Ma'lumki, ilm ahllari bir-birlariga «domla-domla» deb doim murojaat qiladi, lekin ko'pchilik bu so'zning qanday paydo bo'lganligini to'g'ri izohlab bera olmaydi.
«O'zbek tili izohli lug'ati» 1-jildining 233-sahifasida «Domla – so'zlashuv tilida (og'zaki nutqda) qo'llaniladigan so'z, ibora, har qanday ilmli kishiga hurmat bilan murojaat etish formasi», deb yozilgan.
«Izohil lug'at»da domla so'zining domulla so'zidan kelib chiqqanligi ta'kidlanadi. Lug'atda domulla so'zi arabcha deb ko'rsatilgan va uning uch xil ma'nosi mavjud deb izohlanadi: 1) diniy maktab muallimi; 2) duoxonlik, issiq-sovuq qilish bilan shug'ullanuvchi shaxs; 3) o'rta va oliy maktab o'qituvchisi.
Domulla so'zi «do+mulla»dan iborat bo'lib, katta mullaga to'g'ri keladi, degan fikrlar ham bor. Bunda «do» xitoycha katta degan ma'noni bildiradi, deb izohlanadi.
Ma'lumki, xitoy tili asosida so'z paydo bo'lishi o'zbek tilida juda kam uchraydi. Buning ustiga tarqalish ko'lami va ma'no xillari ko'p bo'lgan domulla so'zining xitoycha asosida paydo bo'lish ehtimoldan ancha uzoq. Tarixiy jarayonga nazar tashlasak, o'zbek tiliga forscha va arabcha so'zlar ko'p o'tgan. Hitoy bilan savdo va aloqalar bo'lsada, ammo til va urf-odatlar aralashuvi ro'y bermagan. Faqat ayrim so'zlargina xitoy tilidan o'zbek tiliga o'tgan: lag'mon (uzun xamir), mantu (yumaloq xamir), chinni (xitoy piyola) kabi.
Dada mulla iborasining asli forscha. Uning tarkibidagi «dada» so'zi o'zbekcha bo'lib, ota demakdir, ammo mulla o'zbekchaga o'tgan arabcha so'z bo'lib, undan forsiy shaklda dada mulla birikmasi shakllangandir. Bu ibora turkiy tillar qonuniyatiga moslashib, o'zbek va unga yaqin turkiy tillarda qisqarib domla yoki domulla shaklida qabul qilingan.
Dada mulla birikmasini forscha-tojikcha asos deyishimizning boyisi shundaki, Samarqand-Buxoro tipli tojik shevalarida aka mulla, xola mulla, biyi mulla, uka mulla kabi birikmalar ko'p ishlatiladi.
Qisqartirib domla yoki domulla ko'rinishida so'zlashuv jarayonida ishlatish o'zbek tili va unga yaqin turkiy tillar uchun xarakterli desak xato bo'lmaydi.
«Iboralardan so'z yasash yoki so'zlarning o'zini ixchamlashtirishni lingvistikada tejash printsipi deyiladi. So'z o'rtasida tovushlarning tushib qolishi «tortilish» deyiladi. Muhammadamin – Madamin singari» (Rustamov A. So'z xususida so'z. Toshkent, 1987).
O'zbek so'zlashuv nutqida qo'llaniluvchi domla, domoulla so'zi o'rnida tojik tilida o'rta va oliy maktab o'qituvchilariga nisbatan muallim so'zi qo'llaniladi. Bu ham dada mulla birikmasi, garchi forsiy shaklda bo'lsa ham, o'zbek so'zlashuv nutqi tarkibida yaratilganligidan dalolat beradi. Shuningdek, ruscha-arabcha lug'atda ham domulla so'zi uchramaydi, prepodovatel so'zi mudarris, muallim, ustoz deb berilgan. Bu fakt ham domulla o'zbekchada dada so'zi asosida paydo bo'lganligining yana bir dalilidir. Arab talabalari domla so'zi o'rnida ustoz so'zini qo'llaydilar.
Agar domulla so'zi o'zbek tiliga arab tilidan o'tgan so'z bo'lganda edi «Navoiy asarlari lug'ati»da keltirilishi lozim edi. Afsuski, ushbu lug'atda domulla, domla so'zlari uchramaydi.
