va ijtimoiy tarmoqlardagi yozuvlarimizga, kishilarga raddiyalar berishimizga nazar solaylik. Avvalo o‘z sahifamizni to‘ldirayotganimizni unutmaylik.

Axir insonlarni do‘zaxga yomon gaplar kiritmasa, nima kiritadi?!

«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi