Shavkat Mirziyoev va Anvar Ibrohim ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o'tkazdilar.
Shavkat Mirziyoev Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan ziyorat turizmi bo'yicha qo'shma dasturlarni amalga oshirish, shu jumladan, “Umra plyus” loyihasini ilgari surish choralarini muhokama qildi.
Bugun malayziyalik mehmon Toshkentga etib keldi. U Ko'ksaroy qarorgohida rasmiy kutib olindi. Shavkat Mirziyoev va Anvar Ibrohim ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o'tkazdilar.
– Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosida katta salohiyatga ega bo'lgan, jadal o'sib borayotgan davlatdir. Mamlakatingiz bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish asosiy maqsadimiz hisoblanadi, – dedi O'zbekiston prezidenti.
Muzokarada:
• Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash;
• xalqaro tashkilotlar doirasida o'zaro qo'llab-quvvatlashni davom ettirish;
• gumanitar va ta'lim dasturlarini amalga oshirish;
• turizm va madaniy almashinuvni faollashtirish;
• savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlik qilish;
• O'zbekiston-Malayziya sanoat zonasini tashkil etish;
• suvni tejash texnologiyalarini joriy etish;
• meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish va qayta ishlash;
• "Halol" standartlari bo'yicha sertifikatlashtirish masalalari bo'yicha hamkorlik;
• axborot texnologiyalari, kambag'allikni qisqartirish va transport bog'liqligini kengaytirish sohasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, "Markaziy Osiyo + ASYeAN" formatida tashqi ishlar vazirlari muloqotini tuzish taklifini ko'rib chiqish tashabbusi bildirildi.
Muzokaralar yakunlari bo'yicha O'zbekiston prezidenti va Malayziya bosh vaziri ko'p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to'g'risidagi qo'shma bayonotni imzoladilar.
Ma'lumot o'rnida, "Umra plyus" loyihasida Saudiya Arabistoniga ziyoratga otlangan sayyohlar avval O'zbekistonga kelib, Imom al-Buxoriyni ziyorat qiladilar.
Shu yil 13 iyun kuni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida “Xatmona – 2025” bitiruv tadbiri o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Diniy idora rais o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ta’lim bo‘limi xodimi Elyor Alimqulov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, faxriy ustozlar, ota-onalar va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Dastlab tadbirni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Ma’murjon Erkayev kirish so‘zi bilan ochish barobarida bitiruvchilarning 4 yil davomida erishgan yutuqlari haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov o‘z nutqida “Islomda ta’limning mohiyati” va “Yurtimizda ta’lim-tarbiyaga oid amalga oshirilayotgan islohotlar" mavzusida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tabrigini o‘qib eshittirdi.
So‘ngra O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov bitiruvchilar, ularning ustoz va yaqinlarini tabrikladi.
Mazkur tadbirda jami 250 nafarga yaqin mehmon qatnashdi. Tadbir so‘ngida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tasarrufidagi “Vaqf” hayriya jamoat fondi tarafidan 11 nafar bilim yurti mudarrisi taqdirlandi. “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom yurti tarafidan esa 21 nafar talabaga yil sarhisobi bo‘yicha maqtov yorliqlari topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida 2024-2025 o‘quv yilida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom yurtini jami 72 nafar bitiruvchi tamomladi. Shuningdek, ta’lim muassasasida 16 iyundan boshlab ikki hafta mobaynida yakuniy imtihonlar o‘tkaziladi.
Tadbiri yakunida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimiz rivoji va xalqimiz ravnaqini tilab xayrli duolar qilib berdi.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi