Missionerlik so'zi lotinchadan olingan bo'lib “missio” “yuborish”, “vazifa topshirish”, “vazifani bajaruvchi” degan ma'nolarni anglatadi. Missionerlik harakatlari bugun paydo bo'lgan emas, balki Rim qo'shinlari bilan birga yurib, bosib olingan hududlar xalqlari orasida xristianlikni targ'ib qilgan kishilarning faoliyati zamonaviy missionerlikning ilk ko'rinishlari edi. Bundan tashqari 400 – 500 – yillarda missionerlar Afrikada mustahkam o'rnashib oldilar va u erlarda masihiy qirolliklar paydo bo'la boshladi.
HI – XIV asrlarda Rim Papasi boshchiligida “Muqaddas Yer”, ya'ni Quddus shahrini ozod etish bahonasida amalga oshirilgan, aslida bosqinchilik, siyosiy o'yinlar boylik orttirishga qaratilgan urushlar, “Salb yurishlari” dan ko'zlangan asosiy maqsadlar missionerlikdan boshqa maqsad bo'lmagan. Ular tarixda eng vahshiy ishlarni aynan shu erda amalga oshirib, nasroniylikni qabul etmaganlarni qilichdan ayovsiz o'tkazganlar.
Missionerlik bugun sertarmoq soha hisoblanib, ular kirib bormagan jabha va faoliyat yuritmayotgan mamlakat deyarli dunyoda qolmagan. Ular o'z hukumatlari tomonidan moddiy yordam olib turib, mablag'larini aniq yo'naltirilgan moddiy va ma'naviy bosqinchilik siyosatlariga ishlatadilar. Shuni unutmaslik kerak bo'ladiki, ular hamon qadimgi buzg'unchilik maqadlarida bardavom bo'lib bormoqdalar. Shuningdek, erkin targ'ibot olib borish va faolit doirasini keskin kengaytirish maqsadida ko'pgina missionerlik tashkilotlari, o'z harakatlarini xalqaro nodavlat tashkilotlari maqomida amalga oshirishda intilayotganlarini ortida o'ziga xos mantiq bor, albatta.
Missionerlar dindorlar emas, balki moddiy manfaatlar yo'lidagi siyosiy o'yinchilar, xolos. Maqsadlari odamlarning ongini chalg'itib, e'tiqod qilayotgan Islom dinidan og'dirib o'zlari yugurdaklik qilayotgan davlat manfaatlari ta'siriga xizmat qiluvchi ob'ektga aylantirishdir. Ular o'zlarini mehribon, samimiy insonlardek, guyoki qo'y og'zidan cho'p olmagandek, ko'rsatishadi, pulni vaqtni ayashmaydi, maxsus topshiriqlardan o'tishgan, savodsiz, moddiy jihatdan nochor, chorasiz bemor, ma'naviy qashshoq, e'tiqodi sust kabi kishilarni tuzoqqlariga ilintirishga doimo shay turadilar.
O'zlari tarafga moyillik hosil qilishgach, mahalliy aholining turli yo'llar bilan dinni yomonlashga va mavjud qonuniy hukumat haqida norozilik uyg'otishga intiladilar. Missionerlar siyosiy maqsadlarini amalga oshirmoqchi bo'lgan o'lkalarning aholisi e'tiqod qiladigan dinni, urf –odatlarini, ijtimoiy muammolarini o'rganishlari uchun maxsus tadqiqot o'quv markazlariga egadirlar. Siyosiy va ma'naviy bosqinchilik yo'nalishi singdirilgan adabiyotlarni xohlagan tilda va adadda chop eta oladilar.
Demak, missionerlarning asl maqsadlari yashirin faoliyat olib borish natijasida yashab borayotgan aholini injillashtirish yo'li bilan ularning birdamligiga putur etkazish, turli ichki nizolarni keltiib chiqarish orqali mamlakatning rivojlanishiga to'sqinlik qilish, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va ma'naviy jihatdan qaram va tobe' qilish bilan birgalikda boy tabiiy zahiralariga egalik qilishdan iboratdir.
Bizning vazifamiz, dunyo maydonida o'z o'rnini topayotgan Vatanimizni bu kabi g'alamislardan himoya etishdir. Bugungi kunda mafkuraviy kurashlar, internet va dunyodagi turli xil noxushliklar avj olgan bir davrda farzandlarimizni missionerlar va shu kabi razillardan asrab avaylab, vatanparvar, iymon e'tiqodli, salohiyatli etib tarbiya berib borishligimiz barchamizning eng asosiy vazifamiz ekanligini unutishga hech birimizning xaqqimiz yo'q.
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati