Ilm – Alloh taoloning insoniyatga ato etgan bebaho ne'mati. Bu ne'matga musharraf bo'lganlar esa Alloh taolo aziz qilgan zotlardir.
Birinchi renessans davri bo'lmish birinchi ming yillikning so'nggi choragi va ikkinchi ming yillikning birinchi choragida diyorimizda ilmning deyarli barcha sohalarida ijod qilgan buyuk allomalar etishib chiqdi. Ulardan biri Zohid Buxoriydir (v. 546 h./1151 m.) U zotning to'liq ismi Muhammad ibn Abdurrahmon ibn Ahmad Abu Abdulloh Alouddin Buxoriy bo'lib, “Zohid” laqabi bilan tanilgan.
Abu Sa'd Abdulkarim Sam'oniyning aytishicha, Muhammad ibn Abdurrahmon faqih, muftiy, usuliy, mutakallim fozil zot bo'lgan. Olim ming juzdan iborat tafsir ta'lif qilgan1. Afsus, ushbu kitoblari bizgacha etib kelmagan. Zohid Buxoriy fiqhni Abu Nasr Ahmad ibn Abdurrahmon Riyg'zamuniydan o'rgandi.
U zot “Hidoya” asari sohibi Burhoniddin Marg'inoniyning ustozlaridan biridir. Marg'inoniy u zotni shayxlari qatorida zikr qilib, bunday degan: “O'zlari bilgan sahih hadislarni rivoyat qilishimga hamda o'zlari ijoza olgan va tasnif qilgan kitoblariga ijoza yozib berganlar”3.
Muhammad ibn Abdurrahmon Buxoriydan bizgacha etib kelgan yagona asar “Mahosinul islam va sharoi'ul islam” (Islom dini go'zalliklari va Islom shariati) kitobidir. Asarda Islom shariatida yo'lga qo'yilgan amallarning go'zal jihatlari bayon etiladi. Jumladan, iymon, namoz, ro'za, zakot, haj, nikoh va savdo, sulh, da'vo kabi fiqhiy boblarning har biriga to'xtalib, dunyoviy va uxroviy manfaatlari haqida so'z yuritilgan.
“Shuni bilingki, birodarlarim, din ilmini garchi Chinda bo'lsa ham talab qilmoq farzdir! Uzoq joydagi narsani talab qilgan kishiga, albatta, mashaqqat etishi aniq. Shunday ekan, avvalo, talab qilinayotgan narsadan etadigan manfaatni yaxshi bilib olish lozim. Shunda bu yo'ldagi mashaqqatni engish oson kechadi. Keksaygan chog'imda Islom shariati go'zalliklari haqida izlanishimga shu narsa turtki bo'ldi”, deydi muallif4.
So'ngra “Iymon kitobi” sarlavhasi ostida iymonning ruknlari bo'lmish til bilan iqror qilish, qalb bilan tasdiqlashning hikmatini sharhlashga o'tadi: “Tana a'zolari orasida eng sharaflisi (til)ni eng sharafli kalima (iymon kilimasi)ni aytish uchun ishlatish lozim. Chunki bu sizni ushbu a'zo bilan gapiradigan qilib qo'ygani evaziga Alloh taologa aytgan hamdingiz bo'ladi. Zero, U sizni beminnat yaratdi, rizq berdi va hidoyat bilan sharaflantirdi. Unga qiladigan ibodatingiz evaziga esa, sizga ko'p yaxshiliklar ato etishni va'da qildi. Agar Alloh bergan ne'matlarni sanasangiz, adog'iga eta olmaysiz...
Har gal ushbu kalom (iymon kalimasi)ni aytgan kishi farzni ado etganchalik savobga erishadi. Uni (orada) tark etsa, gunohkor bo'lmaydi. Agar uni ming yil kufrda yashagan odam bir marta aytsa, (kufr) tug'yonidan hech vaqo qolmaydi. Bas, shunday ekan, agar mo'min odam aytsa, albatta, uning nomai a'molidagi isyonlaridan hech vaqo qolmaydi. Demak, shirk uchun kafforat bo'lgan narsa ma'siyat uchun kafforat bo'lishi aniq”.
* * *
Ushbu mavzuda qalam tebratgan yana bir buyuk vatandoshimiz Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy (291 h./903 m.) bo'lib, u zotning ham “Mahosinush shari'a” (“Islom shariati go'zalliklari”) nomli asari bor.
Bundan qariyb ming yil oldin yozilgan bu ikki asarning bugungi kundagi ahamiyati juda yuqori. Sir emas, XXI asr madaniyatlar, urf-odatlar, hatto diniy qarashlar ham bir-biri bilan to'qnash kelayotgan murakkab davr bo'ldi. O'z madaniyati va e'tiqodida mustahkam tura olmagan jamiyat kishilari yot g'oya va madaniyatlarning qurboniga aylanmoqda. Jumladan, Islomga qarshi xurujlar ko'paydi. Bir tomondan Islom niqobi ostida ekstremistik va radikal toifalar dinimizni yomonotliq qilishga urinayotgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, Payg'ambarimiz alayhissalomga tuhmatchi karikaturalar nashr etish, Qur'oni karimni namoyishkorona yoqish kabi qabih harakatlar shaklida dinga hujum uyushtirilmoqda.
Buzg'unchi ekstremistu radikallar va ommaga Islomni olabo'ji qilib ko'rsatishga urinayotgan kuchlar – shayton lashkarlari, yolg'onchilar, axloqi buzuq behayolarga qarshi Islomning asl g'oyasi ezgulik ekanini tarannum etish, uning nomidagi tinchlik ma'nosidan tortib, shariat ahkomlari zamirida inson manfaati, uning dunyo va oxirat saodati yotganini bayon etib berish ayni muddao. Zero, “Jaholatga qarshi ma'rifat” shiori zamirida ham aynan shu maqsad yotibdi. Ushbu ezgu g'oyani samarali amalga oshirishda buyuk vatandoshlarimiz Zohid Buxoriy hamda Qaffol Shoshiyning yuqoridagi asarlaridan muhim manba sifatida foydalanishimiz lozim.
Homidjon qori IShMATBYeKOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari
Kuni kecha S.Mirziyoyeva hamda Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. (https://t.me/SShMirziyoyeva/2834) O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi islom dini asosida yotgan umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mazkur xalqaro tashkilotga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva har yili o‘tkaziladigan Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofotining 2026 yilgi hakamlar hay’ati tarkibiga kiritilganidan benihoya mamnun ekanini izhor etdi.
«Faqat birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan biz bu dunyoni yanada yaxshiroq qila olamiz», — deya ta’kidladi S.Mirziyoyeva.
Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofoti — dunyo taraqqiyotiga katta hissa qo‘shayotgan, inson huquqlari, tinchlik va adolat uchun kurashayotgan shaxslarga beriladigan, xalqaro darajada eng yuqori baholanadigan yuksak e’tiroflardan biridir.
Ushbu mukofot 2019 yilda Rim papasi Fransisk va Al-Azhar universiteti bosh imomi Ahmad At-Toyib o‘rtasida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuv sharafiga ta’sis etilgan bo‘lib, ular birgalikda insoniy birodarlik haqidagi hujjatni imzolagan edi.
BAA asoschisi marhum Shayx Zoid ibn Sulton Al-Nahayon nomi bilan ataladigan ushbu mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lib, sovrin puli ijtimoiy muammolarga yechim topayotgan, tinchlik va birdamlikka hissa qo‘shayotgan shaxslar va tashkilotlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Hakamlar hay’ati tarkibiga turli yillarda oliy martabali va nufuzli shaxslar kiritilgan, jumladan:
Doktor Uided Bushamaui, Janob Kaylash Satyartxi — tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohiblari; Katerin Samba-Panza — Markaziy Afrika Respublikasining sobiq prezidenti; Megavati Sukarnoputri — Indoneziyaning sobiq prezidenti; Irina Bokova — YUNЕSKOning sobiq bosh direktori; Rebeka Grinspan Mayufis xonim — BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) bosh kotibi; Avraam Kuper — AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi raisi.
2025 yildagi hakamlar hay’ati quyidagilardan iborat:
Makki Sall — Senegal va Afrika Ittifoqining sobiq prezidenti;
Xose Luis Rodriges Sapatero — Ispaniyaning sobiq bosh vaziri;
Ngozi Okonjo-Iveala — Jahon savdo tashkiloti bosh direktori;
Kardinal Piter Kudvo Appiah Turkson — Pontifik Fanlar akademiyasi va Pontifik Ijtimoiy fanlar akademiyasining maslahatchisi;
Patrisiya Skotland — Millatlar hamdo‘stligi bosh kotibi;
Muhammad Abdusalom — «Insoniy birodarlik» mukofoti bosh kotibi.