- Dam olish kunlari farzandlaringizni mashinangizda sayrga olib chiqing.
- Farzandlaringiz bilan birgalikda turmush o'rtog'ingiz uchun kutilmagan sovg'a tayyorlang.
- Dam olish kunlari iloji boricha vaqtingizni farzandlaringiz bilan o'tkazing.
- Oilaviy suratlar olishga odatlaning. Har bir surat tagiga surat olingan sana va suratdagilarning ismini yozib qo'ying. Yillar o'tgach mana shular asosida farzandlaringiz atrofdagi qarindosh-urug', yoru do'stlarni yaqindan taniydilar.
- Farzandingizga kartochkalardan birini tanlashni taklif qiling. Ularga quyidagilar yozilgan bo'lsin: “Oilaviy tushlik qilish”, “Dadajon bilan birga o'yin o'ynash”, “Oyijon bilan bozorga borish”, “Bobo-buvilarnikiga mehmonga borish” va hokazo.
- Farzandingizni yaxshi ko'rishingizni anglatuvchi holatda suratga tushing.
- Farzandingiz bilan daryo yoki dengiz bo'yida sayr qiling.
- Oilangiz davrasida barchaga birdek yoqadigan kuy yoki qo'shiq tinglang.
- Biror tele yoki radiokanal orqali farzandlaringizga tabrik yo'llang.
- Havo sharida uchish, dengizda suzish kabi sayohat uyushtiring.
- O'quv yilining birinchi kunida, albatta, kichik farzandingiz bilan maktabiga boring va sinf xonasiga kuzatib qo'ying.
- Farzandlaringiz bilan biror joyga chiqib quyosh botishi yoki chiqishini kuzating.
- Oila davrasida farzandlaringiz bilan qilgan o'zaro suhbatingizni videoga oling va esdalik uchun saqlab qo'ying.
- Farzandlaringizga bolalikdagi do'stlaringiz, ular bilan bo'lib o'tgan qiziqarli voqealar haqida gapirib bering.
- Ota-onangizdan eski uslubdagi o'yinchoq yasab berishlarini so'rang. Ular bolalik davrlarida qanday o'yinlar o'ynashganini aytib berishlarini iltimos qiling.
- Oilaviy barcha suratlaringizni al'bomga joylang. Har bir suratni joylayotganingizda surat bilan bog'liq bo'lgan xotiralaringizni ularga gapirib bering. Oilaviy al'bomingizni farzandlaringiz bilan tez-tez ko'rib turing. O'tib ketgan insonlarni xotirlang.
- Hafta mobaynida farzandlaringizning har biri uchun xos bir vaqt belgilab qo'ying. Agar imkoniyatingiz bo'lsa, ularni har biri bilan o'sha vaqtda alohida suhbatlashing.
- Kichik yoshdagi farzandlaringiz bilan qiziqarli o'yinlar tashkil qiling. Muhimi, o'rtangizda mehr-muhabbat hosil bo'lsin.
- Ota-onangiz sizni tarbiya qilishda qo'llagan go'zal tarbiya usullaridan siz ham foydalaning.
- Kichik qog'oz bo'laklariga turli xil vazifalarni yozing. Farzandlaringiz ularning orasidan birortasini tanlasin. Vazifalar sodda va maroqli bo'lsin. Misol uchun: oila a'zolari bilan birgalikda sharbat ichish; televizor ko'rish; yaqinlar bilan telefon orqali bog'lanib hol-ahvol so'rashish va hokazo.
Davomi bor...
Abdulloh Muhammad Abdulmu'tiyning "Mehr oyi" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Hikmatulloh Ro'zaliyev tarjimasi.