Yaxshilik, xayr-saxovat, mehr-oqibat, silai-rahm kabi ulug' fazilatlar doimo insonga ziynat bo'lib kelgan. Bunday olijanob xislatlarni o'zida mujassam eta olgan insongina el-yurtning og'irini engil qila oladigan fazilatli shaxs hisoblanadi. Binobarin, inson ezgulik yo'lida sa'y-harakat qilsa, umriga, rizqiga baraka kiradi, hayoti osuda, qalbi xotirjam bo'ladi.
Sahovat – bu ikki toifa o'rtasini bog'lovchi, ularni ulfat qiluvchi va har ikkisini dunyo imtixonidan yaxshi o'tishga yordam beruvchi amallardan biridir. Qur'oni karimning ko'plab oyatlarida odamlarga infoq-ehson qilish, ya'ni sahovat haqida gap ketadi. Alloh yo'lida qilinadigan sadaqa va ehsonlarning fazilati to'g'risida Qur'onda shunday deyilgan:
“Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambag'allarga pinhona bersangiz – o'zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o'tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”. (Baqara surasi, 271-oyat)
Hayr-ehsonning barcha ko'rinishlari, xoh u nafl bo'lsin xoh farz bo'lsin, barchasi gunohlarning o'chirilishiga sabab bo'ladi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...Suv olovni o'chirganidek, sadaqa gunohlarni o'chiradi», dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati).
Demak sadaqani xoh oshkora xoh yashirinchi bersin, niyati xolis bo'lsa, sadaqaga va'da qilingan mukofotga ya'ni gunohlarining kechirilishiga erishadi. Ulamolar sadaqani insonning imoni borligini tasdiqlovchi amal deyishgan. Chunki xayri ehson qiluvchi kishi o'ziga begona bo'lgan va hech ham manfa'at kelmaydigan odamga imkonidan kelib chiqib bir narsani beradi. Abu Molik Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sadaqa hujjat va dalildir (ya'ni imoni borligiga)», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Hayr-ehson faqat moddiy mablag'lar bilan bo'lmaydi. Ya'ni ehsonning ma'naviy turlari ham bo'ladi. Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam)marhamat qilib aytdilar:
“Har bir musulmon kishisi sadaqa-ehson qilmog'i lozim. Sahobalar savol qilib so'rashdi: Ey Allohning Rasuli! Agar sadaqa qilishga biror narsa topa olmasa nima qiladi? Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Qo'li bilan mehnat qiladi, o'ziga ham foyda keltiradi va sadaqa ham qiladi. Ular so'rashdi: Ey Allohning Rasuli! Agar bunga qodir bo'lmasa, nechora qiladi? Ul zoti sharif dedilar: Qiynalgan, muhtoj kishiga yordam qiladi. Sahobalar savol berishdi: Ey Rasululloh! Agar buni ham qila olmasa nima qiladi? Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam javob berib aytdilar: “Yaxshilikka yoki xayriyatga yo'llaydi” Sahobalar so'rashdi: Buni ham qila olmasa-chi,? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytdilar: “O'zini yomonlikdan tiyadi, shu narsa undan sadaqa bo'ladi”.
Yana bir hadisi sharifda, Navos ibn San'on Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bu kishi Rasulullohdan sollallohu alayhi va sallam yaxshilik va yomonlik haqida so'radi. Shunda u zot: «Yaxshilik – husni xulq, yomonlik – yuragingni g'ash qiladigan va odamlar ko'rib qolishini yoqtirmagan narsang», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Lekin sarf-xarajat va xayr-ehson qilishda ham isrofga yo'l qo'ymaslik lozim bo'ladi. Alloh taolo Qur'oni karimda infoq ehsonni mo''tadil qilgan bandalarini maqtab shunday degan:
“Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo'llari) buning o'rtasida – mo''tadildir” (Furqon surasi, 67-oyat).
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham hadislarining birida: “Yenglar, ichinglar, kiyininglar va sadaqa qilinglar, isrof va maqtanchoqlik qilmagan holda” (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, ehson qilishning ham me'yori bor ekan.
Shunday ekan Alloh taolo hayotimiz va rizqimizni farovon aylab, isrofgarchilikka yo'l qo'yishdan va uning balolaridan O'z panohida asrasin va barchalarimizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo'lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi sahovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin, hidoyat yo'lida sobitqadam qilib, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!
Ma'rufxon ALOHODJAYeV,
Namangan shahar “Abdulqodir qori”
jome masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, “Haj” va “Umra” safarlarini tashkil etish va ziyoratchilarga qulay sharoitlar hozirlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xabar berganimizdek, mamlakatimizda haj mavsumi joriy yil 13 may kunidan boshlandi. (https://t.me/muslimuzportal/41370)Ayni kunlarda Madinai munavvarada ibodatlarini nihoyasiga yetkazgan yurtdoshlarimiz birin-ketin Makka shahriga yo‘l olmoqdalar.
17 may kuni navbatdagi ziyoratchilar Makkai mukarramaga shinam avtobuslarda yetib keldi. Bo‘lg‘usi hojilarga muqaddas shahardagi “Abroj Dana” va "Vafaq al-Saha" mehmonxonalarida zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar, gullar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom qilindi.
Mana shunday iltifotlardan ko‘ngillari ko‘tarilgan yurtdoshlarimiz Alloh taologa cheksiz shukronalar aytib, ularga bo‘lgan katta ehtirom va e’tiborni nafaqat mamlakatimizda, balki olis Makka shahrida ham chin dildan his etishdi.
Shu kunlarda ushbu muqaddas shaharda toat-ibodatlarini ado etayotgan yurtdoshlarimiz har qadamda davlatimizning g‘amxo‘rligini his qilib, o‘z duolarida yuritimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilamoqdalar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati