Bugun, 6 oktyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari Toshkent shahridagi “Ko'kcha Oqtepa” jome masjidida juma namozini jamoat bilan ado etdilar.
Juma namozi avvalida Muftiy hazratlari keksalarimizning borligi biz uchun ulkan baxt-saodat ekani, ularning qilgan duolari tufayli Alloh taolo bizlarni turli balo-ofatlardan saqlashi haqida go'zal ma'ruza qilib berdilar.
Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari manfaatli mav'iza davomida Islom insonlarni bir-biriga yaxshilik qilishga targ'ib etishi, bunda keksalarga yanada ko'proq e'tibor qaratish, ularning hurmatini joyiga qo'yish lozimligini alohida ta'kidladilar.
Shuningdek, har bir inson yaxshilik va solih amallar bilan yashab keksayishga harakat qilishi kerakligi, zero, hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Yo Rasululloh, odamlarning yaxshisi kim?” degan savolga: “Umri uzun, amali go'zal bo'lgan odam” deya javob berganlari bayon etildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi