Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

ERTA TURMUShNING MUShTI

20.05.2024   1252   6 min.
ERTA TURMUShNING MUShTI

Erta nikoh deganda balog'at yoshiga etmagan yigit va qiz o'rtasida tuzilgan ittifoq tushuniladi. Erta nikohga kirish holatlari, ayniqsa, qizlarimiz orasida ko'proq uchrayotgani tashvishga soladi kishini. Chunki 16-18 yosh ularning ayni o'qiydigan, biror kasbni egallaydigan davri sanaladi. Hali hayotda huquqiy, ijtimoiy, psixologik, ma'naviy jihatdan etuk bo'lishga ulgurmagan qizni qanday qilib oiladek muqaddas go'shani barpo qilishga yo'llash mumkin? Qolaversa, bo'y-basti, tashqi ko'rinishi jihatdan balog'atga etgandek bo'lib ko'ringani bilan “Kollej o'quvchisi” maqomidagi kelinchak hali oilaviy hayotda bajariladigan turli vazifalarga etarli darajada tayyor bo'lmaydi. Natijada homiladorlikka tayyor emasligi, go'dak parvarishi borasidagi no'noqlik, ro'zg'or yuritishdagi tajribasizlik, eriga nisbatan e'tiborining pasayishi, qaynonaning talablariga to'la javob bera olmaslik xolatlari yuzaga keladi. Balog'at yoshiga etmagan yigit-qizlar oila qurishning mas'uliyatini to'laligicha his qila olmaydilar. Hayotiy tajribaga ega bo'lmagan bu yoshdagilar o'rtasida o'zaro hurmat, og'ir damlarda bir-birini qo'llab-quvvatlash, hayotda uchraydigan qiyinchiliklarga qarshi birgalikda kurashish kabi xususiyatlar to'liq shakllanmagan bo'ladi. Yana bir e'tiborga molik jihati shundaki, erta nikoh qurish o'z navbatida to'liq bilim olishga, hunar egallashga ham to'sqinlik qiladi. Natijada bunday oilalarda moddiy jihatdan etishmovchiliklar yuzaga keladi. Bu esa o'z navbatida oilaviy mojarolarning kelib chiqishiga sabab bo'ladi. Oxir-oqibat yangi kelin-kuyov bir-birlariga moslashishga ulgurmay, oilaviy munosabatlari darz keta boshlaydi. Bunday nikohlarning aksariyati oilaviy ajralishlar bilan yakun topayotgani oila mustahkamligiga bir qadar mas'ul insonlar sifatida bizni ham tashvishga soladi. Milliy qadriyatlarimizga zid bo'lgan bunday noxush holatlarning omili ayrim oilalarning qizlarini mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash borasidagi uquvsizligi, bu jarayonning mohiyatini to'la anglab etmasligi, shuningdek, bu borada nazariy va amaliy bilim olish imkonini beruvchi manbalarning etarli emasligi deb o'ylayman. Qizlarni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash o'ta murakkab jarayon sanaladi. Afsuski, oramizda bu mas'uliyatli vazifani uddalash u yoqda tursin, o'z farzandlari bilan ma'lum masalalarda ochiq-oydin muloqotda bo'la olmaydigan ota-onalar ham uchrab turadi. Qolaversa, kelin va kuyov munosabatlarining mazmunini ularga anglatish vazifasining qizning yanga (kelinoyi)lari, yigitning jo'ralari zimmasiga yuklash an'analarining mavjudligi ota-onalarning bu jarayon mohiyatini to'la tushunmasliklariga sabab bo'lmokda. 

