Shu yil 3 iyun' kuni Makka shahridagi Abroj Dana mehmonxonasida farg'onalik ziyoratchilar bilan ma'rifiy suhbat bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, “Qur'on va tajvidni o'rgatish” bo'limi mudiri Shayx Alijon qori Haydarov, Fatvo markazi direktor o'rinbosari G'ulomiddin domla Holboyev hamda ellikboshi va ziyoratchilar ishtirok etdi.
Ulamolarning haj ibodati va odoblari, komil mo'minning axloqi va ajdodlarimizning ibratli hayotlari asosidagi suhbatidan ziyoratchilar bahramand bo'ldi.
Bunday muloqotlar Sirdaryo viloyatidan tashrif buyurgan ziyoratchilar uchun ham tashkil etilmoqda. Navbatdagi ana shunday suhbatda Toshkent shahridagi “Siroj Solih” masjidi imom-xatibi Hasan domla Qodirov sirdaryolik hojilarga hajning arkonlari haqida mav'iza qilib berdi.
4 iyun' kuni Andijon viloyat bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov Makka shahrida bo'lib turgan ziyoratchilar bilan ma'rifiy uchrashuv o'tkazdi. Unda Mirzamaqsud domla ziyoratchilarga shukronalik hissi, vaqtning qadriga etish, ibodat masalalari kabi mavzularda go'zal ma'ruzalar qilib berdi.
Mazkur ma'rifiy suhbatlarda ziyoratchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, minglab xatmi Qur'onlar bag'ishlanib, xayrli duolar qilindi.
Bunday ma'rifiy suhbatlar davom etmoqda. 




O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati