Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Mart, 2026   |   23 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:38
Asr
16:40
Shom
18:30
Xufton
19:42
Bismillah
12 Mart, 2026, 23 Ramazon, 1447

Farishta bu zikrni aytmasa osmonga chiqa olmaydi

20.05.2024   17177   4 min.
Farishta bu zikrni aytmasa osmonga chiqa olmaydi

Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga edim. U zot alayhissalom menga: “Ey, Abu Muso, Seni jannat xazinasidan bo'lgan kalimaga dalolat qilaymi?!” dedilar”.

Men: “Ha, yo Allohning Rasuli”, dedim. Shunda Nabiy alayhissalom: “Laa havla va laa quvvata illaa billah”ni ayt, chunki u jannat xazinalaridan”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu “Laa havla va laa quvvata illaa billah”ning ma'nosi haqida bunday deganlar: “Gunohdan faqatgina Allohning yordami ila tiyilish mumkin. Allohga itoat etish ham yolg'iz Allohning yordami bilan bo'ladi”.

Banda Allohning yordamisiz o'zini o'zgartira olmaydi, gunohdan qutila olmaydi, to'g'ri yo'lni topolmaydi, biror savobli ishga qo'l urolmaydi. Chunki kuch-quvvat faqat Allohdandir.

Kim musibatga yo'liqib, qiyin ahvolga tushib qolsa, qarzdor bo'lsa, moddiy holati og'irlashsa, “Laa havla va laa quvvata illaa billah”ni ko'p takrorlasin. Shunda Alloh unga najot beradi hamda uni turli qiyinchilik va tashvishlardan xalos etadi.

Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Ey Ali, senga qiyin ahvolga tushib qolganda aytiladigan kalimalarni o'rgataymi?” dedilar.

Men: “Alloh meni sizga fido qilsin, o'rgating, yo Rasululloh”, dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyin ahvolga tushib qolsang, “Bismillahir rohmanir rohiym. Va laa havla va laa quvvata illaa billahil 'aliyyil 'aziym”, deb ayt. Chunki mana shu duo bilan Alloh xohlaganicha har turli balolardan xalos qiladi, dedilar”.

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:“Kim Laa havla va laa quvvata illa billah”ni aytsa, to'qson to'qqiz dardga davo bo'ladi. Eng engili g'amdir”, (Imom Tabaroniy, Imom Hokim rivoyati).

Shuning uchun ulamolar:“Kimning g'am-tashvish va musibatlari ko'payib ketsa: “Laa havla va laa quvvata illaa billah”ni ko'p aytsin”, deganlar.

Kim “Laa havla va laa quvvata illa billah” zikrini aytishga odatlansa g'am-tashvishlardan xalos bo'lish bilan birga, kambag'allik ham ko'rmaydi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har kuni yuz marta “Laa havla va laa quvvata illa billah”ni aytsa, unga faqirlik etmas”, deganlar (Ibn Abu Dunyo rivoyati).

Payg'ambarimiz alayhissalom qachon muazzin “Hayya 'alas-sola” va “Hayya 'alal-falah”ni aytganida “Laa havla va laa quvvata illaa billah” deyishni o'rgatganlar.

Muazzinning namozga, najotga shoshiling degan chaqiriqiga “Laa havla va laa quvvata illaa billah” ya'ni Allohning xohishisiz bizda harakat ham, quvvat ham yo'q, deb javob qaytariladi. Chunki agar Robbimiz ibodat qilishimizga kuch-quvvat bermasa, biz o'zimiz ado etishga qodir emasmiz.

Safvon ibn Sulaym roziyallohu anhu: “Qaysi bir farishta osmonga chiqmoqchi bo'lsa, albatta “Laa havla va laa quvvata illaa billah”ni aytib, erdan ko'tariladi. Chunki farishta bu zikrni aytmasa osmonga chiqa olmaydi”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uydan chiqayotib: “Bismillahi, tavakkaltu 'alalloh. Laa havla va laa quvvata illaa billaah”, der edilar.

Kim ushbu zikrlarni aytib uyidan chiqsa u Allohning himoyasida bo'ladi, shayton unga yaqinlasha olmaydi.

“Laa havla va laa quvvata illaa billah” zikri sababli qancha qiyinchiliklar engil bo'ldi, g'am-g'ussalar aridi, dangasaliklar ketdi, ibodatga zavq ortdi, qayg'ular hursandchilikka aylandi, hayotda ezgu maqsadlar sari ildam qadam bosishga ilhom, ishonch paydo bo'ldi.

Shunday ekan, “Laa havla va laa quvvata illaa billah” deb aytishni o'zingizga kunlik vazifa qilib oling. Har kuni imkon qadar ko'p aytishga odatlaning.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannat ko'chatlarini ko'paytiringlar”,dedilar. “Yo Allohning rasuli, uning ko'chatlari nima?” deyishdi. U zot alayhissalom: “Laa havla va laa quvvata illaa billah”,dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

 Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Videolar

Fitr sadaqasi: kimlar nima uchun va kimlarga, qachon va qancha miqdorda beradi?

12.03.2026   786   1 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym

 

Videolavhalar