Halqaro bolalarni himoya qilish kuni — bu jahon jamoatchiligi fikrini bolalar huquqiga qaratish urush xavfidan himoyalash, bolalar salomatligini saqlash, ularga demokratik asosda tarbiya va ta'lim berish uchun kurashishga jalb qilish kunidir.
O'tgan asrning 50-yillaridan beri har yili yoz oyining birinchi sanasi xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida er kurrasi bo'ylab turli shiorlar ostida keng nishonlab kelinadi.
Biroq bunday ezgu kunning tashkil etilganiga yarim asrdan ko'p vaqt o'tgan bo'lsa-da, ayrim qit'alarda millionlab bolalar ochlik, turli kasalliklar, yashash va ta'lim olish sharoitlari yo'qligidan azob chekayotganligi, afsuski ko'z yumib bo'lmas haqiqat.
Lekin, bu bayram ona yurtimizda o'ziga xos tarzda nishonlanadi. Zero, o'zbek millatiga xos nodir ma'naviy qadriyatlar sarasidan bo'lgan bolajonlik, oilaparvarlik, mehr-muruv-vatlik fazilatlari alohida ajralib turadi.
Bunga birgina misolni keltirish bilan barchani e'tiborini qaratish mumkin. ikkinchi jahon urushi paytida ota-onasidan etim qolgan, uy-joyi vayron bo'lgan, yaqinlaridan ajralgan yuz minglab etimlar O'zbekiston bag'rida mehr-shafqat ko'rdilar.
Dono xalqimiz o'zining bir burda nonini ana shu bolalar bilan beminnat baham ko'rdi. Ularni ta'lim-tarbiya bilan parvarishlab, voyaga etkazib jamiyat a'zolariga taqdim etdilar.
Yosh avlod kamoloti, ta'lim-tarbiyasi yo'lida hukumatimiz, shaxsan Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan Farmon va qarorlar ijrosi yo'lida ta'limning birinchi bosqichi bo'lgan maktabgacha ta'lim tashkilotlariga alohida e'tibor berilmoqda. O'rta va oliy ta'lim tizimida ham islohotlar amalga oshirilib, o'qitish uslublari jahon talabiga moslashtirilmoqda.
Muqaddas dinimizda ham bu borada talaygina ko'rsatmalar berilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi sharifda bolalar va oilalarni yaxshilik qilishga o'rgatish hamda ularda chiroyli xulqni kamol toptirish zarurligi ta'lim berilgan.
U zot alayhissalom: “Bolalaringizga va oilala-ringizga yaxshilik qilishni o'rgatingiz va ularni odobli etib tarbiyalangiz”, – deganlar.
Shukrki, yurtimizda e'tibordan chetda qolgan bolaning o'zi yo'q. Barchaning ko'nglida bolalarga qarata mehr-muruvvat mujassam deb ayta olamiz.
Umrimizning bahor fasli bo'lgan yoshlik har birimizning qalbimizda quvonchli kunlari saqlanib qolgandek, bugungi bolalarning bayram kunlari ham quvonchlarga to'lsin.
Zero, bola kulsa, olam kuladi. Olam kulsa, u quvonchga to'ladi, bizlarning ona yurtimiz yanada gullab yashnaydi. Bolalarning beg'ubor qalblari doimiy yayrab-yashnayversin.
Anvarxon AKRAMOV,
Namangan shahar “Mulla Bozor Oxund” jome
masjidi imom-noibi
Zulhijja oyining 8 kuni “Tarviya kuni” deyiladi.
“Tarviya” deyilishiga sabab o‘sha kuni hojilar zam-zam suvidan qonib-qonib ichadilar.
“Tarviya” – “tafakkur” ma’nosida ham qo‘llaniladi. Chunki zulhijjaning sakkizinchi kechasida Ibrohim alayhissalom tushlarida o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilayotganlarini ko‘radilar va bu tush shaytoniymi yoki rahmoniy deya o‘sha kunni tafakkur bilan o‘tkazadilar. Shunga ko‘ra, bu kun “Tarviya – tafakkur kuni” deyiladi.
Mino lug‘atda – “orzu, istak” degan ma’nolarni bildiradi. Makka va Muzdalifa oralig‘idagi qishloqning nomi. Arablar odamlar to‘plangan joyni “mino” deb atashadi. Mino Masjidul-harom shimolidan 7 km. uzoqlikda joylashgan.
Bu yerda Ibrohim alayhissalom shaytonga tosh otganlar, qurbonlik qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham aynan shu joyda tosh otib, qurbonliklarini ado etganlar. Bu muqaddas makonda Nasr va Mursalot suralari nozil bo‘lgan.
Hojilar zulhijjaning sakkizinchi kuni bomdod namozidan so‘ng Minoga qarab yo‘l olishadi. Minoda tarviya kunining peshin, asr, shom, xufton hamda arafa kunining bomdod namozlari o‘qiladi. Keyin arafotga jo‘nab, o‘ninchi kuni yana Minoga qaytishadi va ikki kun shaytonga tosh otishni davom ettirishadi.
Minoda bajarilishi zarur bo‘lgan amallar haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Va o‘zlariga bo‘ladigan manfaatlarga shohid bo‘lsinlar. Ma’lum kunlarda ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlarini (so‘yishda) Allohning ismini zikr qilsinlar. Bas, ulardan yenglar va bechora va faqirlarga ham yediringlar. So‘ngra o‘zlaridagi kirlarni ketkazsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va “Qadimgi uy”ni tavof qilsinlar”, deganimizni esla» (Haj surasi, 28-29-oyatlar).
Ushbu oyatda Mino kunlari jamarotda tosh otish, qurbonlik qilish va soch oldirib ehromdan chiqish kabi amallarni ado etish ta’kidlanmoqda. Mino kunlari ushbu uchta amalni mukammal tarzda bajarish vojibdir.
Alloh taolo qilayotgan va qiladigan barcha solih amallaringizni O‘z dargohida qabul etsin. O‘zi kuch-quvvat bersin..
Davron NURMUHAMMAD