بسم الله الرحمن الرحيم
الحمد لله رب العالمين و الصلاة و السلام على سيدنا محمد و على آله و أصحابه أجمعين
لا حول و لا قوة إلا بالله
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Quyosh chiqadigan kunlarning yaxshisi juma kunidir. Unda Odam yaraldi, shu kunda jannatga kiritildi, shu kunda undan chiqarildi” (Imom Muslim va Termiziy rivoyatlari).
Termiziy rivoyatining davomida: “Soat” (qiyomat) ham juma kunidagina qoim bo'lur” deyilgan.
“Bizlar oxirgilarmiz. Garchi har bir ummatga Kitob bizdan avval berilib, bizlarga ulardan keyin berilgan bo'lsa-da, qiyomat kunida bizlar o'zib ketguvchilarmiz. Keyin Alloh bizlarga farz qilgan ushbu kundirki, Allohning O'zi bizlarni unga hidoyat qilgandir. Bu bo'yicha insonlar bizlarga ergashuvchilardir. Yahudiylar ertangi kuni, nasorolar uning ertasiga” (Imom Muslim rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo juma kechasida butun Islom ahlini mag'firat qilur”, deganlar.
Ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Juma kechasining barchasida Alloh taolo O'z xalqiga uch bora nazar solur hamda Allohga hech narsani shirk keltirmaganlarni mag'firat qilur” deganlar.
E'tiborlisi shundaki, bu hadislar “Qadr” surasining tafsirida kechalarning ulug'i qadr kechasimi yoki juma kechasimi, degan mubohasada keltirilgan. Garchi jumhur ulamolar qadr kechasi afzal desa-da, yana bir toifa olimlar juma kechsining ulug'roq ekaniga dalillar keltirganlar.
Hususan, (“Qadr kechasi ming oydan yaxshidir”) deyilganda o'sha toifadagi ulamolar “jumasi bo'lmagan ming oydan yaxshi” deb tafsir qilganlar (Olusiyning “Ruhul ma'oniy” tafsiri).
Biz kechalarning qay biri ulug'ligi haqida munozara qilmoqchi emasmiz, lekin shunday mubohasa borligining o'zi juma kunining naqadar ulug'ligiga dalil emasmi?
Ulug'bek qori YO'LDOShYeV,
Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” jome masjidi xodimi.
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV