Cavol: Hozirgi kunda ko'p qavatli uy va hovlilarga tegishli piyodalar yo'laklarini temir panjaralar qurib, mevali daraxtlar ekib yoki gulzorlar qilib yo'laklarni to'sib qo'yish, qurilish mollarini haftalab ko'chalarda qoldirish, umumiy foydalanadigan joylarni avtoturargoh qilib olish xolatlari kuzatilmoqda. Bu ishlar oqibatida piyodalar, xususan maktab o'quvchilari avtomobil yo'lidan yurishga majbur bo'lmoqdalar, gohida avtohalokatlar ham uchrab turibdi. Dinimizda ko'chalarni, aholi foydalanadigan joylarni o'z manfaati uchun to'sib olish mumkinmi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Aholi foydalanadigan joylar, avtomobil yo'llari hamda piyoda yo'laklari barcha barobar foydalanadigan joylar hisoblanadi. Hech kimning uni egallab olishga haqqi yo'q.
Huzayfa ibn Usayd roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Kim musulmonlarga ularning yo'llarida ozor bersa u odamga, ularning la'nati vojib bo'lib qoladi” (ya'ni ularni la'natiga haqli bo'lib qoladi) deganlari rivoyat qilinadi (Imom Tabaroniy rivoyati).
“Bahrur roiq” kitobida: “Biror kishi omma yo'liga hojatxona qursa, yo suv tarnovini chiqarib qo'ysa, yoki minora yo do'kon qursa ko'chadan foydalanuvchi har bir kishi uni buzib tashlashni talab qilish haqqiga ega bo'ladi. Shamsul aimma aytadilar: Ommani yo'liga o'z foydasi uchun biror narsa qurish, yo'ldan foydalanuvchilarga zarar qilsa, durust emas. Biroq yo'l keng bo'lib, hech kimga zarar qilmasa, foydalanuvchilardan qarshilik ham bo'lmasa, bu durustdir,” deyiladi.
Hadisi shariflarda, musulmonlarning yo'llaridan ozorni olib tashlash, yo'lovchilarga keng sharoit yaratish savobli ishlardan ekani ta'kidlanadi.
Abu Barza Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men: “Yo Rasulalloh! Meni biron ishga buyuring, shuni qilib yuray”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo'ldan ozorni chetlating, shu siz uchun sadaqa bo'ladi”, dedilar (Imom Buxoriy “Al-adabul-mufrad”da rivoyat qilganlar).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo'l ustidagi musulmonlarga ozor beradigan bir daraxt (buta)ni kesib tashlagani sababli jannatda kezib yurgan bir kishini ko'rdim, deb aytdilar”(Imom Muslim rivoyati).
Yuqorida o'tgan iboralardan quyidagi xulosalar kelib chiqadi:
Aholi foydalanadigan joylarni, piyodalar yo'laklarini temir panjaralar bilan berkitib qo'yish, mevali daraxtlar ekib yoki gulzor qilib to'sib qo'yish holatlari, avtomobil yo'llarida qurilish mollarini haftalab qoldirish, yo'lovchilarga va mahalla aholisiga zarar bersa durust emas.
Hech kimga zarar bermaydigan va biron shaxs e'tiroz bildirmagan holatlarda vaqtinchalik foydalanib turish maqsadida bu ishlarni qilish joiz hisoblanadi. Lekin mas'ul tomonlar yoki shu yo'ldan foydalanish haqqiga ega har qanday shaxsning talabi bilan bu narsalar bartaraf qilinishi lozim. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati