Bir necha oyati karimalarda zikrga targ'ib etilgan bo'lib, ko'p zikr qiluvchilarga mag'firat va ulug' ajrlar borligi bayon qilingan. Darhaqiqat, Allohni zikr qilish eng ulug' ne'mat va xayrli amallardan sanaladi.
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalarga: “Sizlarga amallaringiz ichida eng yaxshisi, Podshohingiz (Rabbingiz) huzurida eng maqtovlisi, darajalaringizni eng yuqoriga ko'taruvchi, tilla va kumushni infoq qilishdan ham yaxshiroq bo'lgan amalning xabarini berayinmi?” dedilar. Sahobalar: “Ha”, deyishdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Alloh taoloning zikridir”, deb javob berdilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Banda qachon Alloh taoloni eslasa, o'sha zahoti Alloh taolo ham uni eslaydi. Parvardigorni faqat boshga musibat tushganda emas, balki tinch va farovon kunlarda ham eslash kerak. Demak, Parvardigorning nazariga tushishni istagan banda doimo Uni yodida tutmog'i lozim.
“Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman...” Ushbu oyati karimani sharhlab Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu bunday deydi: “Agar biror qavm Alloh taoloni zikr etish uchun yig'ilsa, zikr va tasbehlar aytsa, Alloh taolo ularnikidan ham aziz va ulug' joyda, ya'ni farishtalar davrasida ularni eslaydi. Agar biror qavm yig'ilib, u erda Alloh zikr qilinmasa, bu ular uchun qiyomatda hasrat bo'ladi” (Abu Lays Samarqandiy, “Bahrul ulum”).
Alloh taolo hadisi qudsiyda: “Bandam Meni xoslab eslasa, Men ham uni eslayman. Agar jamoat o'rtasida eslasa, Men uni ulardan ko'ra yaxshiroq bo'lgan jamoat orasida (ya'ni, farishtalar orasida) eslayman”, degan (Muttafaqun alayh).
Allohni eslash faqat tilda zikr qilish bilan cheklanmaydi. Balki Uning buyruqlariga amal qilish, toat-ibodatlarda bardavom bo'lish ham U Zotni eslash hisoblanadi.
Alloh taolo Qur'oni karimda Muso alayhissalomga: “Meni eslashing uchun namozni to'kis ado qil!” deb buyurgan (Toho surasi, 14-oyat). Zero, banda toat-ibodat va turli solih amallarni ado etayotganda Alloh taoloning rizoligini istashi, undan savob umid qilishi bilan Allohni zikr qilgan bo'ladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam «“Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman” oyatini: “Ey bandalarim. Meni taot-ibodat bilan eslanglar, Men ham sizlarni mag'firatim bilan eslayman”, deb tafsir qilganlar» (Imom Daylamiy rivoyati).
Alloh taoloni U Zotning ne'matlarini e'tirof etish bilan ham eslanadi. Banda o'zi bahramand bo'lib turgan ne'matlarni ko'rib fikr va mulohaza yuritsa, ularning barchasini Alloh taolo berayotganini tan olsa, albatta, unga shukr qiladi va beixtiyor “Alhamdulillah”, “Allohga shukr” degan zikrlar tiliga keladi.
Shuning uchun ham Alloh taolo oyatda bandalarini zikrga buyurish bilan bir qatorda “Menga shukr qilinglar, noshukrlik qilmanglar”, deb shukrga buyurmoqda. Shukr odatda biror in'om evaziga bo'ladi. Banda Allohning behisob ne'matlaridan bahramand ekan, albatta, ularning shukrini har qancha ado etsa ham, ozlik qiladi. Noshukrlik, hayotdan nolish iymoni sust kimsaga xosdir.
Ushbu oyatda Alloh taolo bandalarning ikki dunyosi obodligiga sabab bo'ladigan ikki muhim narsaga chaqirgan. Birinchisi, Allohning zikri bilan mashg'ul bo'lib, toat-ibodatda bardavom bo'lish oxirat obodligi uchun sabab bo'lsa, ikkinchisi, ne'matlarning shukrini ado etib, nonko'rlikdan saqlanish bu dunyoning obodligiga sababdir. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda: “...Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...” deb va'da bergan (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Inson umri davomida boshidan har xil sinovli kunlarni o'tkazadi. Ana shunday og'ir vaqtlarda mo'min banda uchun musibatlarni engib o'tishga eng yaxshi yordamchi, bu – namoz hamda sabrdir. Darhaqiqat, sabr tufayli banda Allohning nazariga tushadi, Uning himoyasi hamda ko'magiga noil bo'ladi. Zero, “Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”.
“Bahrul ulum” tafsiri asosida
Farg'ona shahar “Nur” jome
masjidi imom-xatibi
Jahongir TOShTYeMIROV
tayyorladi.
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV