Shayton – insonning eng xavfli dushmani. Unga ergashish ikki dunyoda ham baxtsizlik, afsus-nadomatga sabab bo'ladi. Shayton bandani Allohning roziligidan uzoqlashtirish va Uning rahmatidan mahrum qilish uchun doimo harakat qiladi. Qanday qilib shaytonning fitnalaridan himoyalanish va uning vasvasalariga ergashmaslik kerak? Quyidagi sura va duolarni muntazam o'qib yurish sizni undan uzoqlashtiradi:
1. A'uzu billahi minash shaytonir rojiym.
2. Oyatul kursiy.
3. Yosin surasi.
4. Ixlos, falaq, naas suralari.
5. "Astag'firulloha Robbiy min kulli zanbin va atubu ilayh".
(Ma'nosi: Har bir gunoh ishdan Allohga istig'for aytaman va unga tavba qilaman).
6. "A'uuzu bi kalimaatillaahit-taammaati min kulli shaytonin va haammatin va min kulli 'aynin laammatin".
(Ma'nosi: Allohning mukammal kalimalari bilan har bir shaytondan, zararli hasharotlardan va yomon ko'zdan panoh tilayman).
7. "A'uuzu bi kalimaatillaahit-taammaati min sharri maa xolaq".
(Ma'nosi: Allohning mukammal so'zlari bilan yaratganlarining yomonligidan panoh tilayman).
8. "Bismillahi tavakkaltu 'alallohi va laa havla va laa quvvata illa billah".
Allohning ismi ila, Allohga tavakkal qilgan holda. Harakat va quvvat faqat Allohning irodasi bilan bo'ladi.
9. "Allohumma anta Robbiy laa ilaha illa anta xolaqtaniy va ana 'abduka va ana 'ala 'ahdika va va'dika mastato'tua'uzu bika min sharri ma sona'tu, abu`u laka bini'matika 'alayya va abu`u bizambiy fag'firliy fainnahu laa yag'firuz zunuba illa anta".
(Ma'nosi: Allohim, Sen Robbimsan, Sendan boshqa iloh yo'q. Meni yaratding va men Sening qulingman. Senga bergan va'damda va ahdimda qodir bo'lgunimcha turibman. Qilgan ishlarimning yomonidan Sening noming bilan panoh tilayman. Menga ato qilgan ne'matlaringga iqror bo'ldim. Gunohlarimga ham iqror bo'ldim. Mening gunohlarimni kechir. Chunki Sendan boshqasi gunohlarni kechira olmaydi.)
10. "Asbahnavaasbahalmulkulillah, valhamdulillah, laailahaillallohuvahdahulaashariykalahu".
(Ma'nosi: Tong ottirdik, mulk ham Allohniki bo'lgan holda tong ottirdi. Barcha hamdlar Allohgadir. Allohdan o'zga iloh yo'q. U Zot yagona, sherigi yo'qdir.)
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.