Alloh taolo kalomida: “Namozni ado etganingizdan so'ng Allohni turgan, o'tirgan va yonboshlagan holingizda eslang. Hotirjam bo'lganingizda namozni to'liq ado eting. Albatta, namoz mo'minlarga vaqtida farz qilingandir” (Niso surasi, 103-oyat).
«Quyosh og'ishidan to kun qorong'isigacha namozni to'kis ado qil. “Fajr Qur'oni”ni ham. Albatta, “fajr Qur'oni” guvohlantirilgandir» (Isro surasi, 78-oyat).
“Ahlingni namozga amr et va o'zing unga sabr qil. Biz sendan rizq so'ramasmiz. Biz senga rizq berurmiz. Oqibat taqvonikidir” (Toha surasi, 132-oyat).
Alloh azza va jalla bizga eslatayotgan oyatlarida uning boshqa ibodatlarga nisbatan namozga ko'proq e'tibor berishi qo'rqiladigan holdir. Bu erdagi hikmat ochiq va ravshan. Hikmat shuki, insonning Alloh taolo bilan birga bo'lishidir. Insonning Alloh bilan bog'lanib turadigan derazasi – namozdir. Inson qanday qilib doim Alloh bilan birga bo'la oladi? Alloh taolo biz mehmon bo'ladigan va kirib o'tiradigan biror erga joylashishdan xoli va pokdir.
Shunday ekan, biz qanday qilib U Zot bilan birga bo'lamiz? Siz Allohning oldiga har kuni besh mahal mehmondorchilikka borasiz. U sizni yigirma to'rt soat mobaynida besh vaqt namoz bilan mehmon qiladi. Siz namozda turganingizda u bilan birga ekaningizni, Parvardigor sizning duolaringizni eshitayotganini bilasiz. Mana shu Alloh taoloning mehmon qilishidir.
Shayx Muhammad Said
Ramazon BUTIY
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV