Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ibrohim alayhissalom o'g'illari Ismoil alayhissalom bilan Alloh taoloning amriga muvofiq Baytullohni qurishdi. Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga odamlarni hajga chaqirishga buyurdi. Natijada, bu er nafslar oshiqadigan, qalblar esa u tomon shoshadigan muborak joyga aylandi.
Hijratning to'qqizinchi sanasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yo'lga qodir bo'lgan odamlarga haj farzligi haqidagi oyat nozil bo'ldi. Haj dindagi farzlardan bir farz, Islom ruknining bir rukni bo'ldi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Yo'lga qodir bo'lgan kishi zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir”(Oli Imron surasi, 97-oyat).
Sog'lig'i yaxshi, hajga borib-kelishga oilasidan orttirgan mablag'i bor, yo'lda xavf-xatar yo'q, ayol kishi bo'lsa, mahrami bor kishilarga umrida bir marta haj qilish farzdir. Imkoni bo'la turib, haj qilmaslik katta gunoh sanaladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim hajni iroda qilsa, shoshilsin.Chunki kishi bemor bo'lishi, ulovi yo'qolib qolishi va uzri chiqib qolishi mumkin”, deganlar.
Kimki bu ulug' farz amalni bajarishga kirishar ekan, avvalo – chin tavba va niyatini xolis Alloh uchun qilmog'i, zimmasidagi haqlarni ado etmog'i, qarzlarni uzmog'i, va'dalarni bajarmog'i lozim. Ahli-ayolini Allohga taqvo qilishga chaqirishi, vasiyatlarini yozib qo'yishi kerak. Topgan halol mol-mulkidan oilasiga nafaqa qoldirishi ham talab etiladi. Solih do'stlar bilan hamroh bo'lishi, hajning bajarish tartiblarini o'rganishi va bu boradagi kitoblarni o'zi bilan olib olishi lozim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Umra keyingi umragacha bo'lgan gunohlarga kaffarotdir. Hajji mabrurning mukofoti faqat jannatdir”, deganlar (Muttafaqun alayhi).
Davron NURMUHAMMAD
Imkoniyatni qo‘ldan boy bermang! Jumaga erta borganga tuya qurbonlik qilganning savobi beriladi...
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki, juma kuni bo‘lsa, masjidning eshiklaridan har bir eshikda farishtalar turadi va kelganni yozadilar. Qachonki imom kelsa, sahifalarni yopib, zikrni tinglashga kelurlar. Erta boruvchi xuddi tuya qurbonlik qilgan kabidir.
So‘ngra, xuddi qoramol qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi qo‘chqor qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tovuq qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tuxum qurbonlik qilgan kabi", dedilar.