Yurtimiz ziyoratchilariga har yili dinimizning beshinchi ruknini mukammal ado etishlari uchun ruhiy, ma'naviy va tibbiy xizmatlar ham yuqori darajada tashkil etiladi.
Iqlimi quruq issiq bo'lgan muborak zaminga uzoq masofadan kelgan hojilar guruhlariga tibbiy xizmat ko'rsatish nihoyatda zarur. Chunki sog'lik bo'lmasa, ibodatda xotirjamlik ham bo'lmaydi. Bemorlik esa muqaddas diyorda o'tayotgan qimmatli vaqtga ta'sir o'tkazadi. Ana shundan kelib chiqib, ziyoratchilarning salomatligini saqlash orqali ularning haj amallarini chiroyli va go'zal shaklda bajarishlariga ko'mak beriladi.
Hojilarning sog', tetik va bardamliklari, avvalo, ularning o'zlari, shuningdek, tibbiyot xodimlari mas'ul. Shu bois hukumatimiz topshirig'i bilan 15.000 ziyoratchiga ularning sog'liqlarini doimiy kuzatib borish uchun 50 nafar oliy toifali shifokor hamrohlik qiladi. Har bir aviaqatnovga shifokorlar ajratiladi va ona Vatanga etib kelguncha hojilarimizning sog'ligidan xabar olib turadi.
Tibbiyot xodimlari hojilarga tunu kun xizmatda bo'ladi. Har kuni ularning sihatlarini ko'zdan kechirib, kerakli yordam, maslahat va dori-darmonlar beradi. Zarurat tug'ilganda ziyoratchining xonasiga borib ham yordam ko'rsatishadi.
Shifokorlar jamoasida kardiolog, reanimatolog, travmatolog, epidemiolog, anesteziolog, stomatolog, lor, endokrinolog, xirurg, urolog va akusher-ginekolog kabi mutaxassislar ham o'rin olgan. Ular orasida 5 nafari fan doktori, bulardan 3 nafari professor va 7 nafari fan nomzodi ilmiy darajalariga egadir.
Ushbu tibbiyot xodimlari Makka shahrida ziyoratchilarimiz istiqomat qiladigan 7 ta mehmonxonada xizmat qiladilar. Shulardan uchtasida ayol-erkakka ajratilgan alohida statsionar, to'rttasida tibbiyot punktlari tashkil etilgan va 4 ta tez yordam mashinasi xizmat qilmoqda. Ayrim yo'nalishlar bo'yicha alohida xizmat ko'rsatish xonalari va asbob-uskunalar bilan ta'minlangan. Masalan, stomatolog xonasida tishni davolash, plombalash, singan va ko'chgan tishlarni elimlash, jarrohlik amaliyotini ko'rsatish, tish olish uchun barcha sharoitlar hozirlangan. Hatto hir bir jihoz stirellangan, yaroqlilik muddati bir oydan uch oygacha bo'lgan maxsus qutilarda olib kelingan.
Mazkur tibbiy xizmat markazlarida bir vaqtning o'zida jami 80 nafar bemor yotib davolanishi mumkin. Shuningdek, ularda muolaja uchun kerakli jihozlar va shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Ayniqsa, barcha turdagi kasalliklarga birinchi yordam ko'rsatish uchun mamlakatimizdan etarli darajada dori-darmonlar olib borilgan.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, haj ibodatining eng asosiy ruknlari ado etiladigan Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylaridagi chodirlarda mana shunday tibbiyot markazlari xizmat ko'rsatadi.
O'tgan yillarda Saudiya Arabistoni Sog'liqni saqlash vazirligi o'zbekistonlik ziyoratchilar uchun tashkil etilgan Makka va Madina shaharlaridagi tibbiyot markazlari faoliyatiga yuqori baho bergan hamda nufuzli tadbirlarda O'zbekiston tibbiyot guruhi munosib taqdirlangan. Bu O'zbekiston shifokorlari jamoasi mehnatining yuksak e'tirofidir.
Shu o'rinda malakali shifokorlarimizning hojilar salomatligini saqlash borasidagi tavsiyalarini taqdim etamiz:
- Haj safariga tayyorgarlik davrida bakteriyali va virusli kasalliklarga qarshi preparatlar bilan emlanish;
- yuqori jismoniy va hissiy zo'riqishlarning oldini olish maqsadida haj arkonlari, ibodatlar, dam olish va uyqu tartibini mo''tadil taqsimlash;
- qizib yoki terlab turganda sovuq suv ichishdan tiyilish;
- istiqomat joylarida sovutgichlardan to'g'ri foydalanish, xususan, xonalarni hech kim yo'qligida sovutish, sovutgich ishlatganda elvizakdan saqlanish;
- yopiq xonalarda ko'pchilik bo'lib to'planishdan, tik tushayotgan quyosh nurining ostida ko'p vaqt qolmaslik, soyabondan foydalanish;
- ovqatlanish tartibiga rioya qilish, suyuq ovqatlar, sutli taomlar, sabzavotlardan eb turish;
- Hajdan oldin davolovchi shifokor bilan maslahatlashish, surunkali kasaliklari borlar yozib berilgan dori-darmonlarni ichib yurish;
- ginekologik kasalliklari bo'lgan ayollar jismoniy va ruhiy zo'riqishdan saqlanish va ginekolog bilan maslahatlashib turish.
- Mino va Muzdalifada havo haroratining pasayib ketishi, havo haddan tashqari dim va chang bo'lgani uchun tunda yopinish uchun ko'rpa yoki choyshab tayyorlab qo'yish.
Haj mavsumi davomidagi shifokorlarning tunu kun qilayotgan mehnatlari haqiqiy fidoyilik namunasidir. Ular ziyoratchilar salomatligi yo'lida bor kuch va mehnatlarini safarbar qilib, chinakam qahramonlik bilan bemorlar dardiga malham bo'ladilar.
Alloh taolo shifokorlarning o'z kasblariga sadoqat bilan qilayotgan mana shunday mashaqqatli mehnatlariga ulug' ajru mukofotlar ato etsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonning Boku shahrida yangi qurilib foydalanishga topshirilgan elchixonasiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tashrif doirasida O‘zbekiston elchisi Baxrom Ashrafxonov va Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida shakllangan yaqin do‘stlik va samimiy qardoshlik munosabatlari ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatlarimiz rahbarlarining Bokudagi yangi elchixona binosining ochilish marosimida ishtirok etishi davlatlararo yaqin aloqalar ramzi sifatida muhimligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavallud kuni munosabati bilan Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda o‘zining tabrik maktubi topshirdi.
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi o‘z tabrigida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz ravnaqi, uning xalqaro nufuzini mustahkamlash, O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida barqaror, ishonchli va qardoshlik munosabatlarini shakllantirishdagi beqiyos rolini alohida ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlagan siyosati tufayli O‘zbekiston ishonch bilan rivojlanib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
Elchixonaning yangi binosi bilan tanishgan Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda diplomatik missiya xodimlariga ezgu tilaklarini bildirdi.
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shuningdek, elchixonaning Faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.
"Dunyo" AA