       Bir tanishim hali 17 yoshga ham to'lmagan qizni kelin qilayotgani, yosh ‘‘nihol’’ni ‘‘egib’’ olish oson bo'lishi haqida maqtanib so'zlab yurdi. To'ydan so'ng yoshgina kelinchakni yo'lga solish u o'ylagandek oson emasligi ma'lum bo'lib qoldi. Yangi oila 1,5 oygina yashadi, xolos. Qaynonaning gapiga qaraganda, kelin juda qaysar, erka, uquvsiz, farosatsiz emish. Yosh bolaga o'xshab, arazlab ketib qolaverarmish… Muqaddas sanalmish bir oilaning taqdiri shu tariqa yakun topishiga kim aybdor? “Onasining qarori” bilan turmushga chiqishga rozi bo'lgan qizmi? Orzu-havaslarini tezroq ro'yobga chiqarish yoki farzandi oldidagi mas'uliyatidan ertaroq qutulish maqsadida erta nikohning salbiy oqibatlarini bila turib, qizini turmush qurishga undagan onami? Yo bo'lmasa, navnihol kelinchakni o'z bag'riga olib, bilmaganlarini o'rgatib, yo'lga solish o'rniga, uni uquvsizlikda ayblagan qaynonami? Kim aybdor bo'lmasin, endi uni qidirishdan nima naf? G'isht qolipidan ko'chib bo'ldi-ku axir.
    Farzandlarning baxti, kamolini ko'rishni hammadan ham ko'ra ko'proq onalarimiz orzulashadi. Lekin aksariyat hollarda erta turmush qurish to'g'risidagi qarorning tashabbuskori ham aynan onalarning o'zlari ekanligi bizni o'ylantiradi. Erta turmush qurgan yosh oilalarning arzimas sabablar bilan ajrashib ketayotgani jabrini begunoh norasidalar tortayotgani esa yangi muammolarning kelib chiqishiga sabab bo'ladi.
Yoshlarimizning ta'lim olishi, kasb-hunar egallashi, kelgusi oilaviy hayotini muammosiz tashkil etishi masalasi davlatimizning ustuvor yo'nalishi qilib belgilangan, bu ezgu maqsadlarga amalga oshirish uchun qanchadan-qancha mablag' sarflanayotgan bir paytda ota-onalarimiz, buva va buvilarimiz farzandlarining kelajagini bu tarzda hal etishlarini qanday baholash mumkin?! Halqimizda “Kasallikni davolagandan ko'ra uning oldini olgan afzal” degan purma'no hikmat bor. Erta nikoh muammosini yoshlar, ota-onalar, mahalla mutaxassislari bilan xamkorlikda “Erta nikohning salbiy oqibatlari” mavzusida suhbatlar o'tkazilsa, onalar o'rtasida tushuntirish, targ'ibot ishlarini ko'proq olib borilsa maqsadga muvofiq bo'lar edi.  Shuningdek, mahallalarda faol ayollar rolini kuchaytirish bo'yicha tadbirlarga e'tiborimizni qaratishimiz zarur. Zero, oilalarning baxtli, mustahkam, farovon bo'lishida onaning, ayolning o'rnini hech kim bosaolmaydi. Hazrat Alisher Navoiy: 

                    “Yuz jafo qilsa manga, bir qatla faryod aylamon,

                     Elga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram”, 

deya xitob qilganida el boshiga tushgan jafoning yuki qanchalar og'ir ekanligi, unga befarqlik esa ko'pchilikning bu kulfat domiga tortilishiga sabab bo'lishini nazarda tutgan bo'lsa, ne ajab?! Zotan, elning dardi bilan yashash, uning quvonchu tashvishlarini o'ziniki deb bilish xalqimizga xos fazilatdir. Shunday ekan, erta nikohlar, ularning salbiy oqibatlari masalasi, barchamizning og'riqli muammolarimizdan biridir.Keling, azizlar, bu jiddiy masalaga mas'uliyat bilan yondashaylik. Toki, bunday illatlar farzandlarimiz hayotiga, baxtiga soya solmasin, erta turmushning “mushti”dan hech kim aziyat chekmasin!

Alloh taolo barchamizni oilalarimizni muqaddasligi, nikohni ilohiy muqaddas rishta ekanligini tushunib etib, bu borada kelgan barcha ko'rsatma va qaytariqlarga to'laqonli amal qilib, o'zgalarga ibrat va namuna bo'lib faoliyat olib borish nasib qilsin.

 

                                                                                                                                                R.Kadirova

Horazm viloyatidan 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qur’on va tajvid markaziga tashrif

9.01.2025   6121   1 min.
Qur’on va tajvid markaziga tashrif

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar. 
 

Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.


Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.


Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Toshkent viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif
O'zbekiston yangiliklari