Ayrim tadqiqotchilar domla so'zi dada mavlono birikmasidan kelib chiqqanligini ta'kidlaydilar.
Dada mavlono iborasi domla, domulla so'zlarining asosi bo'la olmaydi, chunki mavlono, mulla so'zlari qo'llanish doirasi, ma'no noaniqliklari bilan bir-birlaridan farqlanadi (Navoiy asarlari lug'ati, II. - Toshkent, 1993, 189-bet).
Hulosa qilib aytganda, domla (domulla) so'zi haqida quyidagilarni aytish mumkin:
1. Domla so'zlashuv nutqi uslubida ishlatiladigan so'z bo'lib, yozuvda domulla shaklida yoziladi va o'qiladi.
2.Domulla so'zi doda mulla birikmasining qisqargan domulla shakli sanaladi. Bunda dada so'zining dialektal shakli dodadan do qismi olingan da qism esa qisqaruvga uchrab tushirilgan.
3. Domla so'zini paydo qilgan doda mulla birikmasi shaklan forsiy, mazmunan uning birinchi qismi turkiy, ikkinchisi arabiy bo'lgan o'zbekcha so'zdir.
Shularni hisobga olgan tarzda «O'zbek tilining izohli lug'ati» (1, 233-bet)da domulla so'zining arabcha deb izohlanishiga qo'shilib bo'lmaydi. Uni arabiy emas, turkiy so'z deyish o'rinlidir.
Bozorboy O'rinboyev,
Filologiya fanlari doktori, professor (1994)
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Jahon tibbiyot jurnallarida (Annals of Internal Medicine, The British Medical Journal) chop etilgan yirik ilmiy tadqiqotlarda surrogat onalikning sog‘liq uchun bir qancha salbiy tomonlari isbotlangan.
Ilmiy kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, surrogat onalarda homiladorlik va tug‘ruq asoratlari oddiy ayollarga nisbatan 3 baravar yuqori bo‘ladi. Qolaversa, tug‘ruqdan keyin bachadondan kuchli qon ketishi va infeksiya tushish xavfi sezilarli darajada ortadi.
Surrogat onaning organizmi o‘ziga mutlaqo begona bo‘lgan (genetik aloqasi yo‘q) embrionni qabul qilgani sababli, immun tizimi reaksiya beradi. Buning natijasida qon bosimining xavfli darajada ko‘tarilishi ko‘p kuzatiladi.
Surrogat homiladorlikda jarrohlik amaliyoti orqali tug‘ruq ko‘p hollarda oldindan rejalashtiriladi, bu esa ichki a’zolarning chandiqlanishiga va bachadon yirtilishi xavfiga olib keladi.
Embrion bachadonga o‘rnashishi uchun surrogat onaga juda ko‘p miqdorda sun’iy gormonlar yuboriladi. Bu jigar, buyrak faoliyatiga zarar yetkazadi.
Surrogat onalikda bolalar ko‘pincha 37-haftaga yetmay, vaqtidan oldin tug‘iladi. Chala tug‘ilish oqibatida go‘daklarning vazni normadan past bo‘ladi va ularning o‘pka hamda boshqa a’zolari to‘liq rivojlanmaydi.
Ilmiy jihatdan bola surrogat onaning genini olmasa ham, homiladorlik davrida surrogat onaning turmush tarzi, stresslari va sog‘lig‘i bolaga bevosita ta’sir qiladi.
Bola tug‘ilgan zahoti uni 9 oy davomida ko‘tarib yurgan, yurak urishini eshitib o‘sgan onasidan (surrogat onadan) ajratib olinadi. Bu chaqaloq uchun ham, tuqqan ayol uchun ham kuchli ruhiy stress (psixologik jarohat, trauma) keltirib chiqaradi.
Germaniya, Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Norvegiya, Avstriya, Shveysariya, Finlyandiya, Estoniya, Slovakiya, Xitoy, Yaponiya kabi davlatlarda bu amaliyot qonunan taqiqlangan. Ispaniyada hatto xorijga borib surrogat ona xizmatidan foydalanish ham jinoyat sanaladi.
Islom shariatida surrogat onalik (xoh u pul evaziga bo‘lsin, xoh bepul) qat’iyan taqiqlangan va harom sanaladi. Bu bo‘yicha Butunjahon Islom Fiqhi Akademiyasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasining fatvolari mavjud.
Davron NURMUHAMMAD