Shu yil 15-16 may kunlari “Mir Arab” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalari talabalari o'rtasida “Barkamol avlod – 2024” sport musobaqasining respublika bosqichi o'tkazildi.
Ochilish marosimida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlarining musobaqa ishtirokchilariga yo'llagan tabriklari o'qib eshittirildi.
Buxoro viloyati Sport sog'lomlashtirish kompleksida sportning stol tennisi, tosh ko'tarish, milliy kurash, shaxmat turlari bo'yicha ishtirokchilar o'z kuchlarini sinovdan o'tkazishdi.
Ushbu jarayonlarni tajribali sport mutaxassislaridan iborat hakamlar hay'ati O'zbekiston sport federatsiyasining Buxoro viloyatidagi vakillari adolatli baholab bordi.
Yakuniy natijalar quyidagicha bo'ldi:
Shaxmat
1-o'rin Mir Arab oliy madrasasi talabasi Haydar Odilovga;
2-o'rin “Sayyid Muhyiddin maxdum” madrasasi talabasi Rasulov Rahmonjonga;
3-o'rin “Ko'kaldosh” madrasasi talabasi Omonov Asomiddinga nasib etdi.
Ayol-qiz talabalar o'rtasida:
1-o'rin “Jo'ybori Kalon” madrasasi talabasi Nazarova Gavharbegim;
2-o'rin Toshkent islom instituti talabasi Murotova Nodiraxon;
3-o'rin “Hadichai Kubro” madrasasi talabasi Olimova Dilnoza egalladi.
Stol tennis
1-o'rin “Sayyid Muhyiddin Maxdum” madrasasi talabasi Olimov Nodirbek;
2-o'rin Mir Arab oliy madrasasi talabasi Odilov Haydar;
3-o'rin “Hidoya” madrasasi talabasi Husanboyev Abufayz sazovor bo'ldi.
Ayol-qiz talabalar o'rtasida:
1-o'rin “Jo'ybori Kalon” madrasasi talabasi Raxmonova Fotimaxon;
2-o'rin “Hadichai Kubro” madrasasi talabasi Kimsanboyeva Robiya;
3-o'rin Toshkent islom instituti talabasi Qodirova Mehrinoz egalladi.
Tosh ko'tarish
1-o'rinni “Sayyid Muhyiddin maxdum” madrasasi talabasi Suvanqulov Islomjon;
2-o'rinni “Hidoya” madrasasi talabasi Ubaydullayev Qobilxon;
3-o'rinni “Ko'kaldosh” madrasasi talabasi Eshboyev Abdulloh qo'lga kiritdi.
Milliy kurash
1-o'rinni “Imom Faxriddin ar-Roziy” madrasasi talabasi G'ulomjonov Muxriddin;
2-o'rinni “Mir Arab” madrasasi talabasi Ravzatullo Musulmon;
3-o'rinni “Ko'kaldosh” madrasasi talabasi Raxmatullozoda Abdulloh egalladi.
Jamoalar o'rtasida esa yakuniy natijalar quyidagicha bo'ldi:
1-o'rin “Sayyid Muhyiddin maxdum” madrasasi jamoasi;
2-o'rin Mir Arab oliy madrasasi;
3-o'rin “Imom Faxriddin ar-Roziy” madrasasiga nasib etdi.
G'oliblarga O'zbekiston musulmonlari idorasi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan quyidagi mukofotlar topshirildi.
Shaxsiy birinchilik g'oliblari uchun:
1-o'rin oltin medal', birinchi darajali diplom, noutbuk;
2-o'rin kumush medal', ikkinchi darajali diplom, televizor (LED 32 hajmda);
3-o'rin bronza medal', uchinchi darajali diplom va sharbat chiqargich.
Jamoalar bo'yicha sovrinlar:
1-o'rin 1-darajali kubok, zamonaviy smart doska;
2-o'rin 2-darajali kubok, muzlatgich;
3-o'rin 3-darajali kubok, kir yuvish mashinasi.
Murabbiylar va qolgan ishtirokchilar “Mir Arab” madrasasi va homiylarning sovg'alari topshirildi.
Eslatib o'tamiz: “Barkamol avlod – 2024” sport musobaqalari O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan har ikki yilda bir marotaba o'tkaziladi.
Salohiddin ShYeRHONOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi,
Ta'lim va ilmiy-tadqiqot bo'limi mudiri
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.