Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446

Eslaganni eslar Alloh

27.05.2024   736   8 min.
Eslaganni eslar Alloh
 

Bir necha oyati karimalarda zikrga targ'ib etilgan bo'lib, ko'p zikr qiluvchi­larga mag'firat va ulug' ajrlar borligi bayon qilingan. Darhaqiqat, Allohni zikr qilish eng ulug' ne'mat va xayrli amallardan sanaladi.

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alay­hi va sallam sahobalarga: “Sizlarga amal­laringiz ichida eng yaxshisi, Pod­shohingiz (Rabbingiz) huzurida eng maq­tovlisi, darajalaringizni eng yuqo­riga ko'taruvchi, tilla va kumushni in­foq qilishdan ham yaxshiroq bo'lgan amalning xabarini berayinmi?” de­dilar. Sahobalar: “Ha”, deyishdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Alloh taoloning zikridir”deb javob berdilar» (Imom Termiziy rivoyati)

Banda qachon Alloh taoloni eslasa, o'sha zahoti Alloh taolo ham uni eslaydi. Parvardigorni faqat boshga musibat tushganda emas, balki tinch va farovon kunlarda ham eslash kerak. Demak, Parvar­digorning nazariga tushishni istagan banda doimo Uni yodida tutmog'i lozim.

“Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman...” Ushbu oyati karimani sharhlab Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu bunday deydi: “Agar biror qavm Alloh taoloni zikr etish uchun yig'ilsa, zikr va tasbehlar aytsa, Alloh taolo ularnikidan ham aziz va ulug' joyda, ya'ni farishtalar davrasida ularni eslaydi. Agar biror qavm yig'ilib, u erda Alloh zikr qilinmasa, bu ular uchun qiyomatda hasrat bo'ladi” (Abu Lays Samarqandiy, “Bahrul ulum”).

Alloh taolo hadisi qudsiyda: “Bandam Meni xoslab eslasa, Men ham uni eslayman. Agar jamoat o'rtasida eslasa, Men uni ulardan ko'ra yaxshiroq bo'lgan jamoat orasida (ya'ni, farishtalar orasida) eslayman”, degan (Muttafaqun alayh)

Allohni eslash faqat tilda zikr qi­lish bilan cheklanmaydi. Balki Uning buyruqlariga amal qilish, toat-ibodatlarda bardavom bo'lish ham U Zotni eslash hisoblanadi.

Alloh taolo Qur'oni karimda Muso alayhissalomga: “Meni eslashing uchun namozni to'kis ado qil!” deb buyurgan (Toho surasi, 14-oyat). Zero, banda toat-ibodat va turli solih amallarni ado etayotganda Alloh taoloning rizoligini istashi, undan savob umid qilishi bilan Allohni zikr qilgan bo'ladi.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam «“Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman” oyatini: “Ey bandalarim. Meni taot-ibodat bilan eslanglar, Men ham sizlarni mag'firatim bilan eslayman”, deb tafsir qilganlar» (Imom Daylamiy rivoyati).

Alloh taoloni U Zotning ne'matlarini e'tirof etish bilan ham eslanadi. Banda o'zi bahramand bo'lib turgan ne'matlarni ko'rib fikr va mulohaza yuritsa, ularning barchasini Alloh taolo berayotganini tan olsa, albatta, unga shukr qiladi va beixtiyor “Alhamdulillah”, “Allohga shukr” degan zikrlar tiliga keladi.

Shuning uchun ham Alloh taolo oyatda bandalarini zikrga buyurish bilan bir qatorda “Menga shukr qilinglar, noshukrlik qilmanglar”, deb shukrga buyurmoqda. Shukr odatda biror in'om evaziga bo'ladi. Banda Allohning behisob ne'matlaridan bahramand ekan, albatta, ularning shukrini har qancha ado etsa ham, ozlik qiladi. Noshukrlik, hayotdan nolish iymoni sust kimsaga xosdir.

Ushbu oyatda Alloh taolo bandalarning ikki dunyosi obodligiga sabab bo'ladigan ikki muhim narsaga chaqirgan. Birinchisi, Allohning zikri bilan mashg'ul bo'lib, toat-­ibodatda bardavom bo'lish oxirat obodligi uchun sabab bo'lsa, ikkinchisi, ne'matlarning shukrini ado etib, non­ko'rlikdan saqlanish bu dunyoning obodligiga sababdir. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda: “...Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...” deb va'da bergan (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Inson umri davomida boshidan har xil sinovli kunlarni o'tkazadi. Ana shunday og'ir vaqtlarda mo'min banda uchun musibatlarni engib o'tishga eng yaxshi yordamchi, bu – namoz hamda sabrdir. Darhaqiqat, sabr tufayli banda Allohning nazariga tushadi, Uning himoyasi hamda ko'magiga noil bo'ladi. Zero, “Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”.

“Bahrul ulum” tafsiri asosida

Farg'ona shahar “Nur” jome

masjidi imom-xatibi

Jahongir TOShTYeMIROV

tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

25 iyundan oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga qabul boshlanadi

23.06.2025   9611   2 min.
25 iyundan oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga qabul boshlanadi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi 2025-2026 o‘quv yili uchun oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish sanalarini e’lon qiladi:


Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, 
Mir Arab oliy madrasasi, 
Hadis ilmi maktabi, 
Imom Termiziy nomidagi islom instituti va 
barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga 
2025 yil 25 iyundan 20 iyulgacha davom etadi.  


Oliy diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishni istagan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
  ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
 pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
 o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);

 

Xorijiy davlatlardagi diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan va mamlakatimizda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari) ham hujjat topshirishlari mumkin.

 

O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

 ta’lim muassasasi rahbari nomiga ariza;
 pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
 ma’lumoti to‘g‘risida attestat yoki diplom nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);
 chet tilini bilishi to‘g‘risidagi hujjat asl nusxasi (ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan chet tilidan boshqa tilda imtihon topshiruvchilar uchun). 


Ma’lumot o‘rnida: Oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining test sinovlarida ishtirok etishi uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Joriy yilda o‘qishni tamomlab, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlardan esa to‘lov undirilmaydi. 


2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz (https://t.me/qabulmuslimuz) telegram sahifasida kuzatib boring. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari