Madaniyati to'g'ri shakllanmagan yoshlar orasida turli xil chet mamlakatlarga taqlid qilishning avj olganligi, oqibatda o'z milliyligimizning qadrsizlanib borayotgani achinarli hol albatta. Ayrim yoshlarning kiyib yurgan kiyimlari hatto hech qanday madaniyatga to'g'ri kelmaydi.
Ta'kidlash joizki, islomda ibodat libosi yo'q. Asosiy talab erkak kishi kiyinishda o'zini ayollarga o'xshatib olmasligi yoki aksincha, ayol erkakcha kiyinmasligi sanaladi. Hanafiy mazhabimizga ko'ra ayol kishi o'ranganida ikki qo'lining kafti va yuzidan boshqa a'zolarini yopishi vojibdir. Bunga Payg'ambarimiz alayhissalomning Asmo binti Abu Bakr raziyallohu anhoga qarata aytgan quyidagi hadislari ham dalolat qiladi:
ya'ni: “Ey Asmo, ayol kishi voyaga etganda undan mana bu va mana bu joylaridan boshqasi a'zosi ko'rinishi mumkin emas”, deb yuz va ikki kaftlariga ishora qildilar” (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).
Lekin hozirda ayrim ayol-qizlarimiz soxta g'oyalar ta'sirida, o'zgalarga taqlid qilib mazhabimizga xilof va milliy urf-odatlarga zid ravishda yuz va qo'llarini to'sgan holda burqa va niqob taqib olish holatlari uchrab turibdi. Aslida har bir narsada bo'lgani kabi, kiyimda ham mo''tadil bo'lish maqsadga muvofiq sanaladi.
Islomda ayol-qizlarning satri avratda bo'lishi talab etilsada, bunda maxsus ko'rinishdagi yoxud maxsus rangdagi kiyim kiyish shart qilinmagan. Ya'ni, ibodatli, diyonatli ayollar maxsus rang yoki ko'rinishdagi liboslarni kiyishlari farz yoki vojib deb belgilanmagan.
Islom tarixida ba'zi sahobiya ayollarning qora rangli yopinchiqqa o'ranganlarining asosiy sababi o'zlariga nomahram erkaklarning e'tiborini jalb etmaslik bo'lgan. Lekin bundan boshqa muslima ayollarning ham kiyimlari aynan qora rangda bo'lishi shart ekani kelib chiqmaydi.
Shariatda talab etilgani – ayollarning libosi avrat a'zolarini to'liq yopishi kerakligidir.
Ayollarning qora kiyim kiyishlariga diniy tus berish noto'g'ri ekanini hozirgi zamon ulamolari ham ta'kidlab o'tishgan. Zero, Qur'oni karimda ham, sunnati nabaviyada ham ayollar qora rangli libosda bo'lishi haqida ko'rsatma yo'q.
Kamolxon Suleymanov,
Namangan shahri "Imom Buxoriy" jome masjidi noib imomi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.