Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi:
«... Ma'lum kunlarda Allohning nomini zikr qilinglar», (Haj surasi, 28-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhu «Ma'lum kunlar»ni zulhijjaning avvalgi o'n kuni, deganlar.
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mana bunda (ya'ni, zulhijja oyining avvalgi o'n kunida) qilinganidan-da afzalroq amal yo'q», dedilar. Shunda sahobalar: «Alloh yo'lidagi jihoddan hammi?» deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha, deb, «lekin bir kishi moli va nafsini xatarga qo'yib ko'chaga chiqsayu, hech bir narsa bilan qaytmasa, ana o'sha afzaldir», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Imom Termiziyning rivoyatida: «Solih amallar qilingan kunlar ichida zulhijja oyini o'n kunidan ko'ra Allohga mahbubroq kun yo'qdir», dedilar, deb keladi.
Abdulloh ibn Abdurahmon Doramiyning «Musnad»larida rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Zulhijja oyining o'n kunidagi amaldan ko'ra afzalroq amal yo'qdir», deganlarida, «Jihoddan hammi?» deyishdi. (Roviy hadisni oxirigacha zikr qilgan.)
Amr ibn Shuayb otalaridan, otalari bobolaridan rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Duolarning yaxshisi arafa kunidagi duodir. Men va mendan oldingi payg'ambarlar aytgan kalimalarning yaxshisi
«Laa ilaha illallohu vahdaxu laa shariyka lah, lahul mulku va lahul hamdu va huva 'ala kulli shayin qodir», deb aytishdir», dedilar».
Termiziy zaif isnod bilan rivoyat qilganlar.
Imom Molikning «Muvatto»larida esa: «Duolarning afzali arafa kunidagi duodir. Men va mendan oldingi payg'ambarlarning aytgan kalimalarining afzali «Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lah» dir», deb kelgan.
Imom Molik bu hadisni mursal holatda lafzida noqislik bilan rivoyat qilganlar.
Solim ibn Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu arafa kuni bir tilanchi odamlardan tilanib yurgani ko'rib: «Ey ojiz, bu kunda Allohdan boshqadan ham so'raladimi?» dedilar.
Shu yil 5 iyun kuni - hijriy zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni ziyoratchilarimiz Mino vodiysidan erta tongdan guruh-guruh bo‘lib zamonaviy avtobuslarda Arafot maydoniga yetib kelishdi. Ushbu muborak joyda hamyurtlarimiz uchun alohida ajratilgan joyda barcha tayyorgarliklar hozirlab qo‘yilgan.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Alloh taolo barcha hojilarning hajlarini mabrur, elu yurt haqqiga qilgan duolarini qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati