Insonning oilasi tinch, yashab turgan manzil-makoni osoyishta ekan unga oilaning ravnaqi, farzandlarining ta'lim-tarbiyasi, kelajagi va istiqboliga olib boruvchi barcha omillarga muyassar bo'lajak. Bundan tashqari jamiyatda hayot kechirayotgan odamlarning o'zaro bir-birlariga bo'lgan ishonch va sadoqatlari, mexr-muruvvatlarining samimiy bo'lishi asosan xotirjam bo'lishlikka bog'liqdir. Shu ma'noda Payg'ambarimiz (sollallohu alayxi va sallam) hadislarining birida tinchlik xotirjamlik eng katta ne'mat ekanligini ta'kidlab: "Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar, u-xotirjamlik va sihat-salomatlikdir"-deganlar. Demak insonlar uchun xavodek zarur sihat-salomatlik va tinchlik-osoyishtalik ne'matlarning qadr-qimmatiga o'ta ahamiyat berish kerak ekanligini xadisi sharifda ta'kidlanmokda.
Ammo, besh panja bir bo'lmaganday, odamlarning ba'zilari qalb xastaligiga uchrab, Yurtimiz ravnaqini ko'ra olmaslik illatiga chalinganlarni borligi kishining afsuslantiradi. Ular xar xil ko'rinishda bo'lishi, xususan diniy okimlarga mansub bo'lishi kishini xavotirga soladi. Vaxolangki, Alloh taolo o'zining kalomida, "Oli Imron" surasining 103-oyatida "(Ey musulmonlar), Allohning arqoniga (diniga) bog'laningiz va bo'linmangiz!" deb xitob qiladi. Demak, barcha mo'min-musulmonlar sof aqida va e'tiqodga ishonib bizlargacha joriy bo'lib kelgan to'g'ri yo'ldan adashmasligimizni ta'kidlamoqda.
Zero, dinda adashish, noto'g'ri aqidalarga ergashish mukaddas dinimizni ko'rsatmalarini inkor qilishlik bo'lib, natijada insonning o'ziga va o'zgalarga zulm qilishligiga sabab bo'ladi. Oli Imron surasi, 108-oyatda "Alloh olamda hech qanday zulmni bo'lishini xohlamaydi" –deyilgan.
Yuqoridagi ilohiy dalillardan zulm va yomonlik Alloh qaytargan va qilinishi mumkin bo'lmagan tuban amal ekani ko'rinib turibdi.
Haqiqatda islom dini xar qanday sharoitda ekstremistik xarakatlarning zulm keltiruvchi xarakatlarni amalga oshirishiga mutlako qarshi. Purma'no insonparvarlik ta'limotlari o'zida ifoda qilgan dinimiz bo'la turib afsuski, Alloh taoloni ulug' ne'mati bo'lmish tinchlikdan xamma ham barobar bahramand emas. Chunki dunyoni turli burchaklarida qon tukilishlar sodir bo'lmokda. Bu xunrezliklarni dunyo bo'ylab amalga oshirilishi terroristik kuchlarning mukaddas islom dini niqobi ostida sodir etishi sir emas.
Bunday buzg'unchilikdan Kur'oni karimda: "...Alloh bog'lanishga buyurgan narsalarni buzadigan va er yuzida buzg'inchilik kilib yuradigan kimsalar xam borki, ular uchun (Allohdan) la'nat bo'lur va ular uchun noxush diyor (jaxannam) bordir"- deb qaytarilgan. (Ra'd surasi, 25 oyat)
Achinarli tomoni shundaki, ular dinni niqob kilib olgan, uning mohiyatini o'z manfaatlari yo'lida buzib talqin qilayotgan jinoyatchi, qallob, adovat va nizo urug'ini sochayotgan kimsalarning buyruqlarini ijro qilayotganlarini o'zlari xam bilmaydilar. Alloh bo'linmanglar desa, nega musulmonlar bo'linib ketyapti degan tashvishli savol ma'rifatli musulmon kishisida paydo bo'lishi tabiiydir. Shundan kelib chikib xar bir mo'min musulmon kishi bo'linish yomonligini anglab etishi lozim. Zero, bo'linmaslik ahli sunna val jamoa yo'lini tanlash va unga ergashish imon amridir. Ma'lumki, keyingi davrda, paydo bo'layotgan Islom nomi bilan bog'liqligi aytiladigan, lekin aslida musulmonlarning oralariga tafriqa soladigan toifalar bizning yurtimizga begonadir.
Hozirgi kunda yurtimizga uzoq va yaqin ayrim mamlakatlarda bo'layotgan notinchliklarni qoralaymiz, tez kunlarda tinchlik xotirjamlik va ofiyat ne'matidan baxramand bo'lishliklarini Allox taolodan so'raymiz.
Yurtimizdagi omonlik va ofiyat ne'matlari bardavom bo'lsin.
Abdumalik Jo'rayev,
Uychi tumani “Hudoyberdi eshon” jome
masjidi imom-noibi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati