«Bu yil O'zbekistonda islomiy moliya tizimini joriy etishga oid qonun loyihasi parlament muhokamasiga qo'yiladi» deydi Markaziy bank raisi o'rinbosari Behzod Hamrayev.
– O'zbekistonda islomiy moliyalash tizimini yo'lga qo'yish bo'yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat qabul qilinsa, qonunchilikka juda ko'p o'zgartirishlar kiritish talab etiladi.
18 may kuni bo'lib o'tgan Senat yalpi majlisida «O'zbekiston-2030» strategiyasida respublikada islom moliyasi qonuniy asoslarini shakllantirish hamda tartiblarini joriy etish belgilangani eslatildi. Behzod Hamrayevning aytishicha, islom moliyasini yo'lga qo'yish bo'yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo'lib, hujjatni 2024 yil yakunigacha parlament muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan.
Islom moliyasi yangi va murakkab soha bo'lgani uchun qonunchilikka juda ko'p o'zgartirishlar kiritishni talab qiladi. Masalan, garov, ssuda yo'nalishlarida, «Markaziy bank to'g'risida»gi qonunlardan tortib «Banklar faoliyati to'g'risida»gi qonun va boshqa hujjatlarga o'zgartirish kiritish kerak. Hozir ushbu qonun loyihasi tayyor. Joriy yilda birgalikda ishlab, parlament muhokmasiga kiritish asosiy vazifalarimizdan biri, – dedi Markaziy bank mas'uli.
Majlisda Behzod Hamrayev hozirda ayrim tijorat banklarida bir nechta islomiy moliya xizmatlari ko'rsatilayotganini aytdi.
«Kredit va mikromoliya tashkilotlari to'g'risida»gi qonunga o'zgartirish kiritilgan va hujjatda alohida tartiblar mavjud. Hozirgacha faqat nizom kutilayotgandi. Ayni paytda Markaziy bank tomonidan «Islomiy moliya xizmatlarini ko'rsatish to'g'risida”gi nizom ishlab chiqildi. Hozir u davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun taqdim qilingan. Ro'yxatdan o'tgach, bu sohada ishlash boshlanadi. Amaldagi qonunchilik doirasida «Agrobank», «Sanoatqurilishbank», «Mikrokreditbank», «Ipak yo'li» banklari Hususiy sektorni rivojlantirish bo'yicha islom korporatsiyasining kredit liniyalari hisobidan murobaha xizmatlarini ko'rsatib kelmoqda. Shuningdek, Trastbank huzuridagi «Trastmuomalat» MChJ tomonidan islomiy lizing va murobaha nasiyaga savdo operatsiyalari xizmatlari amalga oshirilmoqda. «Hamkorbank» tomonidan ham islomiy lizing xizmatlari ko'rsatib kelinmoqda. Bazaviy qonunlarimizni 2024 yilda yakuniga etkazsak, o'ylaymanki, qolgan banklarda ham bu xizmatlar ommalashib ketishiga talab bor, sharoit ham yaratiladi, — dedi rais o'rinbosari.
Avvalroq Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov ham O'zbekistonda islomiy moliya tizimini yo'lga qo'yish bo'yicha qaror loyihasi ishlab chiqilganini aytgandi.
Biz davlat rahbarining topshiriqlari bilan Markaziy bank va hukumat tomonidan islomiy moliya bo'yicha qilinishi kerak bo'lgan ishlar yuzasidan tegishli qaror loyihasini hukumatga kiritganmiz. Ya'ni, qumdon tashkil qilib, mazkur yo'nalishdagi ishni boshlamoqchimiz. Bu bilan ma'lum fuqarolarimiz uchun islom moliyasiga sharoit yaratish niyatidamiz. Islom moliyasining iqtisodiy o'sishimizga bevosita bo'lmasa ham, bilvosita ta'siri bo'ladi. Chunki islom moliyasi orqali xarid qilingan yoki ko'rsatilgan qiymat oxir-oqibatda qo'shilgan qiymat bilan yalpi ichki mahsulotimizga o'z hissasini qo'shadi. Albatta, bundan faqat ijobiy natijalar kutish mumkin, – degan rais.
An'anaviy bank boshqa, islomiy bank tizimi boshqa. Qonunchiligimizning qurilishi an'anaviy bank tizimiga moslashgan. Agar islomiy bankni joriy qilmoqchi bo'lsak, qonunchilikni to'liq qayta ko'rib chiqishga to'g'ri keladi. Ya'ni asosiy qonunlarimiz — Fuqarolik kodeksi, sud, soliq, bojxona nuqtai nazaridan ko'p hujjatlarni qayta ko'rib chiqish zarur bo'ladi. Bu bo'yicha birinchi qadam qo'yilgan. Islomiy bank tizimini rivojlantirish masalasi o'ylanmoqda. Hukumat komissiyasi tuzilgan bo'lib, islom moliyasini nafaqat banklarda, balki boshqa sohalarda ham rivojlantirish reja qilingan, – degan u.
O'zbekistonda islomiy bank va moliya infratuzilmasini yaratish rejalari haqida 2018 yildan beri aytib kelinadi. 2023 yilning iyun' oyida Toshkent shahrida o'tkazilgan xalqaro forumda «Apex bank» boshqaruvi raisi Bahrom No'monov: «O'zbekiston aholisining 20 foizi diniy sabab bilan an'anaviy kredit tizimidan foydalanmaydi», deb aytgandi.
Manba: Daryo.uz
#xabar #haj2025
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Bugun, 3 iyun – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 4 iyun – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, ishchi guruhi rahbari Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati